Bizga avvaldan ma’lum bo‘lgan kasalliklarga kundan kunga yangi davo usullari ishlab chiqilmoqda. “Xalqimizning tibbiy ongi past”, deyish oson. Lekin bilim avval beriladi, keyin so‘raladi. Ba’zi kasalliklar haqida gapirish uyat hisoblangani uchun odamlar ularning kelib chiqishi, davolanishi va profilaktikasi to‘g‘risida yetarlicha ma‘lumotga ega emas. — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .Shunday kasalliklardan biri — bavosil. Kasallik nomining o‘ziyoq odamni xushyor torttiradi, kimdadir kulgi, kimdadir esa g‘amgin hissiyot chaqiradi. Uzoq vaqt davomida ochiq operatsiya yo‘li bilan davolanib kelingan bo‘lsa, hozir gemorroyni davolashning zamonaviy, jarrohlik amaliyotidan keyingi noqulayliklari deyarli bo‘lmagan metodlari qo‘llanilmoqda. “Daryo” kolumnisti Sarvar G‘aniyev shu kasalga batafsil to‘xtalib o‘tadi.
Foto: Google Photos
Gemorroy — to‘g‘ri ichak pastki qismlari va orqa chiqaruv teshigi atrofidagi vena qon tomirlarining kengayib, shishish kasalligi. Bavosil bilan dunyoning 331 milliondan ortiq aholisi kasallangan. Qanchalik g‘amgin bo‘lmasin, ikki oyoqlab yurishimizning o‘zi gemorroy kelib chiqishi xavfini oshiradi. To‘rt oyoqlab yuruvchi hayvonlarda bu kasallikka moyillik yo‘q. Tortishish kuchi to‘rt oyoqli hayvonlar tanasiga bir xil ta’sir ko‘rsatadi. Odamda esa ikki oyoqlab yurish sababli qon kichik chanoq bo‘shlig‘i va oyoqlarda turib qoladi. Bundan tashqari, homiladorlik, kam miqdorda klechatka saqlovchi parhez, kuchanish, surunkali qabziyat va diareya, hojatxonada uzoq o‘tirish, og‘ir yuk ko‘tarish, uzoq vaqt bir joyda o‘tirib ishlash (haydovchilar, ofis ishchilari) va boshqa kasalliklar, jigar sirrozi, portal gipertenziyaning asorati sifatida ham yuzaga keladi.
Kasallik simptomlari sifatida defekatsiya paytida og‘riqsiz qon ketishi (yorqin qizil rangda oz miqdorda), anal sohada qichishish, og‘riq va diskomfort, anus atrofi shishini aytib o‘tish mumkin.
Gemorroy quyidagi turlarga bo‘linadi:
— joylashgan o‘rniga ko‘ra: ichki va tashqi gemorroy;
— klinik formalariga ko‘ra: o‘tkir va surunkali gemorroy.
Ichki gemorroy to‘g‘ri ichak bo‘shlig‘ida joylashadi va hech qanday belgi bermaydi. Kuchanish vaqtida to‘g‘ri ichak bilan pastga tushadi va og‘riq chaqiradi. Tashqi gemorroy tashqi chiqaruv teshigi atrofi terisi ostida joylashadi. Tashqi ta‘sir tufayli qichishi yoki qonashi mumkin.
Asoratlari:
- Anemiya;
- Tromblangan gemorroy — bunda gemorroy tugunchasida qon to‘planib tromb hosil qiladi. U esa o‘z navbatida kuchli og‘riq, yallig‘lanishni keltirib chiqaradi.
Gemorroyning davosi ikki xil: konservativ va xirurgik. Konservativ davodan maqsad mahalliy qon aylanishini yaxshilash, yallig‘lanish jarayonlarini bartaraf qilish va og‘riqni qoldirish. Dori preparatlari bilan gemorroyni butunlay tuzatib bo‘lmaydi. Preparatlar yordamida faqatgina o‘tkir va surunkali gemorroy simptomlari yengillashtirish, kasallik asoratlarini profilaktika qilish, operatsiyaga tayyorlash va reabilitatsiyada foydalanish mumkin. Asosiy davo usuli faqat va faqat jarrohlik amaliyoti hisoblanadi.
