Petropavlovsk-Kamchatskiy shahar sudi o‘zbekistonlik 21 yashar Xolmatboy Hasan o‘g‘lini ma’muriy huquqbuzarlikda — xorijlik fuqaroning Rossiyada bo‘lib turish tartibini buzganlikda aybdor deb topdi. U endi 3 ming rubl jarima to‘laydi va majburiy tarzda Rossiyadan badarg‘a qilinadi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Yekaterina.
Foto: “KP.ru”

“Kam 24” axborot agentligiga ko‘ra, Xolmatboyning turmush o‘rtog‘i, 27 yoshli Yekaterina 9-sentabr kuni Krasheninnikov buxtasida o‘zining ikki bolasini cho‘ktirgan. Ayolga qasddan qotillik bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Tergov taxminicha, Yekaterinani jinoyatga rashk undagan. Xolmatboy ustidan ma’muriy ish ko‘rilayotganda bu taxmin qisman tasdig‘ini topdi. Sudlanuvchi boshqa ayol bilan uchrashayotganini yashirmagan.

Xolmatboyning aytishicha, u Yekaterina bilan o‘tgan yili tanishgan, joriy yil 23-fevralda esa nikohdan o‘tgan. Iyun yoki iyul oyida (o‘zi ham aniq eslolmaydi) xotinining ko‘zi yoriydi va tug‘ruqxonadan ularni o‘zi olib tushadi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Anna ismli qiz bilan tanishib qoladi va u bilan shar’iy nikohdan o‘tadi.

Anna ham sud jarayonida ishtirok etdi. Qiz Xolmatboy bilan ijtimoiy tarmoqda tanishgani (Xolmatboy Yekaterina bilan ham ijtimoiy tarmoq orqali tanishgan) va oradan bir necha kun o‘tib birgalikda yashay boshlaganini bildirdi. Uning aytishicha, Xolmatboy Rossiya fuqarosi bo‘lgan ayolga (gap Yekaterina haqida ketmoqda) mamlakatda bo‘lib turishini qonuniylashtirish uchun uylangani, biroq xotini dunyoga keltirgan bolaning otasi emasligi haqida gapirib bergan. Hozirda Anna Xolmatboy bilan O‘zbekistonga ketish uchun xorijiy pasportni rasmiylashtirmoqda.

Yekaterina birinchi turmushidan bo‘lgan 5 yashar o‘g‘li va ikki oylik qizi bilan Vilyuchinsk shahrida, bu yopiq shaharga kirishga ruxsati bo‘lmagan Xolmatboy esa Petropavlovskda yashab kelgan. Ayol o‘rmon xo‘jaligida muhandis bo‘lib ishlagan, o‘g‘li bolalar bog‘chasiga borgan.

9-sentabr kuni tongda u bolalari bilan Krasheninnikov buxtasiga keladi. O‘g‘lini o‘ziga arqon bilan bog‘lab, qiz chaqalog‘ini qo‘liga ko‘tarib, o‘zini suvga otadi. Bolalarning qichqirig‘ini o‘sha atrofdagi erkak eshitib qoladi va politsiya chaqiradi. Guvohlarning aytishicha, politsiyachilar darrov qayiq olib, yordamga shoshilgan. Ammo Yekaterina “Biz hech kimga kerak emasmiz!” deya ularni o‘zidan yiroqlashtirishga uringan. Qarshilikka qaramay, politsiyachilar ayol va bolalarni suvdan olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq bolalarning kichigi o‘sha chog‘da, kattasi kasalxonaning jonlantirish bo‘limida hayotdan ko‘z yumadi.

Foto: Rossiya FVV

Ijtimoiy himoya idoralarining bildirishicha, Yekaterinaning oilasida moddiy yetishmovchiliklar kuzatilmagan, uning onasi va o‘gay otasi, ko‘plab qarindosh-urug‘lari bor. O‘zi Vilyuchinskda ikki xonali kvartirada yashagani, yaqinda bankdan kredit olgani aytilmoqda.

Xolmatboy Hasan o‘g‘li hozirda Rossiyada bo‘lib turibdi. Uni Rossiyadan badarg‘a qilish haqidagi qaror yaqin haftalarda amalga oshiriladi.

От qwert.uz