Janubiy Koreyada yangi koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 204 ta holat aniqlandi. Mamlakat kasallanish ko‘lami bo‘yicha Xitoy (u yerda 75 mingdan ortiq kishi kasallangan) va Yaponiyadan (u yerda 700 dan ziyod koronavirus bemori bor) so‘ng epidemiyaning jahondagi uchinchi eng yirik o‘chog‘iga aylandi  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.  Hafta boshida ham Janubiy Koreyada yangi virus bilan xastalanganlar soni 30 kishidan kamroq edi, ammo payshanba kuni ularning soni 100 kishiga yetdi, juma kuni esa 200 kishidan oshib ketdi. Bugun poytaxt Seuldan 300 kilometr masofada joylashgan va 2,4 million aholi istiqomat qiladigan Tegu shahri COVID-19 ning bosh o‘chog‘iga aylangan, deb yozadi Meduza.

Tegudagi Sinchonji cherkovi binosiga sanitar ishlov berilmoqda, 2020-yil, 19-fevral.
Foto: AFP

Janubiy Koreya rasmiylari 204 ta kasallanish holatidan kamida 144 tasini nasroniylarning Sinchonji diniy tashkiloti bilan bog‘liq, deb hisoblamoqda. Tashkilotga 1984-yilda o‘zini Iso Masihning in’ikosi deb hisoblaydigan koreys ruhoniysi Li Man Xi asos solgan. Ushbu sekta jahonning turli mamlakatlarida 200 mingdan ortiq izdoshga ega. Ta’kidlanishicha, Sinchonji a’zolari kasalliklarga befarq; ular hayotning abadiyligiga ishonadi va inson xastalanib vafot etsa, bu uning e’tiqodi kuchsizligidan, deb hisoblaydi.

Tegudagi koronavirus tarqatuvchisi sifatida Sinchonji sektasi a’zosi hisoblangan 61 yoshli ayol ko‘rsatilmoqda. Unda kasallik alomatlari 10-fevraldayoq paydo bo‘lgan, biroq, xabar berishlaricha, u virus bor-yo‘qligini aniqlab beruvchi testdan o‘tishni ikki marta rad etgan va bu qarorini xorijga chiqmagani bilan izohlagan. Ayolda COVID-19 ning borligi aniqlanguniga qadar, u kamida ikkita yakshanba ibodatida qatnashishga ulgurgan. Xabar berishlaricha, bu ayol koronavirusni yuqtirib olgani tasdiqlangan Janubiy Koreyadagi 31-odam bo‘ldi, ayni vaqtda u ushbu virusning mamlakatdagi eng mashhur tarqatuvchisi hamdir. Kasallik unga kimdan yuqqani hozircha aytilmayapti.

Sinchonjining oxirgi yakshanbalardagi ibodatlarida bu ayol bilan birga yana mingdan ortiq odam qatnashgan. Ularning barchasidan o‘zaro muloqotni to‘xtatish so‘ralgan, koronavirusga tekshirish boshlangan. Sektaning 544 a’zosi o‘zida kasallik belgilari borligini bildirgan. Sinchonji Tegudagi jamoat faoliyatini, ibodatlar va yig‘inlarni to‘xtatgan va uzr so‘rab, tashkilot a’zosi o‘zini bor-yo‘g‘i shamollagan deb o‘ylaganini ta’kidlagan. Sinchonjining asoschisi esa bo‘layotgan voqealarni “shaytonning kirdikorlari” deb atab, izdoshlarini birga yig‘ilmaslikka va rasmiylarning ko‘rsatmalariga bo‘ysunishga chaqirgan.

Koronavirus tarqalib ketgani bois, kattaligi bo‘yicha Janubiy Koreyaning to‘rtinchi shahri hisoblangan Tegu “alohida e’tibordagi hudud” deb e’lon qilingan. U yerga qo‘shimcha shifokorlar, koykalar va tibbiyot uskunalari yuborilgan. Tegu meri vaziyatni “beqiyos inqiroz” deb ta’rifladi, aholini ortiqcha zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikka chaqirgan. Kasalxonalarda zotiljamga chalingan barcha bemorlar tekshirilmoqda, bolalar bog‘chalari va kutubxonalar yopilgan, keksalarga yordam ko‘rsatish markazlarida nazorat kuchaytirilgan, harbiy qismlarga kirish-chiqish cheklangan. Shahar aholisi Tegu ikkinchi Uxanga aylanishi mumkinligidan xavotirda (Xitoy koronavirusi aynan Xitoyning Uxan shahridan tarqala boshlangan edi).

Tegudan tashqari unga qo‘shni kichikroq — Chxondo shahri ham “alohida e’tibordagi hudud” deb e’lon qilingan. Mahalliy kasalxonada koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 16 ta holat aniqlangan, bemorlardan biri vafot etgan (bu Janubiy Koreyada yangi virusdan vafot etish bilan bog‘liq ikki holatdan dastlabkisi edi). Rasmiylar koronavirus infeksiyasining ushbu o‘chog‘iga Tegudagi “31-bemor”ning qanchalik aloqadorligini tekshirmoqda. Avvalroq bu ayol Sinchonjining boshqa a’zolari bilan birga fevral oyi boshida sekta asoschisi akasining dafn marosimida qatnashish uchun Chxondodagi kasalxonaga kelib ketgani aytilgan edi. Biroq keyinroq rasmiylar bu xabarlarga aniqlik kiritib, ayol haqiqatan ham Chxondoda bo‘lgani, biroq kasalxonaga bormaganini ma’lum qildi.

От qwert.uz