Xitoyda koronavirus oqibatida vafot etganlar soni ming kishidan oshib ketdi. Bu haqda Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi xabar berdi.

Foto: AP

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda mamlakat hududida 42 638 kishida kasallik holati qayd etilgan. 37 726 kishi hozirda davolanishda bo‘lib, ularning 7333 nafarining ahvoli og‘ir. Jami 3996 kishi kasallikdan davolanib, tibbiyot muassasasidan javob berib yuborilgan; vafot etganlar soni 1016 kishini tashkil etmoqda  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. 

O‘tgan bir kunning o‘zida Xitoyda koronavirusdan 108 kishi vafot etgan (103 ta holat Xubey provinsiyasida qayd etilgan). Shuningdek, yana 2478 kishida virus aniqlangan, tekshiruvdan o‘tgan 26 724 kishining organizmida virus alomatlari topilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy hukumati 2019-yil 31-dekabrda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga Xubey viloyatining Uxan shahrida noma’lum virus tarqalganini xabar qilgan. Keyinchalik mutaxassislar tomonidan kasallik tarqatuvchisining 2019-nCoV koronavirusi ekanligini ma’lum qilgandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adan Gebreyesus koronavirusga qarshi kurashda niqoblardan oqilona foydalanishga chaqirdi. Tashkilot himoya vositalariga talab 100 baravar, uning narxi esa 20 baravar oshishini taxmin qilmoqda.

Hozirda Rossiyada 20 ming nafar odam koronavirus tufayli nazoratga olingan, AQShda esa koronavirusga chalingan odamlar soni 12 nafarni tashkil qilmoqda.

От qwert.uz