Yolg‘izlik bilan yuzma-yuz: kimsasiz orollarda jon saqlab qolgan odamlar haqida

Daniel Defoning “Robinzon Kruzo” asari olam yuzini ko‘rganiga bu yil roppa-rosa uch asr bo‘ldi. Robinzonning sarguzashtlari naqadar hayratomuz va qiziqarli bo‘lmasin, lekin tarixda kimsasiz orolda jon saqlab qolgan real odamlar taqdiri bilan bog‘liq undan-da g‘aroyib voqealar bo‘lib o‘tgan. “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov bu maqolasida aynan shunday odamlar haqida hikoya qiladi.

Hikoya qahramonlari taqdir hazili tufayli yoki o‘z ixtiyoriga ko‘ra kimsasiz orolga tushib qolgan va ular yovvoyi tabiat qo‘ynida yashash uchun kurashishga majbur bo‘lgan. Xususan, ular olov chiqarish, chuchuk suv topish, ozuqa izlash, ov qilish, yesa bo‘ladigan o‘simliklarni zaharlilaridan farqlash hamda topgan-tutgan materiallaridan o‘ziga boshpana qurish singari qiyin sinovlardan o‘tishlariga to‘g‘ri kelgan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.

Aleksandr Selkirk – kimsasiz orolda 4 yilu 4 oy yashagan

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kitobdagi Robinzon Kruzoning asl prototipi aynan shu – Aleksandr Selkirkdir. 1703-yilda 27 yoshli Selkrik Angliyaga qarashli “Senk Por” kemasiga botsman bo‘lib ishga kirgan. Kema butun 1704-yilni Janubiy Amerika atrofidagi dengizlarda o‘tkazgan. Selkirk juda janjalkash va fe’li og‘ir shaxs bo‘lgani uchun sayohat davomida kema jamoasidagi hamma bilan yoqalashib chiqqan. Xullas, undan hamma bezgan. Selkirkning ahmoqona xarakteri oxiri kema kapitanining ham joniga tegib, uni eng yaqin biror orolga tushirib ketishga qaror qilgan. O‘shanda bu qaysar odamni “Senk Por” kemasi Mas-a-Terra oroliga tashlab ketgan.

Foto: Google Photos

Albatta, kema kapitani bu orol kimsasiz ekanini yaxshi bilardi. Shu sababli Selkirk u yerda ochdan o‘lmasligi uchun unga miltiq, o‘q-dori zaxirasi, bolta, pichoq, tamaki, sandiqcha va bir nechta kitob qoldirgan. Selkirkka omad kulib boqqan edi. Chunki orol kimsasiz bo‘lgani bilan butunlay yovvoyi ham bo‘lmagan. U yerda bir necha yil avval o‘tkinchi ispan kemalari to‘xtab, qo‘nalg‘a qurgan. Ispanlar orolda echkilar qoldirib ketgan. Selkirk kelgan paytda oroldagi echkilar hali yovvoyilashib ketmagan va ularni qayta qo‘lga o‘rgatish orqali u sut va go‘sht, kiyim uchun teriga ega bo‘lgan. Shuningdek, orolda sholg‘omning bir turi o‘sgan. Selkirk ratsionini tyulen va toshbaqa go‘shti, orolda yashaydigan qushlarning tuxumi bilan boyitgan. Orolda bir necha xil mevalar ham muntazam pishib yetilib turgan.

Oroldagi hayoti davomida Selkirk daraxt kesib, yog‘ochdan kulba yasagan va ustiga gorizontni kuzatish uchun minora ham qurgan. Uzoqdan kema ko‘ringan paytda u olov yoqib, tutun chiqarib, signal berishga uringan. Gapirishni esdan chiqarib qo‘ymaslik uchun esa u kitoblarni ovoz chiqarib o‘qib, takrorlab yurgan.

Oradan 4 yil o‘tib, 1709-yilda orol yaqinidan suzib o‘tayotgan “Dyuk” kemasi bechorani payqab qolgan. Uni oroldan qutqarib olgan kema 1711-yilda Selkirkni eson-omon Angliyaga eltib qo‘ygan. U keyingi bir necha yilni shahar ko‘chalarida o‘zi haqidagi sarguzasht hikoyalar aytib berish bilan o‘tkazgan va butun Angliyada katta mashhurlikka erishgan. Katta ehtimol bilan Daniel Defo ham uning hikoyalarini eshitgan va shundan ilhomlanib “Robinzon Kruzo” asarini yozgan bo‘lsa kerak.

