Yer sharining bor-yo‘g‘i 29,2 foizi quruqlik. Ana shu quruqlikning yarmini o‘nta davlat egallaydi. Ulardan ikkitasi – Xitoy va Hindistonda sayyora aholisining 35 foizi yashaydi.
Bugun Yer sayyorasida xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlar tomonidan alohida mustaqil davlat deb tan olingan 200 ga yaqin davlat bor. Ularning hududlari juda notekis joylashgan. Biri sayyoraning katta bir qismini egallagan bo‘lsa, yana biri bir shaharning bir kvartalini egallagan xolos — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .
Aslida bundan 150–200 yil oldin butun dunyo Yevropaning 3–4 davlati izmida edi. Ular hammayoqni egallab, mustamlaka qilib olgan edi. Afrika, Janubiy Amerika, Avstraliya va Osiyodagi aksar mamlakatlar va hududlar mustamlaka edi. Hatto hududi va aholisi ko‘p bo‘lgan Hindistonday katta davlat ham ulardan birining qo‘l ostida edi. So‘ng ozodlik uchun harakatlar boshlandi va buyog‘i XX asrning 70-yillarigacha mustamlakalardan ozod bo‘lish boshlandi. Dunyoda mustaqil davlatlar soni oshib boraverdi. Shu bilan birga, turli mamlakatlarning hududiy o‘lchami o‘zgarib bordi. Ayniqsa XX asrda bo‘lib o‘tgan ikkita jahon urushi dunyo xaritasini batamom o‘zgartirib yubordi. Bu urushlardan so‘ng ko‘plab sobiq mustamlakalar o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Adashmasam, eng oxirgi ozod bo‘lgan mustamlakalar Rossiya qo‘li ostidagi SSSR nomi bilan tuzilgan davlat tarkibiga kirgan hududlar edi. SSSR tarqab ketganidan keyin uning hududi sezilarli kamaydi va 15 ta mustaqil davlat paydo bo‘ldi.
Shuningdek, Yevropada ikkita Germaniya birlashib, GFRning hududi kattalashdi. Yugoslaviya ittifoqi tarqab ketib, uning o‘rnida oltita mustaqil davlat paydo bo‘ldi.
Bugungi kunda ham boshqalar tarkibida bo‘lib kelayotgan milliy hududlar ko‘p, ammo endi ular mustamlaka deb atalmaydi.
Shu tariqa, bundan 150–200 yil avval sanoqli davlatlar mustaqil bo‘lgan bo‘lsa, bugun ularning soni 200 ga yaqinlashmoqda. Yuqorida yozganimday, mamlakatlarning hududlari ham o‘ta notekis joylashgan.
Quyida hududi jihatdan dunyodagi eng yirik davlatlar o‘ntaligini qisqa sharhlar bilan keltiramiz.
10. Jazoir
Hududi: 2 381 741 kvadrat kilometr
Foto: Wikipedia
Ushbu davlat Afrika qit’asining shimolida joylashgan va hududining asosiy qismi dunyodagi eng katta cho‘l – Sahroi Kabirda joylashgan. Aholi tarkibi – arablar va ozroq barbarlar. Ular asosan islom dinining sunniy yo‘nalishiga e’tiqod qiladi.
Jazoir olti davlat bilan chegaradosh. Bular: Mali (1 376 kilometr), Tunis (965 kilometr), Liviya (982 kilometr), Mavritaniya (463 kilometr), Marokash (1 559 kilometr) va Niger (956 kilometr). Jazoir, shuningdek, BMT rezolyutsiyasi bilan boshqariladigan G‘arbiy Sahroi Kabir (42 kilometr) maxsus hududi bilan ham chegaradosh. Jazoirning quruqlikdagi umumiy chegarasi 6 343 kilometrni tashkil etadi.
Jazoir shimolini O‘rta Yer dengizi suvlari yuvib turadi.
Shu o‘rinda bir ma’lumotni eslatib ketish joiz. 2011–2012-yillargacha hududi eng katta davlatlar reytingida 10-o‘rinni Sudan band qilgan. Ammo bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushi oqibatida o‘sha yillarda mamlakatdan Janubiy Sudan alohida mustaqil davlat bo‘lib ajralib chiqdi. Shu tariqa, ma’lum hududidan ayrilgan Sudan katta davlatlar reytingidagi o‘rnini Jazoirga bo‘shatib berdi.
