“Sevimli” telekanalining “Xayrli oqshom” dasturida aynan OITS kasalligi sabab bir-biri bilan tanishgan va bir-birining shunday kasallikka chalinganini bila turib, oila qurgan o‘zbekistonlik er-xotinning intervyusi e’lon qilindi. Intervyu davomida ularning shaxsiy oshkor etilmagan, yuzi ko‘rsatilmagan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi .

Er

Kadr: “Sevimli” / YouTube

Shifoxona bor. 2008-yili o‘sha yerda yotganimda mendan qon analizi olgan-da, javobini aytmagan. Bir hafta o‘tgach ikkinchi marta qon olishdi. Kasalxonadan chiqqanimdan keyin SPID-sentrga kelib, epidemiya bo‘limiga kirib, tekshirtirdim. Har ikkala tekshiruvda ham kasallik chiqqan menda. Kasal bo‘lganimni 2008-yilga kelibgina bildim. Ungacha bilmaganman.

Men oilada kenja o‘g‘ilman. 8-sinfni bitirganimdan keyin avtochilangar bo‘lib ishga kirdim. 1993-yilgacha avtobazada ishladim. Asta-asta “sokrasheniya”lar boshlandi. Ishsiz qolganimdan keyin ustachilikka chiqib ketdim, ustalik qildim. 2002-yili Sankt-Peterburgga jo‘nab ketdim. Shu bilan u yerda ham ishchi, yuk tashuvchi bo‘lib, qanday ish bo‘lsa, shuni qilib ketaverdim.

Sankt-Peterburgda to‘qqiz yil bo‘ldim. To‘g‘risi, men bilan birga yashagan qiz narkoman edi. Moldovan edi, u bilan bir joyda ishlaganmiz, o‘sha yerda tanishib qolganmiz. O‘sha vaqtda bitta shprits bilan 10 kishi ham ukol qilgan joylari bo‘lgan. Bitta yangi shpritsni sotib olishga ham imkoniyat bo‘lmasdi.

2008-yili kasal bo‘lganimni bilganimda stressga tushib qoldim. O‘lamanmi, nima bo‘ladi endi, oila a’zolarim nima deyishadi? Aka-uka, qarindosh-urug‘ — buni hech kimga aytolmaysiz. Qo‘rquvga tushib qolasiz. “Bilsa, meni endi hamma chetlashtirib qo‘yadi, to‘ylarga aytmaydi, salomlashmay qo‘yadi”, deb qo‘rqasiz. Bu juda og‘ir dard-da!

Bir umr afsuslanib o‘tasiz. Bir kun emas, bir kecha emas, yo bir esga tushib qolganida emas. Umringizning oxirgi nafasigacha afsuslanasiz. Lekin hayotni orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Hayot kuydi shu bilan. Onam men kasal bo‘lgan kundan boshlab siqilyapti — ona-ku. Men, mana, hozir Toshkentdaman — to qaytib borgunimcha uxlamaydi onam.

Akalarim, opalarim emas, jiyanlarim oldida uyalaman (yig‘laydi). “Odamlar: amaking kasal, deyapti”, degan gaplaridan uyalaman. Jiyanlarim oliy ma’lumotli, chet ellarda yashaydi — shulardan uyalaman… O‘zim yaxshi oiladanman. Qiz beraman degan qancha oilalar bor edi. Lekin bo‘lmadi-da…

Shunday holatga kelib qolgandim-ki, oxiri faqat o‘limni tan olganman. Hech narsani o‘ylamay qo‘ygandim. Asta-sekin menga dalda berishdi, tushuntirib berishdi. “O‘lmaysiz, to‘g‘ri, yaxshi yashasangiz, uzoq umr ko‘rasiz”, deb menga hamma narsani tushuntirib berishdi.

Uylanish uchun besh yil o‘zimga munosib, o‘zim kabi kasal qiz qidirdim. Besh yildan so‘ng bo‘lajak rafiqam bilan tanishib qoldim. Odamlar onamga: “O‘g‘lingizga kelin olib kelgan kuningiz bitta dardingiz ikkita bo‘ladi”, deyishgan. Hozir nolimayman. Bir-birimizni tushunamiz. Birga ishlaymiz. Lekin hech kimga ziyonimiz yetmaydi. Jamiyat uchun to‘liq ishlaymiz.