Keyinchalik Aleksandr Selkirk yana flotga ishga qaytgan va “Veymut” kemasida leytenant unvoni bilan xizmatda bo‘lgan. U 1721-yilda shu kemada vafot etgan. Selkirk 4 yil umr o‘tkazgan Mas-a-Terra oroli esa 1966-yildan beri Robinzon Kruzo oroli deb nomlanadi.

Pavel Vavilov – kimsasiz orolda 34 kun

Kimsasiz orol deganda aksariyat odamlar Tinch okeanidagi tropik orollarni tasavvur qiladi. Lekin kimsasiz orollar Shimoliy dengizda ham bisyor. Shulardan birida rus harbiy kemasi ishchisi Pavel Vavilov 34 kun jon saqlashiga to‘g‘ri kelgan.

Foto: Wikipedia

Vavilov 1909-yilda tug‘ilgan va yoshligidanoq kemalarda matros bo‘lib xizmat qilgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida u Shimoliy muz okeanida suzuvchi “Aleksandr Sibiryakov” kemasida o‘t yoquvchi bo‘lib ishlagan. Kema Shimoliy Yer orolidagi qutb stansiyasiga odamlarni va oziq-ovqat mahsulotlarini tashish bilan shug‘ullangan.

1942-yilning 24-avgustida “Aleksandr Sibiryakov” kemasini nemislar ko‘rib qolgan va dengiz jangi boshlangan. Natijada kema cho‘kib ketgan. Arang qutulib qolgan matroslar qayiqda qochishga urinishayotganda nemislar ularni ham o‘qqa tutib, hammasini qirib tashlagan. Butun kema ekipajidan faqat Vavilov omon qolgan va yog‘och siniqlariga tirmashib, eng yaqin quruqlikkacha suzib borgan. Yo‘l-yo‘lakay o‘lgan matroslarning to‘pponchalari, cho‘ntaklaridagi gugurt, suv va patronlarni olib yig‘ib borgan. Shuningdek, suvdan bir qopni tutib, qirg‘oqqa chiqargan. Unda don-dun, qalin issiq kiyim va shamchiroq bo‘lgan. Shu topgan-tutganini olib, Vavilov oroldagi yagona inshoot – tashlandiq mayoq tepasiga yo‘l olgan. U bu yerda yirtqich oq ayiqlardan himoyalanishga majbur bo‘lgan.

Dengizchi qayerda ekanini faqat taxminan bilgan xolos. U Beluxa oroliga tushib qolgan edi. Orolda o‘simlik o‘smagan, baliq tutishning ham imkoni bo‘lmagan. Chuchuk suvni esa qorni eritish orqali hosil qilgan. Vavilovning qalin kiyimlarga burkangancha umid bilan dengizni kuzatishdan boshqa chorasi bo‘lmagan. Eski tashlandiq mayoqdagi yog‘och qismlarini uchun asta-sekin, tejamkorlik bilan yoqib, unda isingan va o‘zi haqida signal bermoqchi bo‘lgan.

U dengizda bir necha bor kemalarni ko‘rgan va ularga signal berishga harakat qilgan. Biroq kemadagilar uni payqamay o‘tib ketgan. Oradan 34 kun o‘tibgina Vavilovni bir paroxod sezib qolgan. Biroq o‘shanda ham uni qutqarishning imkoni bo‘lmagan. Matrosni bortga olishga kuchli to‘lqin xalaqit bergan. Natijada paroxod ilojsiz nari ketishga majbur bo‘lgan. Lekin paroxod zudlik bilan qirg‘oqdagilarga oroldagi odam haqida ma’lumot jo‘natgan va orolga qutqaruv guruhi yetib kelgan. Vavilov qutqarib olingach, bir necha oydan keyin yana shimoliy flotga xizmatga qaytib, umrining oxirigacha Arktika dengizlarida suzib yurgan.

Margaret de la Rok – kimsasiz orolda 2 yil

Margaret de la Rok farang zodagonlaridan bo‘lgan. Uning akasi Jan Fransua de la Rok esa Fransiya qiroli Fransisk I ning ishonchli kishilaridan bo‘lgan.

