Rossiyada yangi turdagi koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq dastlabki ikki holat qayd etildi, deya xabar bermoqda Meduza. Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikovaning ma’lum qilishicha, virus Baykalorti o‘lkasi va Tyumen viloyatida bo‘lgan Xitoyning ikki fuqarosida aniqlangan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

“Rospotrebnadzor” rahbari Anna Popovaning qo‘shimcha qilishicha, har ikkala kasallanganning ahvoli barqaror deb baholanmoqda, klinik belgilar va harorat yo‘q.

Golikovaning ta’kidlashicha, Rossiya hukumati koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Uxan shahri joylashgan Xubey viloyatidan rossiyaliklarni evakuatsiya qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Uxanda 300 nafar, Xubeyda esa 341 nafar rossiyalik bor. Bosh vazirning aytishicha, barcha rossiyaliklar 4-fevralga qadar qaytarib olib kelinadi.

Rossiya hukumati xitoyliklarga ishchi viza berishni taqiqlash to‘g‘risidagi qarorni tayyorlamoqda, deya ma’lum qildi Golikova.

Shuningdek, “Aeroflot”ning Pekin, Shanxay, Gonkong va Guanjchouga reyslaridan tashqari, Xitoy bilan barcha aviaqatnovlar, shuningdek, Xitoy aviakompaniyalarining Moskvaning Sheremetyevo aeroportiga reyslari bekor qilinadi. Yangi aviatartib 1-fevraldan kuchga kiradi.

Bundan tashqari, Rossiya Mo‘g‘uliston bilan chegarada cheklov o‘rnatadi. Avvalroq, 31-yanvardan Xitoy bilan chegara yopilgan edi.

Golikovaning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya hukumati Xitoy bilan pochta va yuk tashuvlarini to‘xtatmaydi.

От qwert.uz