O‘zbekistonda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2019-yilning I yarim yilligida Rossiyaning Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazlarida bo‘lib kelayotgan, hujjat va mablag‘larsiz qiyin ahvolda qolgan jami 719 nafar o‘zbekistonliklarni mamlakatga qaytardi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .
Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
Fuqarolarni ortga qaytarish bilan bog‘liq barcha xarajatlar vazirlik huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan qoplangan.
Qayd etilishicha, xorijda qiyin ahvolda qolgan fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish doirasida aniq tashkiliy chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan.
Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
- Fuqarolar Toshkent xalqaro aeroportida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi mas’ul vakillari tomonidan kutib olinadi va tashkiliy tartibda Agentlikka olib boriladi.
- Agentlikda fuqarolar shifokorlar tomonidan bepul maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
- Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Agentlikning tegishli mutaxassislari qaytib kelgan fuqarolarning har bir guruhi bilan ishga joylashish, kasbga o‘qitish va qayta o‘qitish masalalari yuzasidan muloqot o‘tkazadi.
- Xorijda qiyin ahvolda qolgan yurtdoshlarimiz vaziyati hisobga olinib, ularga yashash joylariga yetib olishlari uchun eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdorida pul beriladi.