Ummon sultoni Qobus bin Said 79 yoshida vafot etdi, deb xabar beradi Reuters.
Foto: Reuters
Qobus bin Said o‘z otasi Said bin Taymurni taxtdan ag‘darib, 1970-yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgandi. Sultonning vafoti munosabati bilan uch kunlik motam e’lon qilingan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Qobus bin Said 2015-yili saratonga chalingan edi. U nafaqat davlat rahbari sifatida mutlaq monarx, balki hukumat rahbari, oliy bosh qo‘mondon, mudofaa, tashqi ishlar va moliya vaziri hisoblangan. Shuningdek, Ummonda Vazirlar Mahkamasi ham sulton tomonidan tayinlanadi.
Sultonning farzandlari bo‘lmagan, shu sababli u merosxo‘rini ommaga e’lon qilmagan. 1996-yildagi nizomga ko‘ra boshqaruvdagi oila uch kun ichida uning davomchisini tanlashi kerak. Agar ular bir to‘xtamga kela olishmasa, armiya, maxsus xizmat vakillari, shuningdek, Oliy sud rahbariyati va ikki maslahat assambleyasi rahbarlarini o‘z ichiga olgan kengash hokimiyatni sulton tomonidan muhrlangan xatda ko‘rsatilgan shaxsga topshiradi.