Mana bunaqa reklamalarga ishonib, pulingizni va vaqtingizni sarflamang.
Foto: “Daryo”
Bavosilda qo‘llaniladigan asosiy guruh preparatlari:
- yo‘g‘on ichak funksiyasini normallashtiruvchi dori vositalari;
- flebotrop preparatlar (vena qon tomirlari tonusini oshiradi);
- yallig‘lanishga qarshi mahalliy dori preparatlari (mazlar va “svechalar”).
Bavosilning xirurgik davosi
Gemorroyning rivojlanish bosqichlariga qarab jarrohlik usuli tanlanadi. Uning bosqichlari:
I — stul vaqtida gemorroidal tugunlarning tushishisiz qon ketadi;
II — gemorroidal tugunlar tushishi, lekin ular mustaqil to‘g‘ri ichakdagi o‘rniga qaytadi, qon ketishi yoki usiz;
III — davriy ravishda tugunlar tushadi, ammo ularni qo‘l yordamida to‘g‘rilash zaruriyati tug‘iladi, mustaqil o‘rniga qaytmaydi, qonashi yoki qonamasligi ham mumkin;
IV — gemorroidal tugunlarning to‘g‘ri ichak shilliq qavati bilan birga doimiy tushishi, umuman to‘g‘rilashning iloji yo‘q, qonashi yoki qonamasligi ham mumkin.
Gemorroyning I–III bosqichlarida konservativ davo foyda bermasa, kam invaziv jarrohlik metodlari qo‘llaniladi. Kam invaziv jarrohlik usullarining asosida kichik teshik yoki tabiiy teshiklar orqali jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazish yotadi. Buning afzallik tarafi shundaki, bemor organizmi minimal darajada travma oladi va operatsiya turiga qarab odatiy hayot tarziga 1–5 kun ichida qaytib, o‘z ish faoliyatini davom ettirishi mumkin. Bu juda ham qulay. Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerakki avvallari jarroh qanchalik katta kesma bilan operatsiya qilsa shunchalik mahoratli deb e‘tirof etilgan bo‘lsa, hozirgi kunda aksincha kesma qanchalik kichkinaligi yoki uning umuman yo‘qli xirurgning mahoratini belgilab bermoqda.
Endi I–III bosqichlarida qo‘llaniladigan jarrohlik usullariga qaytsak. Gemorroyni davolashda qo‘llaniladigan kam invaziv jarrohlik usullariga skleroterapiya, infraqizil nurlar bilan koagulyatsiya, gemorroidal tugunlarni lateksli halqalar yordamida bog‘lash, ultratovush dopplerometriya ostida gemorroidal tugunlarning dezarterizatsiyasi va yangi zamonaviy usul lazer gemorroidoplastika kiradi. Har biriga alohida to‘xtalib o‘tamiz.
Skleroterapiya
Bunda 45 darajaga bukilgan igna orqali gemorroidal tugun ichiga sklerozlantiruvchi modda yuboriladi. Bu usul qo‘pol qilib aytadigan bo‘lsam ichki gemorroidal tugunlarni “quritib” beradi. Bemorda katta operatsiyalarga qarshi ko‘rsatma bo‘lsa yoki uni ko‘tara olmasa qonni to‘xtatish uchun foydalaniladi. Infraqizil nurlar bilan koagulyatsiya ham asosan qonni to‘xtatishda foydalaniladi. Usulning afzalliklari:
- osonligi;
- xavfsizligi;
- xirurgik muolajadan keyingi og‘riqning deyarli yo‘qligi;
- qon-tomirlar mo‘rtlashgan va boshqa metodlar uchun qarshi ko‘rsatmasi bo‘lgan yoshi katta bemorlar mos keladi;
- bitta seans davomida bir nechta tugunlarni “quritish” mumkin;
Kamchiliklari:
- tashqi gemorroyda qo‘llab bo‘lmaydi;
- o‘lchamlari katta bo‘lgan tugunlarda effektning yo‘qligi;
- kasallikning sabablarini emas uning oqibatlarini yo‘qotadi;
Gemorroidal tugunlarni lateksli halqalar yordamida bog‘lash
Metod II–III bosqich gemorroyda qo‘llaniladi. Bunda gemorroidal tugun oyoqchasi rezina halqa yordamida bog‘lanadi. Shundan so‘ng tugunda qon aylanishi buziladi va 11–14 kundan so‘ng tugun lateksli halqa bilan birga ko‘chib tushadi.
