O‘zbekiston Prezidentining “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari jami 28 turdagi hujjatlarni fuqarolardan talab qilishiga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan esa ularning berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: “Huquqiy axborot”
Qarorga muvofiq, 2020-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi hujjatlarni fuqarolardan talab qilish taqiqlanadi:
- Yashash joyidan ma’lumotnoma;
- Ariza beruvchi yashash joyi bo‘yicha yashayotganligi (ro‘yxatdan o‘tkazilganligi) to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- Doimiy va vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tib yashovchilar soni to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- Doimiy yashash joyida yashayotgan muddati ko‘rsatilgan ma’lumotnoma;
- Yashovchi shaxslar sonini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma;
- Turar joyda yashovchi shaxslar ko‘rsatilgan holda ma’lumotnoma;
- Ariza beruvchi yashash joyi bo‘yicha bir o‘zi yashashi (ro‘yxatdan o‘tkazilganligi) to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- Fuqaroning yolg‘iz yashayotganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
- Oila a’zolarining pensioner bilan u vafot etgan kunigacha birgalikda yashab turganligi holatini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
- 80 yoshga to‘lgan, o‘zganing parvarishiga muhtoj bo‘lgan keksa yoshdagi odamni parvarish qilgan vaqtni tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
- Qaramog‘ida mehnatga layoqatsiz oila a’zolari borligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
- Vafot etgan boquvchining qaramog‘idagi oila a’zolari tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
- Vafot etgan xodim bilan qarindoshlik darajasini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
- Shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida ishlovchi fuqarolarning bandligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
- Shaxs haqiqatan nogironni parvarish qilayotganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
- Ishsizlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
- Vafot etgan boquvchining ota-onalari, turmush o‘rtog‘i, buvasi, buvisi, aka-ukasi yoki opa singlisidan biri vafot etgan boquvchining bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini, ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan holda ta’tilda bo‘lish huquqini beradigan yoshga to‘lgunga qadar parvarish qilish bilan band bo‘lganligini va ishlamaganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
- Vafot etgan shaxsning ota-onalari, turmush o‘rtog‘i yoki oilaning boshqa a’zosi vafot etgan shaxsning uch yoshga to‘lmagan bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini parvarish qilish bilan band bo‘lganligini va ishlamaganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
- Xodimning qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zosi vafot etgan taqdirda nafaqa tayinlash to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
- Tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalarni olish uchun voyaga yetmagan shaxsning yoki pasport olmagan shaxsning fotosurati yopishtirilgan ma’lumotnoma;
- Vasiylikka olinganlarni ta’minlash va ularni zarur darajada parvarishlash bo‘yicha qarindoshlarining bunga qodirligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
- Vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan ishlamaydigan shaxslar uchun ma’lumotnoma;
- Shaxsiy yordamchi xo‘jaligida qoramol mavjudligi yoki qishloq xo‘jalik mahsulotlarining boshqa turlarini yetishtirish bilan bandligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- O‘zi tayyorlagan tovarlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar mavjudligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma;
- Kasallikka chalingan (sil, teri-tanosil kasalliklarining og‘ir ko‘rinishi, qandli diabetning yiringli yallig‘lanishi, psoriaz) ayollarning alohida xonada yashashi kerakligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- Kam ta’minlangan oilada yolg‘iz o‘zi ikki va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarni tarbiyalayotgan ayollar to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- Jazoni o‘tash joylaridan ozod qilingan, shuningdek, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga hukm qilingan shaxslarning tavsifi bilan ma’lumotnoma;
- Dafn o‘tkazilganligi holatini tasdiqlash uchun ma’lumotnoma.
2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron ko‘rinishda amalga oshiriladi.