27-sentabr kuni dunyo shaharlaridagi ifloslanish va havo sifati indeksini tahlil qiluvchi The World Air Quality Index’ning eng yirik onlayn-monitoring natijalariga ko‘ra, Toshkent havosi iflos shaharlar reytingida ikkinchi o‘rinni egallagani ma’lum qilindi.

Dunyoning turli davlatlaridagi yirik shaharlar va AQSh elchixonalarida havoning ifloslanish darajasini o‘lchaydigan maxsus qurilmalar o‘rnatilgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

O‘lchov birligi sifatida PM 2,5 indeksi olinadi. Chunki bu birlik havo ifloslanish darajasini ko‘rsatuvchi birliklar orasida eng anig‘i hisoblanadi.

PM 2,5-qattiq mikroqismlar, suyuqliklarning eng kichik tomchilari, nozik dispersiyali changni o‘z ichiga olgan diametri 2,5 mikrometr bo‘lgan ifloslantiruvchi atmosferada konsentratsiya ko‘rsatkichi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti me’yorlariga ko‘ra, o‘rtacha yillik PM 2,5 darajasi 10 mikrogramm metr kubdan, kunlik o‘rtacha daraja 25 mikrogramm metr kubdan oshmasligi kerak.

Bugungi kunda Toshkent havosida PM 2,5 miqdori 180 dan 158 mikrogramm metr kubgacha ekanligi aytilmoqda.

Toshkentda bu kabi iflos havo sharoitida The World Air Quality Index odamlarga ko‘chaga nafas olish maskalari bo‘lgan odamlarga ko‘chaga chiqishni, derazalarni yopishni va xonalarni ventilyatsiya qilishni tavsiya qiladi.

JSSTning mavjud hisob-kitoblariga ko’ra, PM10 (PM 2,5 dan kattaroq zarrachalar diametri) konsentratsiyasi 10 mikrogramm metr kubdan oshganda, barcha sabablarga ko‘ra kunlik o‘lim darajasi 0,2-0,6 foizga oshadi.

“O‘zgidromet” Toshkentning havosi eng iflos shaharlar reytingida ikkinchi o‘rinni egallashi noto‘g‘ri ma’lumot deb atadi.

“AirVisual.com sayti rasmiy davlat sayti hisoblanmaydi. Unga ma’lumotlar xususiy kompaniyalar va tashkilotlarning sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari asosida kelib tushadi. Ma’lumotlar PM 2,5 nozik zarralar bilan havoni ifloslantirishi haqida xabardorlikni oshirish hamda uning inson organizmiga ta’sirini kamaytirish uchun aholi, siyosatchilar va ishbilarmonlar uchun axborot va tavsiyaviy xarakterga ega”, — deyiladi “O‘zidromet” xabarida.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tabiiy xususiyatlari (quruq iqlim, qum va qumli tuproqlar) tufayli atmosfera havosidagi og‘ir zarrachalarning yuqori miqdori bilan ajralib turadi.

O‘zbekistonning quruq iqlimi og‘ir zarrachalar hosil bo‘lishi va ularning atmosferadagi miqdoriga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

“AirVisual.com saytida chop etilgan Toshkent shahrida havoning PM 2,5 mayda zarrachalari bilan yuqori darajada ifloslanishi haqidagi ma’lumotlar vaqtinchalik bo‘lib, iqlim va geografik sharoitlarga bog‘liq”, — deyiladi xabarda.

Taniqli bloger Muhrim Agzamxo‘jayev ushbu mavzu yuzasidan o‘z fikrini quyidagicha bildirdi: “Toshkent havosining sifati pastligi bo‘yicha, masalan, Xitoyning ayrim quyosh ko‘rmaydigan shaharlaridan oldinda bo‘lishi mantiqan ham, boshqachasiga ham mumkin emas hozirgi zamonda. Daraxtlarning kesilishi, ishlab chiqarishda gazdan ko‘mirga o‘tish, mashinalar soni ko‘payishi va yana boshqa omillar, tabiiyki, havoni bulg‘ashga xizmat qiladi, lekin bu dunyoning nafas olish imkonsiz bo‘lgan ikkinchi shahri bo‘lish uchun kam.

AirVisual reytingida qanday qilib kuchli 10 talikda turganimiz sababini esa, menimcha, AQSh elchixonasidan so‘rash kerak. Balki ko‘mirda pishirilgan go‘shtni juda ko‘p yeyishayotgandir u yerda”.

От qwert.uz