Usulning afzalligi:
- kasallikning qaytalanish foizi juda kam;
- skalpeldan qo‘rqadigan bemorlarni ko‘nglini xotirjam qilib davolash mumkin;
- qisqa muddat ichida bajariladi;
Kamchiligi:
- operatsiyadan keyingi og‘riq sindromi yaqqolroq namoyon bo‘ladi;
- bir vaqtning o‘zida ikkitadan ortiq tugun bog‘lansa, adashgan nerv simptomlari (yurak qisqarishlari sonining kamayishi, qon bosimi pasayishi, kollaps) paydo bo‘lishi mumkin, shuning uchun ushbu metod bosqichma-bosqich davolashni talab qiladi, natijada ambulator davo uzoqqa cho‘zilishi mumkin.
Ultratovush dopplerometriya ostida gemorroidal tugunlarning dezarterizatsiyasi
Bu usulning asosida ultratovush yordamida tugunga keladigan arteriyani topib bog‘lash yotadi. Kerakli arteriya bog‘langandan so‘ng tugun 6–8 haftadan keyin so‘rilib ketadi.
Usulning afzalliklari:
- kasallikning sababi bartaraf qilinadi;
- II–III bosqichdagi gemorroyda samaradorligi juda yuqori;
- venoz qon oqimi yaxshilanadi;
- ambulator sharoitda o‘tkazish mumkin;
- operatsiyadan so‘ng narkotik analgetiklarga zaruriyat yo‘q;
- amaliyotdan so‘ng bemor vrach ko‘rsatmalariga amal qilgan holda 1–2 kundan so‘ng mehnat faoliyatiga qaytishi mumkin;
- boshqa to‘g‘ri ichak patologiyalari bo‘lgan taqdirda ham amaliyotni bajarish mumkin.
Kamchiligi:
- tashqi gemorroyda qo‘llab bo‘lmaydi.
III–IV bosqichdagi bavosilni davolashda gemmoroidektomiya yoki gemorroidal tugunni kesib olib tashlash operatsiyalari qo‘llaniladi. Ulardan Milligan-Morgan, Longo, Uaytxed operatsiyalari hozirgi kunda keng qo‘llaniladi.
Ularning afzalliklari sifatida to‘g‘ri ichakdagi anal yoriqlari, oqmalar va to‘g‘ri ichak tushishlarida o‘tkazishga ko‘rsatmalar borligini keltirish mumkin. Lekin bir qancha kamchiliklari ham bor:
- operatsiyadan keyingi davrda qon ketishi;
- amaliyotdan keyingi davrda og‘riq sindromi kuchli namoyon bo‘lishi narkotik analgetiklarga zaruriyat tug‘diradi;
- to‘g‘ri ichak kanalining torayishi;
- rektovaginal, rektal oqmalarning paydo bo‘lishi, to‘g‘ri ichak teshilishi;
- uzoq muddatli reabilitatsiya.
Aynan shu kamchiliklar tufayli bemorlar operatsiyadan qo‘rqadi. Lekin tibbiyot bir joyda qotib qolgani yo‘q. Gemorroyni davolashning eng oxirgi zamonaviy usullaridan biri — lazer gemorroidoplastika. Bunda bir nuqtadan kirib, lazer energiyasi tugun ichidagi to‘qimalarni kuydirilib, destruksiya chaqiriladi, qon tomirlarini kuydirib, gemorroidal to‘qimada chandiq hosil qilinadi.
