Eron “Ukraina xalqaro avialiniyalari”ning samolyoti eronlik harbiylar tomonidan “tasodifan” urib tushirilganini tan oldi. Bu “inson xatosi” oqibatida yuz bergan, deyiladi Eron rasmiylarining bayonotida. Bu haqda Associated Press agentligi xabar bermoqda.
Foto: Meduza
Eron harbiylari bayonotida ta’kidlanishicha, samolyot Inqilobiy gvardiyaning “muhim harbiy markazi” tomon burilishni boshlaganidan so‘ng, uni “dushman nishoni” deb qabul qilishgan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. Hodisa yuz bergan vaqtda harbiylarning jangovar tayyorgarligi AQSh bilan keskin munosabatlar fonida yuqori darajada bo‘lgan.
Eron aviahalokat uchun uzr so‘radi va kelgusida bunday “xatoliklar”ga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘z tizimlarini yangilab chiqishga va’da berdi.
“Ukraina xalqaro avialiniyalari”ning Kiyevga uchayotgan Boeing 737 samolyoti 8-yanvar kuni Tehron aerportidan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay qulagan edi. Hodisa oqibatida 176 kishi halok bo‘lgan.
Samolyot Eron AQShning Iroqdagi harbiy bazalariga raketa zarbalari bergan oqshomda qulagan edi. 9-yanvar kuni esa “Boing”ga raketa kelib urilishi aks etgan video e’lon qilingan edi. Dastlab Eron samolyotning urib tushirilganini rad etayotgan edi. Tehron samolyotning qulashiga dvigatellardan birining yonib ketgani sabab bo‘lganini ta’kidlab kelayotgan edi.