Andijon viloyati Asaka tumanida o‘z erini o‘ldirish uchun 50 ming dollarga odam yollagan ayol qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura tomonidan ma’lum qilindi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Xabar berilishicha, tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi 1984-yilda tug‘ilgan ayol O.D. 9-fevral, yakshanba kuni, soat 21:00 da Asaka tumanidagi “Gumbaz” kafesi oldida fuqaro A.A. bilan ko‘rishgan. Ayol A.A.ga turmush o‘rtog‘i A.Sh.ni o‘ldirish evaziga 50 ming dollar va’da qilib, oldindan 6000 dollar bergan.

Shuningdek, O.D. fuqaro A.A.ning tanishi J.E. bilan Asaka shahridagi 55-sonli maktab oldida ko‘rishib, A.A.ga berib qo‘yishi uchun unga ikki juft sariq metaldan yasalgan ayollar bilaguzugi va bir dona sariq metaldan yasalgan ayollar zanjirini bergan.

Ta’kidlanishicha, 14-fevral, juma kuni, soat 22:30 da tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir chog‘ida A.A. va J.E. A.Sh.ni o‘ldirganligi haqida O.D.ga xabar bergan hamda u bilan Asaka shahridagi “Iris” kafesida ko‘rishgan. Yollangan ikki erkak A.Sh.ni o‘ldirilganligi aks etgan fotosuratni O.D.ga ko‘rsatgan.

Shundan so‘ng, ayol erining o‘ldirilganiga ishonch hosil qilib, evaziga oldindan va’da qilingan pul qiymatiga teng ayollar zanjiri, braslet, uzuklar va zirakni bergan. Shu vaqtda ayol ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan 14-fevral kuni Asaka tuman prokuraturasi tomonidan O.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25 orqali 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ayolga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Avvalroq jizzaxlik erkak boshqa erkaklar bilan munosabatda gumon qilib, o‘zining homilador rafiqasini yoqib yuborgan edi. Toshkentda erkak xotinini pichoqlamoqchi bo‘lganida uni to‘xtatgan IIB xodimini jarohatlagani haqida xabar berilgan edi. 2020-yil 31-yanvar kuni Samarqandda qaynuka kelinoyisini pichoqlab o‘ldirgan. G‘allaorolda esa erini pichoqlagan ayolga nisbatan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi. Yangi yil kechasi esa Toshkentda ichki ishlar organi xodimi homilador rafiqasini do‘pposlagan.

От qwert.uz