Yakunlanib borayotgan 2019-yil ilm-fan olamida ham bir necha katta hodisalar, amaliy va nazariy yutuqlar bilan yorqin iz qoldirmoqda. Yakunlanayotgan yilning eng muhim ilmiy-texnologik yutuqlari haqida “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov hikoya qiladi.

Avvalo, 2019-yilning eng birinchi kuni – 1-yanvar sanasiyoq bizga ajoyib ilmiy natijani taqdim etdi. O‘sha kuni, inson qo‘li bilan yasalgan kosmik apparat “dunyoning narigi chekkasi”ga yetib borgan kuni bo‘ldi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.  Hayron bo‘lmang, “dunyoning narigi chekkasi” deganda bu o‘ringa ko‘chma ma’no qo‘llanilmoqda va bu (486958) Arrakot transneptun asteroidining norasmiy nomidir. Xalqaro ilmiy manbalarda Ultima Thule, ya’ni “dunyoning narigi chekkasi” deb qayd etiladigan ushbu asteroid 2014-yilda “Xabbl” teleskopi orqali kashf etilgan edi. Ushbu asteroidga aynan yil boshidagi birinchi sanada “Yangi gorizontlar” sayyoralararo avtomat kosmik zondi 3 500 kilometrgacha yaqinlashdi va uning eng tiniq tasvirlarini Yerga yubordi. 1-yanvar, Yangi yil kuni va hammada yangi yil kayfiyati hukmron bo‘ladigan sana. Ne ajabki, Ultima Thule asteroidi ham Yangi yil ramzlaridan biri – Qorbola shaklida bo‘lib chiqdi. Hozirda Ultima Thule rasman zond yetib borgan obyektlar ichida Yerdan eng olisda joylashgani bo‘lib, u bizdan 6,5 milliard kilometr masofa narida harakatlanmoqda. Shu sababli ham unga shu norasmiy “dunyoning narigi chekkasi” degan nom berilgan.

Foto: NASA

Astronomiyaga oid yana bir juda muhim ilmiy yutuq sifatida aprel oyida butun jahon OAVida katta shov-shuv ko‘targan voqea – tarixda ilk bor o‘ta massiv qora tuynuk tasviri olingani hodisasini esga olish zarur. 10-aprel kuni o‘tkazilgan yirik matbuot konferensiyasida Event Horizon Telescope xalqaro kollaboratsiyasi M87 o‘ta katta massali qora tuynuk sharpasi tasviri olinganini e’lon qildi. Olamshumul kashfiyotda O‘zbekiston olimlarining hissasi bo‘lgani esa hammamizni quvontirdi. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti xodimlari, professor Bobomurat Ahmedov va Ahmadjon Abdujabborovlar Event Horizon Telescope xalqaro kollaboratsiyasi qora tuynuk tasvirini olish loyihasining nazariy-matematik hisob-kitoblar qismida ishtirok etdi.

Foto: NASA

Paleontologiya va geologiya ilmlari sohasi ham ushbu yilda juda qiziq bir ilmiy xulosani bizga taqdim etdi. Ular bundan 66 million yil muqaddam yuz bergan va sayyoramizda dinozavrlar qirilib bitishiga sabab bo‘lgan global kataklizm – Yerga asteroid qulashi hodisasini rekonstruksiya qildi. Buning uchun Texas universiteti olimlari o‘sha asteroid kelib urilgan joy – Meksika ko‘rfazidagi Chiksulub krateriga sho‘ng‘ib, 500 metrdan 1 300 metrgacha bo‘lgan tubliklardagi jinslardan namunalar olib chiqqan. Ularni o‘rganish asnosida olimlar o‘sha asteroid kelib urilishidan keyin sodir bo‘lgan jarayonlar manzarasini qayta tiklagan. Aniqlanishicha, zarba to‘lqini tufayli dunyo okeanida hosil bo‘lgan ulkan sunami yo‘lida uchragan barcha narsani o‘pirib ketgan. Zarba kuchining o‘zi esa 10 milliard dona atom bombasi portlash kuchiga teng bo‘lgan. O‘shanda global fojianing o‘zi va undan keyin atmosferaga tarqalgan oltingugurt bug‘lari tufayli Yer yuzi keskin sovib ketishi natijasida tirik mavjudotlarning 75 foizga yaqin qismi butunlay qirilib ketgan ekan.

