Koronavirus epidemiyasiga qaramay O‘zbekistonga kelayotgan xitoylik sayyohlar soni oshdi

Yanvar oyida O‘zbekistonga 2659 nafar xitoylik sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2019-yilning yanvariga nisbatan 15,9 foizga ko‘p, deya xabar bermoqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Foto: “Daryo”

Umuman olganda, 2020-yilning yanvarida O‘zbekistonga 538 360 nafar chet ellik kelgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 23,1 foizga ko‘p. Ularning aksariyat qismi — 514 774 nafari, har doimgidek, MDH mamlakatlaridan. Uzoq xorijdan 23 586 kishi kelgan.

Birinchi o‘rinda — Qozog‘iston, u yerdan 164 100 kishi kelgan. Ikkinchi o‘rindan Tojikiston (137 298 kishi), uchinchi o‘rindan esa Qirg‘iziston (121 856 kishi) o‘rin olgan.

Turkmaniston (118,4 foizga), Bangladesh (200 foizga), Braziliya (266,7 foizga), Irlandiya (383,3 foizga), Shri-Lanka (600 foizga), Mo‘g‘uliston (1333,3 foizga) va Vyetnamdan (1425 foizga) keluvchilar soni keskin oshgan.

Avvalroq koronavirus sabab O‘zbekiston xitoylik sayyohlarning bir qismini yo‘qotishi mumkinligi, boisi xitoyliklarga xorijiy tur-paketlar sotib olish va chet elda mehmonxonalarni bron qilish taqiqlangani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga doir: O‘zbekiston iqtisodiyoti Xitoydagi koronavirus tufayli qiyin sharoitlarga duch kelishi mumkin

Ayni vaqtda Toshkentdagi mehmonxonalarning egalari koronavirusdan O‘zbekistonning turizm sohasi foyda ko‘rishi, Xitoyga safar qilish niyatida bo‘lganlar endi boshqa mamlakatlarga, xususan, O‘zbekistonga kelishi mumkinligini ta’kidlagan edi.