Yangiyo‘l taksichilarini Telegram’da haqorat qilgan IIB xodimi egallab turgan lavozimidan chetlatildi

22-oktabr kuni Telegram’dagi “Voditeli Yangiyulya” kanaliga o‘zini Yangiyo‘l tuman YHXB boshlig‘ining o‘rinbosari Usmon deb tanishtirgan shaxs shu guruh ishtirokchilari hisoblangan 1650 nafar taksi haydovchisini qo‘pol tarzda haqoratlab, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar aytilgan 38 soniyalik audiofaylni joylashtirgani haqida xabar berilgandi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi  .

Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tarqatilgan audioyozuv yuzasidan 23-oktabr kuni soat 21:30 larda Yangiyo‘l shahrida joylashgan YHXB ma’muriy binosi atrofiga 100 ga yaqin yo‘nalishsiz taksi haydovchilari izoh berilishini so‘rab yig‘ilgan.

Shunda viloyat IIBB 4-mintaqaviy hudud, Yangiyo‘l shahar va tuman IIB rahbarlari yig‘ilganlar bilan uchrashib, YHXB katta inspektori Usmon Zamonovga nisbatan hozirda xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganligini, barcha to‘plangan hujjatlar prokuratura idoralariga yuborilib, qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishi tushuntirilganidan so‘ng, yig‘ilganlar tarqalgan.

Toshkent viloyati IIBB tomonidan olib borilgan batafsil tekshiruv ishlari natijalariga ko‘ra, Usmon Zamonov tekshiruv davomida audioyozuv haqiqatan ham o‘ziga tegishli ekanligini ma’lum qilgan.

Shuningdek, Usmon Zamonov o‘zining tushuntirish xatida joriy yilning 22-oktabr kuni Telegram’dagi “Voditeli Yangiyulya” nomli guruhda taksi haydovchilari tomonidan YPX xodimlarini kamsituvchi postlar tarqatilganidan so‘ng, ularga javoban, ushbu haqoratli audioyozuvni yuborganligini tan olgan.

YPX inspektori ushbu xatti-harakatlari bilan fuqarolar o‘rtasida ichki ishlar organlariga nisbatan salbiy fikrlar kelib chiqishiga hamda jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lganligi uchun viloyat IIBB rahbariyatining ko‘rsatmasiga asosan, YHXB katta inspektori leytenant Usmon Zamonov egallab turgan lavozimidan chetlatildi.

Hozirda prokuratura tomonidan holatga huquqiy baho berish maqsadida tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.