COVID-19 ga qarshi mRNK vaksinalari saraton bilan kurashayotgan ayrim bemorlarning umrini uzaytirib, kasallikni davolashda samarali bo‘lishi mumkin. Bu haqda so‘nggi o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga tayanib, The Japan Times xabar berdi.

 — Manba: «Daryo» nashri.

Olimlar mazkur xulosaga pandemiya davrida mRNK vaksinasi olgan va olmagan saraton bemorlarining natijalarini solishtirish orqali kelgan. Tadqiqot hali rasmiy tasdiqlanishi lozim, biroq dastlabki natijalar shunchalik aniqki, olimlar bu yo‘nalishda tezroq qo‘shimcha izlanishlar o‘tkazish kerakligini aytmoqda. Vaksinalarning keng tarqalganligi, arzonligi va dorixonalarda mavjudligi ularni saratonga qarshi potentsial samarali vositaga aylantirishi mumkin.

Tadqiqot qanday boshlandi?

Tadqiqot muallifi AQSHning Texas shtatidagi MD Anderson saraton markazi mutaxassisi Adam Grippin bo‘lib, u miya o‘smalari uchun maxsus mRNK vaksinasini yaratish ustida ishlayotgan edi. Hayvonlar ustida o‘tkazilgan sinovlar paytida u mRNK vaksinasi qo‘llanilganda organizmda immun tizimi faollashib, o‘smalar yo‘q bo‘la boshlaganini payqagan.

1 000 dan ortiq bemor ma’lumotlari tahlil qilindi

Olimlar rivojlangan o‘pka va teri (melanoma) saratoniga chalingan 1 000 dan ortiq bemorning tibbiy ma’lumotlarini o‘rgangan. Ularga saratonga qarshi mavjud da’vo, ya’ni immunoterapiyaning bir turi — “checkpoint ingibitorlari” qo‘llangan bo‘lgan.

Natija shuni ko‘rsatdiki:

  • immunoterapiyadan 100 kun oldin mRNK COVID-19 vaksinasini olgan bemorlar — bunday vaksina olmaganlarga nisbatan ikki baravar ko‘proq yashagan (Pfizer yoki Moderna — qaysi vaksina ishlatilgani farq qilmagan);
  • gripp va pnevmoniya vaksinalari saratonga bunday ta’sir ko‘rsatmagan;
  • vaksina immunoterapiya bilan bir vaqtda qabul qilinganda ijobiy natijaga ershilmagan — muhim qoida vaksinaning vaqtida yuborilishi ekani aniqlangan.

Umuman olganda, tahlillar COVID-19 ga qarshi mRNK vaksinalari organizmning tug‘ma immun tizimini faollashtirishini ko‘rsatgan. Bu odam organizmi immunitetning eng dastlabki, xavfga tez javob beruvchi qismidir. Massachusets shifoxonasining melanoma bo‘yicha mutaxassisi Rayan Sallivan shunday deydi:

“Dastlab ishonmadim. Lekin tadqiqot juda puxta bajarilgan. Ma’lumotlar juda ijobiy”.

Navbatda — klinik sinovlar

Olimlarning aytishicha, bu natijalar endi yanada kattaroq klinik tadqiqotlar bilan tasdiqlanishi lozim. Shifokorlarni qiziqtirayotgan savollar ko‘p: Vaksina qachon berilganda eng yaxshi natija bo‘ladi? Vaksina ko‘krak bezi, ichak yoki siydik pufagi saratoniga ham ijobiy ta’sir etadimi? Agar mRNK koronavirusni emas, immunitetni bevosita faollashtiradigan oqsilni kodlasa, yanada kuchli ta’sir bo‘ladimi? Va hokazo.

author info

Dilafruz Mirzayeva

От qwert.uz