1541-yilda qirol Jan Fransua de la Rokni Yangi Fransiya (hozirgi Kanada) gubernatori etib tayinlagan va aka-singil kemada Shimoliy Amerika tomon yo‘lga chiqqan. Hali manzilga yetib bormasdan yo‘l-yo‘lakay Margaret kemadagi xizmatchilardan biri bilan oshiq-ma’shuq bo‘lib qolgan. Bundan darg‘azab bo‘lgan akasi sevishganlarni Shayton (hozirgi Xarrington) orolida tushirib ketishga qaror qilgan. Ularga hamroh sifatida bir xizmatkor ham orolda qoldirilgan.

Margaret ko‘p o‘tmay homilador bo‘lib qolgan va orolda ona bo‘lgan. Biroq chaqaloq ko‘p o‘tmay vafot etgan. Bir necha oydan keyin avvaliga xizmatkor, keyin xushtori ham olamdan o‘tgan. Margaret orolda bir o‘zi yolg‘iz qolgach, yovvoyi hayvonlarni ovlab kun ko‘ra boshlagan. 1544-yilda uni kit ovlovchi kema tasodifan ko‘rib qolgan va qutqarib olib, Fransiyaga qaytargan. U mamlakatda juda mashhur bo‘lib ketgan va Nortron shaharchasida muqim o‘rnashib, o‘qituvchilik qilish bilan umr kechirgan.

Ada Blekjek – 2 yil

Ada Delituk Shimoliy Amerikaning eng shimolida yashaydigan inuit qabilasi vakilasidir. U Sprus-krik nomli shaharchada 1898-yilda tug‘ilgan. Otasidan juda erta yoshda yetib qolgan qizaloqni Alyaskadagi Nom shahrining mehribonlik maktabiga topshirib yuborishgan.

Foto: Wikipedia

U 16 yoshida turmushga chiqqach, familiyasi Blekjekka o‘zgargan. Ada 23 yoshida bir farzandi bilan beva qolgan. U bolasini boqish uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib, qattiq ishlagan. Biroq farzandi sil kasaliga yo‘liqqach, dori-darmonga pul topa olmay chorasiz qolgan. U iloji boricha katta pul topish va farzandini davolatish uchun hamma narsaga tayyor edi. Shu payt unga Shimoliy Muz okeanidagi Vrangel oroliga yo‘l olayotgan ilmiy ekspeditsiyaga tarjimon va tikuvchi bo‘lib yollanishni taklif qilishgan. Va’da qilingan pul katta bo‘lgan uchun u bolasining sog‘ligini o‘ylab, bu qiyin ishga rozi bo‘lgan.

1921-yilning sentabrida Vrangel oroliga yetib borgan ekspeditsiyaning 6 oyga yetarli oziq-ovqat zaxirasi bo‘lgan. Kunlar ilishi bilan ekspeditsiyani qaytib olib ketish uchun kema kelishi kerak edi. Biroq 1922-yilning bahori va yozi o‘tsa ham hech qanday kema kelmagan. Bu orada ekspeditsiya a’zolaridan biri og‘ir kasallanib, vafot etgan. Orolda umuman ozuqa qolmagach, 1923-yilning yanvarida ikki erkak yordam bilan qaytish uchun yo‘lga chiqib, ular ham dom-daraksiz yo‘qolgan. Xullas, oxir-oqibat Ada Blekjek orolda bir o‘zi, yolg‘iz qolgan. Atrofda esa yirtqich oq ayiqlardan boshqa jonzot yo‘q edi. U qushlarning tuxumi va qopqonga tushgan mayda hayvonlar go‘shti bilan oziqlangan. Har ehtimolga qarshi vasiyat yozib qo‘ygan. Keyin esa kundalik tutib, sarguzashtlarini qog‘ozga tushirib borgan. Ko‘plab fotosuratlar olgan.

1923-yilning 19-avgustida, ya’ni roppa-rosa 2 yil o‘tib, orol yaqinida “Donaldson” kemasi paydo bo‘lgan va Ada Blekjekni qutqarib olgan. U yurtiga eson-omon yetib olgach, birinchi navbatda o‘g‘lini davolatish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Shu tariqa, 20–30-yillarda matonatli ayol Ada Blekjek butun Amerikada katta mashhurlikka erishgan. U oroldan o‘zi bilan olib kelgan ayiq va tulki terisi bilan savdo qilib, bolasini butunlay davolatib yuborgan.

