Andijon tumani “Beshbo‘ynoq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashab kelgan 1976-yilda tug‘ilgan fuqaro I.N.ning murdasi Qoradaryo daryosining Oltinko‘l tumani “Madaniy mehnat-2” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan oqib o‘tuvchi qismidan boshsiz holda, qotillik alomatlari bilan topilgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Mazkur holat bo‘yicha 16-dekabr kuni Andijon tumani prokurori tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shu kunning o‘zida viloyat prokuraturasining O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tergov harakatlari boshlangan.

I.N.ning o‘limi sabablarini, uning tanasidagi tan jarohatlarining og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlanib, dastlabki ma’lumotnomasi olingan va ish hujjatlariga qo‘shilgan. Jinoyat ishi doirasida sudga oid biologik ekspertiza, sudga oid fizik-texnika ekspertizalari tayinlangan.

Bundan tashqari, tergov davomida I.N.ning jasadi topilgan Qoradaryo daryosining Oltinko‘l tumani “Madaniy mehnat-2” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan 1,5—2 kilometr yuqori oqimidan noma’lum shaxsga tegishli odam bosh suyagi topilib, bu bo‘yicha ham sud-tibbiy ekaspertizasi tayinlangan.

“Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda”, — deyiladi viloyat prokuraturasi xabarida.

Ayni vaqtda, 21-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda mazkur holatga aloqador ayrim xabarlar tarqalgan. Ta’kidlanishicha, uch bolaning otasi bo‘lgan I.N. Andijon tumani gaz ta’minoti bo‘limi omborxonasida yollanma ishchi bo‘lib ishlagan. “Uni shu idora rahbari S.X. vahshiylarcha o‘ldirib, ya’ni kallasini uzib, kanalga tashlagan”, — deyiladi xabarlarda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan “Hududgaz Andijon” kompaniyasi bergan bayonotga ko‘ra, I.N. korxona ishchisi emas, u bilan hech qanday shartnoma tuzilmagan. Shuningdek, S.X. gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olinmagan va unga nisbatan hech qanday jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan.

Kompaniyaning qayd etishicha, faqat “Andijontumangaz” filialining aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish muhandisi Sh.Q. IIB tomonidan tergov-surishtiruv ishlariga jalb etilgan, lekin u nima sababdan tergovga jalb etilganiga aniqlik kiritilmagan.

“Ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan ma’lumotlar asosida huquq-tartibot organlari tomonidan tergov-surishtiruv harakatlari hamda tekshiruvlar olib borilmoqda”, — deya qo‘shimcha qilingan kompaniya axborotida.

От qwert.uz