“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish haqida petitsiya e’lon qilindi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Norma
Murojaatda jismoniy va yuridik shaxslardan mobil qurilmalarning IMEI raqamlarini ro‘yxatga olish uchun aholidan undiriladigan to‘lovlarni bekor qilish va ro‘yxatga olishni yanada soddalashtirish tartibini joriy etish so‘ralgan.
“Chunki hozirgi globallashuv davrida aholini qo‘llab-quvvatlash, ortiqcha to‘lov va ovoragarchiliklarni bartaraf etish muhim deb hisoblayman”, — deyiladi petitsiyada.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda IMEI-kodlarini ro‘yxatga olishda to‘lovlarni bekor qilish so‘ralmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning sentabrida hukumat qarori bilan O‘zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi. Nizomga ko‘ra, mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga murojaat bo‘yicha amalga oshiriladi. Bu esa ko‘plab muammolarni keltirib chiqaryotgani ma’lum qilingandi.