Toshkent shahar IIBB 9-yanvar kuni Toshkentning Bunyodkor va Furqat ko‘chalari chorrahasi yaqinida BMW va Lacetti avtomobillari ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi haqida rasmiy axborot berdi.
Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati
9-yanvar kuni soat 23:30 da Chilonzor tumani Bunyodkor ko‘chasida joylashgan Xalqlar do‘stligi saroyi qarshisida ikkita avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Lacetti rusumli avtomobil haydovchisi 44 yoshli D. M. Islom Karimov ko‘chasiga burilishdan oldin svetoforgacha bir necha metr masofa qolganida tor joyda to‘xtagan. Tezlikni oshirib harakatlanib kelayotgan davlat raqami 01 Т 777 ЕВ bo‘lgan BMW avtomobili Lacettiga to‘qnashishi oqibatida avtomobillarda yong‘in kelib chiqqan.
Foto: Telegram / “Exo Uzbekistana”
Lacetti rusumli avtomobil haydovchisi va 6 yoshli yo‘lovchisi D.M. Toshkent shahar IIBB YPX va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qutqarilgach, jarohat va kuyishlar bilan shifoxonaga yetkazilgan. Yana ikki nafar yo‘lovchilar – 44 yoshli I.M. va 8 yoshli Ya.M. voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi.
BMW avtomobili haydovchisi voqea joyidan yashirindi. YTH sodir bo‘lganida avtomobilni boshqargan haydovchining shaxsini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
YTH BMW avtomobili haydovchisi tezlikni keskin oshirgani tufayli yuz bergani taxmin qilinmoqda.
YTH fakti bo‘yicha Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) “a” bandi 3-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Marhumlarning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etamiz, deyiladi xabarda.