O‘zimizni nogiron hisoblamaymiz. O‘zimizni o‘zimiz eplaymiz. Dori-darmon, davolanish, to‘g‘ri ovqatlanish, bir-birimizga madad beramiz. Uning mazasi bo‘lmasa, men turg‘azmayman — yotib, damini olib, ikki kun yotsa, ikki kun yotadi. To o‘ziga kelib, yaxshi bo‘lib, oyoqqa turmagunicha indamayman. Men kasal bo‘lsam, u menga qaraydi.

Xotin

Kadr: “Sevimli” / YouTube

Oilada to‘rt farzand bo‘lganmiz. Bolaligim sho‘x, beg‘ubor o‘tgan. Endi u damlarni, bolalikdagi sho‘xliklaringizni baribir sog‘inasiz. Toshkentda yo‘l nazoratchisi (DAN xodimi) bo‘lish uchun o‘qimoqchi edim, onam ruxsat bermaganliklari uchun o‘qiy olmadim. Qarindoshimizga turmushga chiqqandim. Yetti yil yashadim, qaynonam sababli ajrashdik. Bitta farzandim bor.

Boshqa turmush qurdim. Yana sovchi orqali. Hayotimiz boshlangach, bir kun mazasi qochganida: “Yaxshimisiz?”, deb so‘rasam, avvaliga “ha” dedi. Keyin kasallik chiqqanini aytdi. Boshida ishonmadim. Keyin mendan ham qon olishdi. Mendan ham shu kasallik chiqdi. Shunga qaramay, u bilan uch—to‘rt yil yashadim. Shu kasallik sababli olamdan o‘tdilar. Shu bilan yana ayamnikiga qaytib keldim.

Qattiq tushkunlikka tushdim. Hatto o‘z jonimga qasd qilishgacha bordim. Onam bechora meni qutqardi. “Shu ish boshingga tushgan bo‘lsa nima qilamiz endi, unday qilma, bolam”, dedilar. Psixologlarga olib borib, tushuntirishlar qilishganidan keyin bildimki, bundan qo‘rqmaslik kerak ekan. Do‘xtirlarning maslahatlari bilan shu vaqtgacha yuribmiz.

Xo‘jayinim bilan bozorda tanishganmiz. U kishi ham bilardi mening shunday kasal ekanimni. Shifoxona, poliklinikalarga borganimizdan bir-birimizni bilardik. Taqdir ekan, sovchi qo‘ydilar, uch yildan beri yashayapmiz. Hammalari yaxshi, qaynonam yaxshilar. Tushunishadi, o‘qimishli.

Qaynonamga rahmat. Kasal bo‘lsam, qaraydilar — qari bo‘lsalar ham qaraydilar. Hammalarini yaxshi ko‘raman, hammaligi mehribon. Xo‘jayinim kasal bo‘lsam menga qaraydi, yaxshi qaraydilar. Sog‘ bo‘lsam, bir-birimizga tirgak bo‘lib yuribmiz.

Farzand

Ayolning hikoyasidan ma’lum bo‘lganidek, uning birinchi turmushidan bir o‘g‘li bor va u onasining kasalligidan xabardor.

“Kasal ekanimni o‘g‘limga aytganman. O‘zimizdagi SPID-sentrga olib borib, qon topshirtirganmiz. Shunaqa kasalligimni bilib, bechora bolam yig‘lab yuborgan. O‘g‘lim sog‘lom, undan bunday kasallik chiqmadi. O‘g‘lim dadasining oilasida, buvisi bilan yashaydi. Kelib turadi. Uyga ham olib kelaman. Bu kishi (hozirgi turmush o‘rtog‘i) ham uni yaxshi ko‘radilar”, — deydi ayol.

“Endi, bolaga kelganda, hozircha u yosh. Hali yo‘nalishini tanlab olgani yo‘q. Bir musiqaga qiziqadi, bir boshqasiga. Bir-ikki yil qarayman, nasib bo‘lsa, o‘zim ham ustaman, birorta yaxshi mexanikkami, motoristgami shogirdlikka beraman. Hozircha indaganimiz yo‘q”, — dedi erkak.

Ko‘rsatuvni to‘liq quyida tomosha qilish mumkin:

O‘zbekiston va jahon yangiliklari — Telegram’ingizda!

От qwert.uz