Samarqandda 61 yoshli Nurali Musinov haydovchisiz yurib ketgan benzin tashuvchi yuk mashinasi (benzovoz)ni to‘xtatib qoldi. Bu haqda Musinovning jiyani Facebook’da xabar qoldirgan.

Foto: “Podrobno.uz”

Xabar berishlaricha, voqea Samarqand shahrining Sug‘diyona dahasida yuz bergan. Nurali Musinov o‘z avtomobilida Ali Qushchi ko‘chasiga kirib kelayotgan vaqtida “ZIL-131” rusumli benzovoz tibbiyot kolleji tomon g‘alati harakatlanib borayotganini payqab qoladi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Diqqat bilan benzovozga nazar solgan Musinov uning ichida haydovchi yo‘qligini ko‘radi va o‘zini yo‘qotib qo‘ymay, darhol mashinasidan tushib, benzovozga qarab yuguradi. Bir amallab benzovozni quvib yetib (bu orada turli darajada shikastlangan ham), “ZIL”ning kabinasiga kirib oladi va uni to‘xtatadi.

Ma’lum bo‘lishicha, benzovoz haydovchisi mashinani bir lahzaga yo‘l chetida qarovsiz qoldirgan, qaytib kelganida esa benzovoz yaxshigina tezlikda yo‘l bo‘ylab pastlikka qarab ketayotgan bo‘lgan va u mashinaga yeta olmagan.

“Haydovchi juda ham qo‘rqib ketgan edi, chunki benzovoz yoqilg‘i bilan to‘la, tibbiyot kolleji oldidagi yo‘l yoqasi mashina va odamlarga to‘la edi”, — deb yozadi Musinovning jiyani.

От qwert.uz