9. Qozog‘iston
Hududi: 2 724 902 kvadrat kilometr
Foto: Wikipedia
Qozog‘iston hududining ozroq qismi Yevropaga, asosiy qismi Osiyo qit’asiga qaraydi.
Mamlakatda qozoqlar, ruslar, o‘zbeklar va boshqa bir qancha millatlar yashaydi.
Qozog‘iston ikki dengiz – Orol va Kaspiy bilan chegaradosh.
Qozog‘iston quruqlikda Rossiya, Xitoy, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston bilan chegaradosh. Qozog‘istonning Rossiya bilan chegarasi ikki davlat orasidagi uzun chegaralar reytingida yuqori o‘rinlarda turadi.
Qozog‘istonda dunyodagi eng yirik Boyqo‘ng‘ir kosmodromi bor. Bu kosmodromni Rossiya ijara asosida ishlatadi.
8. Argentina
Hududi: 2 780 400 kvadrat kilometr
Foto: Wikipedia
Argentina hududi bo‘yicha dunyoda 8-o‘rinda, Janubiy Amerika qit’asida esa Braziliyadan keyin 2-o‘rinda turadi. Poytaxti – Buenos-Ayres.
Argentina quruqlikda Chili (5 308 kilometr), Urugvay, Boliviya (832 kilometr), Braziliya (1 261 kilometr), Paragvay (1 880 kilometr) bilan chegaradosh.
Argentinaning quruqlikdagi umumiy chegarasi 9 861 kilometrni tashkil etadi.
Dunyoda eng yirik muzliklar reytingida 3-o‘rinda turuvchi Perito-Moreno muzligining katta qismi Argentina hududiga to‘g‘ri keladi.
7. Hindiston
Hududi: 3 287 263 kvadrat kilometr
Foto: Wikipedia
Hindiston hududi kattaligi bo‘yicha dunyoda 7-o‘rinda, Osiyoda esa Xitoydan keyin 2-o‘rinda turadi.
Hindiston quruqlikda Pokiston (2 912 kilometr), Xitoy (3 380 kilometr), Nepal (1 690 kilometr), Bangladesh (4 053 kilometr), Butan (605 kilometr), Myanma (1 463 kilometr) bilan chegaradosh.
Hindiston janubini Hind okeani suvlari yuvib turadi.
Hindiston hududi bundan ham katta bo‘lishi mumkin edi. Ammo bu mamlakat inglizlardan mustaqil bo‘layotganida mamlakat ikkiga bo‘linib ketdi. Hindlar ko‘proq yashaydigan qismi Hindiston, musulmonlar ko‘proq yashaydigan qismida Pokiston davlatlari tuzildi. Keyinchalik Pokistondan Bangladesh ajralib chiqdi.
Hindiston tabiati judayam xilma-xil. Bu davlatda 75 ta milliy bog‘ va 400 ta qo‘riqxona bor.
6. Avstraliya
Hududi: 7 692 024 kvadrat kilometr
Foto: Wikipedia
Avstraliya – alohida qit’a. Shu tufayli uning boshqa davlatlar bilan quruqlikda o‘tgan chegarasi yo‘q. Uning shimoli-g‘arbini Hind okeani, sharqiy qirg‘oqlarini Tinch okeani, janubini esa Janubiy okean (Tinch, Atlantik va Hind okeanlarining janubiy qismlari umumiy qilib shunday nomlanadi – “Daryo”) yuvib turadi.
Dengiz orqali chegaradosh yirik davlatlar – Indoneziya va Yangi Zelandiya.
Tinch okeanidagi bir qator orollar, ular orasida Tasmaniya oroli, Avstraliyaga qaraydi.
Avstraliya bugun mustaqil davlat hisoblansa ham, u Buyuk Britaniya qirolichasi boshchilik qiladigan Hadmdo‘stlikka a’zo va mamlakatning ramziy boshlig‘i qirolicha tomonidan tayinlanadigan Avstraliya general-gubernatori hisoblanadi. Amalda esa hokimiyat xalq tomonidan saylanadigan bosh vazir ixtiyorida.
5. Braziliya
Hududi: 8 515 770 kvadrat kilometr
Foto: Wikipedia
Braziliya hududining kattaligi jihatdan dunyoda 5-o‘rinda, Janubiy Amerikada esa 1-o‘rinda turadi. Braziliya quruqlikda Kolumbiya (1 643 kilometr), Peru (1 560 kilometr), Boliviya (3 400 kilometr), Paragvay (1 290 kilometr), Argentina (1 224 kilometr), Urugvay (985 kilometr), Venesuela (2 200 kilometr), Gayana (1 119 kilometr), Surinam (597 kilometr) va Fransiya Gvianasi (673 kilometr) bilan chegaradosh.