Pedro Luis Serrano – 7 yoki 8 yil kimsasiz orolda yashagan

Pedro Luis Serrano 1520–1540-yillarda Karib havzasida suzgan ispan kemalarida xizmat qilgan. Uning kemasi Nikaragua qirg‘oqlari yaqinida halokatga uchragan va u eng yaqin quruqlikkacha arang suzib borib, jon saqlab qolgan. Bu quruqlik esa faqat sayoz qumloqdan iborat juda kichik orolcha bo‘lib, u yerda na o‘t-o‘lan va biror jonzot bo‘lmagan. Orolga faqat dengiz toshbaqalari suzib chiqib turgan. Serrano aynan shu – toshbaqa go‘shtini yeb jon saqlagan. Chuchuk suvni ham o‘zi yegan toshbaqalarning kosasiga to‘plagan yomg‘ir suvlaridan ichgan.

U sohildan dengiz ichkarisiga bir necha o‘n metr suzib borib, suvo‘tlarni yig‘ib chiqqan va ularni oftobda quritib, keyin yoqib olov chiqargan. Uzoqdan ko‘ringan kemalar esa Serrano yoqqan olovni ko‘rmay o‘tib ketgan. Shu tariqa u uch yil yashagan. Uchinchi yili xuddi uning kemasi halokatga yo‘liqqan joyda yana boshqa bir kema ham cho‘kib ketgan. O‘sha kemadan ham bir dengizchi omon qolib, Pedro Serranoning oldigacha suzib kelgan. Natijada endi ikki bechorahol kimsa har kuni ufqqa termulib yordam kutib yashay boshlagan. Oradan yana 4 yil o‘tibgina ularni yaqindan suzib o‘tayotgan kemadagilar ko‘rib qolgan va qutqargan.

Daniel Foss – 6 yil

Kimsasiz orolda yashash bo‘yicha yana bir qahramon Daniel Foss ismli AQSh fuqarosidir. 1809-yilda u “Negosiator” nomli kemada Shimoliy dengizga tyulen oviga chiqqan. Kema aysberg bilan to‘qnashib, pachoqlanib ketgach, omon qolgan bir nechta kishi qutqaruv qayig‘ida dengizda darbadar kezishga majbur bo‘lgan.

Foto: Wikipedia

Kunlar va haftalar o‘tavergan, ularni hech kim qutqarmagan. Qayiqdagilar ochlikdan va tashnalikdan birin-ketin vafot eta boshlagan. Oxiri ular ichida faqat Daniel Foss tirik qolgan. Foss bir necha kun ochiq dengizda och-nahor darbadar bo‘lgach, nihoyat qandaydir noma’lum qirg‘oqqa yetib kelgan. Uning baxtiga qarshi, bu orol faqat yalang‘och tosh qoyalardan iborat kimsasiz orol bo‘lib chiqqan. Bir necha kun davomida och qolgan. Chunki orolda hech vaqo bo‘lmagan. U yomg‘ir suvini ichgan.

Nihoyat, oradan bir hafta o‘tib, orolga tyulenlar galasi suzib kelgan. Foss aynan tyulenlarni ovlab kun kechirgan. Keyingi bir oy ichida u orolning eng baland nuqtasiga tosh terib boshpana qurgan. Shu yerdan turib u gorizontga tikilgancha umid bilan yordam kutgan. Bir necha yil shu alfozda yashagan Foss bir safar tongda uyg‘onsa, dengiz qirg‘oqqa o‘lik kitni chiqarib tashlaganini ko‘rgan. Kit garpun bilan yaralangan ekan.

Shundan bilib, u yaqin orada kit ovlovchi kema borligini fahmlagan va bor kuchi bilan harakat qilib, o‘ziga e’tibor jalb qilishga uringan. Lekin uni hech kim ko‘rmagan va u ham hech qanday kemani topa olmagan. Kit esa unga keyingi yana bir necha oyga yetadigan ozuqa zaxirasi bo‘lib xizmat qilgan.

Shu tariqa u olti yil toshqoyali orolda tyulen go‘shti bilan kun kechirib, yashab qolgan. Nihoyat, uni yaqindan suzib o‘tayotgan kemadagilar ko‘rib qolgan. Foss kemagacha o‘zi suzib borgani ham hikoya qilinadi. Uni kemada Nyu-Yorkka eltib qo‘yishgan.