Irsiyatshunoslar bu yili DNK tahlillari asosida Denisov odamining yuz qiyofasini qayta tiklashga muvaffaq bo‘lganliklari bilan olqishga sazovor bo‘ldi. DNK tahlili borasidagi ushbu innovatsiya Quddusdagi Yahudiy universiteti olimlari tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, buning ilmiy jihatdan ahamiyati shundaki, tadqiqotda Denisov odamining saqlanib qolgan yagona tana a’zosi – bir donagina tishidan olingan DNK materiali tahlili asosida natija olingan. Boshqa qadimgi odam qoldiqlaridan farqli o‘laroq, Denisov odamining birorta ham skleti bizgacha yetib kelmagan edi. Ma’lumot uchun, Denisov odami Oltoydagi Denisov g‘oridan topilgan bir dona tish asosida aniqlangan odam ajdodi bo‘lib, bu odamlar bundan taxminan 40 ming yil muqaddam Osiyo hududlaridan yashagan. Ular ham neandertallar qatori zamonaviy odam ajdodlaridan biri hisoblanadi va hozirgi odamlar genofondida muayyan iz qoldirgani bilan e’tiborlidir. Qudduslik olimlar o‘tkazgan DNK tahlili asosida Denisov g‘oridan topilgan o‘sha odam qoldiqlari voyaga yetmagan yosh qizga tegishli ekani aniqlangan va hatto uning taxminiy qiyofasining 3D-tasviri ham olingan.

Foto: Yahudiy universiteti

Kvant texnologiyalari sohasidagi yilning eng muhim texnologik natijasi esa Google korporatsiyasi tomonidan qayd etildi. Korporatsiya mutaxassisi, fizik Jon Martins boshchiligidagi ilmiy guruh laboratoriyada kvant ustunligiga erishgani haqidagi maqola Nature jurnalida e’lon qilingach, voqea butun dunyo bo‘ylab nafaqat IT, balki kvant fizikasi sohasida izlanishlar olib borayotgan har qanday olimlar uchun ham katta orzular ro‘yobi o‘laroq namoyon bo‘ldi. Qayd etilishicha, Google mutaxassislari erishgan kvant ustunligiga ega Sycamore nomli uskuna 200 soniyada bajargan vazifani bajarish uchun zamonaviy eng kuchli superkompyuterlar, masalan, IBM’ning Summit superkompyuteri 10 ming yil sarflagan bo‘lar edi. IBM va boshqa ayrim kompaniyalarda Google’ning ushbu ilmiy-texnologik yutug‘i shubha ostiga olingan bo‘lsa-da, Nature kabi nufuzli ilmiy jurnallarda maqola kuchli taqrizlardan keyingina nashrga berishini inobatga olsak, bu natijani yilning eng muhim texnologik yutuqlari qatoridan e’tirof etmaslikka asos qolmaydi. Umid qilamizki, bu amaliy natija kelajak kompyuterlari bo‘lmish – kvant kompyuterlarini yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Yana bir eng muhim ilmiy natija esa 2019-yilda Ebola virusiga qarshi dori topilgani bo‘ldi.  Ebola virusi Markaziy Afrikadagi qator davlatlar aholisini dahshatga solib kelayotgan, o‘lim xavfi eng yuqori bo‘lgan viruslardandir.

Mavzuga doir:

Yerdagi eng xatarli to‘qqiz virus

Aniqlanganiga 40 yil bo‘lay deganiga qaramay, shu choqqacha Ebola virusiga qarshi samarali dorining o‘zi yo‘q edi. AQSh allergiya va infeksion kasalliklar Milliy instituti (NIAID) olimlari joriy yilda Ebolaga qarshi bir emas, ikkita samarali davo chorasi topgani tahsinga sazovordir. Bular mAb114 va REGN-EB3 nomini olgan antitanalar bo‘lib, uning samaradorlik ko‘rsatkichi 70 foiz holatda bemorni kasallikdan qutqargani aytilmoqda. Shu tariqa, Afrikadagi millionlab odamlarning hayotini saqlab qolish imkonini beruvchi ushbu muhim kashfiyotni yakunlanib borayotgan yilning eng asosiy ilmiy yutug‘i desak ham aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

P.S.: Albatta, yana shuningdek Neptunning yangi, hisob bo‘yicha yettinchi tabiiy yo‘ldoshi kashf etilgani, atigi –23 ℃ haroratda ham o‘ta o‘tkazuvchanlik xossasiga erishilgani singari yana qator e’tiborga molik natijalar 2019-yilning ilmiy manzarasini shubhasiz bezab berdi. Shunga qaramay, yuqorida qayd etilgan beshta ilmiy-texnologik yutuq tugayotgan yilning eng muhimlari bo‘ldi degan subyektiv mulohazamizni qabul qilgaysiz.

От qwert.uz