Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev o‘zining Telegram’dagi kanalida pasporti yo‘qolgan yoki almashtirish uchun topshirgan abituriyentlar imtihon arafasi qanday yo‘l tutishlari haqida ma’lumot berdi.

Foto: “Nuz.uz”

Ayrim hollarda abituriyentlar pasportini bexosdan yo‘qotib qo‘yadi, yoki turli sabablar bilan pasport almashtirish (yangisini olish) uchun hujjat topshirgan bo‘ladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Abituriyent hujjatlarini “pasport stol”ga topshirgan bo‘lsa-yu, lekin hali yangi pasporti tayyor bo‘lmagan va eng asosiysi hujjat topshirishning eng so‘ngi sanasigacha (15-iyul) tayyor bo‘lishiga ko‘zi yetmasa, unda quyidagi tartibda hujjat topshirishi zarur:

  • pasport almashtirish uchun ariza topshirgan “pasport stolga” yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida murojaat qilinadi;
  • IIB haqiqatan pasport almashtirish uchun topshirganligini tasdiqlab, maxsus 09-shakl (Forma-09) ko‘rinishidagi ma’lumotnoma to‘ldirib beradi;
  • 09-shaklda fuqaroning surati va pasportda ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan ma’lumotlar (identifikatsiya raqami, pasport seriyasi va raqami) aks ettirilib, ushbu ma’lumotnoma maxsus muhr bilan tasdiqlanadi;
  • tayyor bo‘lgan 09-shakl vaqtinchalik pasport o‘rnini bosadi;
  • ushbu hujjat bilan bemalol OTMga hujjat topshirish mumkin.

Bu hujjat topshirgungacha bo‘lgan vaziyat uchun taalluqli javob.

“Lekin boshqa vaziyatlarda, ya’ni abituriyent ro‘yxatdan pasport orqali o‘tgan bo‘lsa-yu, ammo testgacha pasportini yo‘qotib (o‘g‘irlatib, shikast yetkazib) qo‘ygan bo‘lsa, unda 09-shakl bilan test sinovlariga kiritiladimi yoki yo‘qmi, degan savolga menda aniq javob yo‘q. Shuningdek, yuqoridagi holatning teskarisi bo‘lishi mumkin, ya’ni 09-shakl bilan ro‘yxatdan o‘tib, testgacha pasporti tayyor bo‘lgan bo‘lsa, pasport bilan kirishi mumkinmi yoki 09-shakl bo‘lishi shartmi? Menimcha, ikkala holatda ham testga kirishda muammo bo‘lmasa kerak. Yana ham rasmiylar bu vaziyatga oydinlik kiritishlarini so‘rab qolamiz”, — deb yozadi Xushnud Xudoyberdiyev.

От qwert.uz