2014-yildagi tekshiruvda lazer gemorroidoplastika amaliyotini ochiq gemmoroidektomiya usuli bilan solishtirilgan. Olingan natijalarga ko‘ra yangi usul klassik metoddan amaliyotdan keyingi og‘riqning darajasi va operatsiya davomiyligi, undan keyingi reabilitatsion davrining qisqaligi bilan yaqqol ustunlikka ega bo‘lgan. Kam invaziv metodlardan tugunni rezina halqa bilan bog‘lash amaliyoti bilan solishtirilganda lazer gemorroidoplastikaning samaradorligi yuqoriligi aniqlangan.
Usulning afzalliklari:
- kam travmalilik;
- ham ichki ham tashqi gemorroyda qo‘llash mumkin;
- operatsiya shilliq osti qavatida bajarilgani uchun choklar qo‘yilmaydi bu esa amaliyotdan keyingi og‘riq sindromi paydo bo‘lishi xavfini keskin kamaytiradi;
- jarrohlik amaliyoti vaqtida va undan keyin qon ketmasligi;
- lazer ta‘sir ko‘rsatgan soxaning yallig‘lanishlarsiz bitishi;
- operatsiya vaqtining qisqaligi;
- jarrohlikdan so‘ng chandiqning yo‘qligi, anal skfinter shikastlanmasligi;
- kasallik qaytalanishining minimal foizi;
- lazer yordamida bir vaqtning o‘zida anal yoriqlari, oqmalari, kondilomalga ham ishlov berish imkoniyati mavjud;
- sog‘ayish davrining juda qisqaligi.
Kamchiliklari:
- ushbu operatsiyani o‘tkazadigan mutaxasislar va klinikalarning O‘zbekistonda kamligi;
- har bir bemor uchun alohida instrumentlar to‘plami sotib olinishi kerak, umuman olganda buni kamchilik deb ham bo‘lmaydi, chunki har bir bemor uchun alohida instrumentlar ishlatilishi qon orqali yuqadigan kasalliklarning profilaktikasi uchun maqsadga muvofiq.
Shu o‘rinda odamlar orasida tarqalgan “lazer bilan davolash rakka sabab bo‘ladi”, degan mifning yolg‘onligini, uning klinik random tekshiruvlarda isbotlanmaganini aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Xotiringgiz jam bo‘lsin, lazer nurlari o‘sma kasalliklarini keltirib chiqarmaydi.
O‘zingizni qiynab, operatsiyagacha, umuman aytganda gemorroy bilan kasallanmaslik ham mumkin. Kasallik profilaktikasi juda oddiy:
- to‘g‘ri ovqatlanishga e’tibor qarating: har kuni 1,5–2 litr suyuqlik iching, klechatkaga boy bo‘lgan sabzavot va mevalar har kunlik ovqat ratsioningizdan joy olsin, spirtli ichimliklarni va achchiq qovurilgan ovqatlardan tiyiling;
- defekatsiya gigiyenasiga rioya qiling: kuchanishlardan qoching. Buning yo‘li oson — organizmni kunning ma’lum vaqtiga o‘rgating, shunda hech qayerga shoshilmaysiz. Yana bir gap, hojatxonada o‘qish, telefonnni titkilash u yerda uzoq muddat qolib ketishga sabab bo‘ladi, u yerda uzoq o‘tirish esa gemorroyni keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri ekanligini unutmang. Hojatdan keyin tahorat olish ham yaxshi amal;
- Harakat faolligingizni normallashtiring: o‘tirib ishlaydigan kasb egasi bo‘lsangiz, har soatdan keyin 5–10 daqiqa jismoniy faollik uchun tanaffus qiling, bu vaqtni ichida o‘tirib turish yoki qorin pressi va oraliq muskullarini chiniqtiruvchi mashlarga sarflang, hech bo‘lmaganda piyoda yuring;
- Sog‘lig‘ingizga e‘tiborli bo‘ling, qalqonsimon bez kasalliklarida ichaklar faoliyati susayadi, buning natijasida ich qotadi, ich qotishi ham bavosilning asosiy faktorlaridan biri. Semirishdan saqlaning.