Braziliyaning quruqlikdagi umumiy chegarasi 14,691 kilometrni tashkil etadi.
4. AQSh
Hududi: 9 519 431 kvadrat kilometr
Foto: Wikipedia
AQSh hududining kattaligi jihatdan dunyoda 4-o‘rinda, Shimoliy Amerikada esa Kanadadan keyin 2-o‘rinda turadi.
AQSh qirg‘oqlarini sharq tomondan Atlantika okeani, g‘arb tomondan Tinch okeani yuvib turadi.
Shuningdek, AQShning yosh shtatlaridan biri Alyaska Shimoliy Amerika qit’asining eng shimoliy qismida joylashgan.
AQSh quruqlikda faqat Meksika (3 326 kilometr) va Kanada (8 893 kilometr) bilan chegaradosh. AQShning quruqlikdagi umumiy chegarasi 12,217 kilometrni tashkil etadi.
Dengizda esa Rossiya bilan ham chegarasi bor.
3. Xitoy
Hududi: 9 597 000 kvadrat kilometr
Foto: Wikipedia
Xitoy hudud jihatdan dunyoda 3-o‘rinda, Osiyoda 1-o‘rinda turadi. Xitoyda rasmiy tan olingan 56 ta millat vakillari yashaydi. Xitoyning sharqiy qismini Tinch okeani suvlari yuvib turadi. Xitoy eng ko‘p davlat bilan chegaradosh davlatlar reytingida Rossiya bilan birgalikda 1-o‘rinda turadi – u quruqlikda 14 ta davlat bilan chegaradosh.
Xitoy quruqlikda chegaradosh bo‘lgan davlatlar: Rossiya (3 645 kilometr), KXDR (1 416 kilometr), Mo‘g‘uliston (4 677 kilometr), Qozog‘iston (1 533 kilometr), Qirg‘iziston (858 kilometr), Tojikiston (414 kilometr), Afg‘oniston (76 kilometr), Hindiston (3903 kilometr), Pokiston (523 kilometr) , Nepal (1 236 kilometr) , Butan (470 kilometr), Myanma (2 185 kilometr), Laos (423 kilometr), Vyetnam (1 281 kilometr).
Xitoyning quruqlikdagi umumiy chegarasi 22,117 kilometrni tashkil etadi.
Xitoyning Shanxay va Pekin shaharlari aholi soni bo‘yicha dunyoning eng yirik shaharlari hisoblanadi.
2. Kanada
Hududi: 9 984 670 kvadrat kilometr
Foto: Wikipedia
Kanada hududining kattaligi bo‘yicha Rossiyadan keyin 2-o‘rinda turadi.
Kanadaning sharqiy qismini Atlantika okeani, g‘arbiy qismini Tinch okeani, shimoliy qismini Shimoliy muz okeani o‘rab turadi.
Kanada quruqlikda birgina AQSh bilan chegaradosh (8 893 kilometr). Dengizda esa Daniyaning tarkibiy qismi hisoblanadigan Grenlandiya oroli bilan chegaradosh.
1. Rossiya
Hududi: 17 100 000 kvadrat kilometr
Foto: Wikipedia
Rossiya Yer sharidagi eng katta davlat hisoblanadi.
Rossiyani 12 dengiz, sharqda Tinch okeani, shimolda Shimoliy muz okeani, g‘arbda Atlantika okeani tarkibiga kiruvchi Boltiq dengizi suvlari o‘rab turadi.
Rossiyaning quruqlikdagi chegarasi 22,000 kilometrni tashkil etadi.
Rossiya ham quruqlikda xuddi Xitoyday 14 davlat bilan chegaradosh. Bular: Finlyandiya (1 340 kilometr), Norvegiya (196 kilometr), Estoniya (294 kilometr), Latviya (217 kilometr), Litva (280,5 kilometr), Polsha (232 kilometr), Belarus (959 kilometr), Ukraina (1 974 kilometr), Gruziya (365 kilometr), Ozarbayjon (284 kilometr), Qozog‘iston (7 512,8 kilometr), Mo‘g‘uliston (3 485 kilometr), Xitoy (4 209,3 kilometr), KXDR (19 kilometr) davlatlaridir.
Shuningdek, jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmagan Abxaziya (255,4 kilometr) va Janubiy Osetiya (70 kilometr) bilan quruqlikda chegaralari bor.