Bugun 24-fevral Apple kompaniyasining asoschisi Stiven (Stiv) Pol Jobs tug‘ilgan kun. Axborot texnologiyalar olami, shuningdek, mobil gadjetlar sohasidagi revolyutsiyaga sababchi bo‘lgan Stiv biografiyasiga nazar tashlansa, butun hayotini faoliyatiga bag‘ishlagani, ishini shunchaki emas, astoydil yaxshi ko‘rganiga guvoh bo‘lish mumkin  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Foto: Google Images

Asrandiligi muvaffaqiyatiga ta’sir ko‘rsatmagan Stiv Jobs

Stiv Jobs 1955-yil Kaliforniyaning San-Fransisko shahrida dunyoga kelgan. Suriyalik Abdulfattoh Jandali va Joan Shiblening oilasi juftlikning oila qurishiga qarshiligi bois hali talaba bo‘lgan Stivning ota-onasi uni boshqa oilaga berib yuborishga majbur bo‘lgan. Joan o‘g‘lini berib yuborishdan avval Stivning universitetda ta’lim olishi va uning o‘qish xarajatlari asrab olgan oila tomonidan qoplanishi haqida yozma rozilik olgan.

Boqib olgan ota-onasi Klara va Pol Jobslar go‘dakka Stiv deb ism qo‘yadi. Stiv mehr qurshovida katta bo‘ladi va asrab olgan ota-onasini juda ham yaxshi ko‘radi, boqib olish haqida og‘iz ochishni istamaydi hatto. Biologik onasi bilan oradan 31 yil o‘tgachgina ko‘rishadi. Stiven ikki yoshga to‘lganida Klara va Pol Petti ismli qizaloqni ham asrab oladi va to‘rtovlon San-Fransiskodan Mauntin-Vyuga ko‘chib o‘tadi. Klara nufuzli kompaniyalardan birida hisobchi bo‘lib, Pol esa xoldingda moliya sohasida faoliyat yuritgan. Ro‘zg‘ordan orttirish va Stivning onasi Joanga bergan va’dasiga muvofiq ta’limga pul jamlash uchun bo‘sh vaqtida Pol garajdagi eski avtomobillarni ta’mirlab sotgan. Bo‘lajak milliarderning elektronikaga qiziqishiga aynan Pol sababchi bo‘lgan, unga mashinalardagi radiopriyomniklarni ta’mirlashni o‘rgatgan.

13 yoshligidayoq nimani istashini tushunib yetgan kichik Jobs

Foto: Google Images/Stiv Jobsning bolaligi

O‘quvchilik yillarida maktabdagi rasmiyatchiliklarni, majburiyatlarni jini suymaganiga qaramay ustozlari uni o‘ta tirishqoq o‘quvchi deb bilgan. To‘rtinchi sinf imtihonidan o‘tib, oltinchi sinfga “sakragan” Stivni aslida maktab rahbari birdaniga yettinchi sinfga o‘tkazishni taklif qilgandi, lekin Pol va Klara bu qadar tavakkal qilishdan qo‘rqqan. Maktabdan tashqari bolakay axborot texnologiyalari sohasidagi eng yirik kompaniyalardan biri bo‘lgan Hewlett-Packard kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan ilmiy to‘garakka borgan. Klubga qanday loyihalar ustida ishlash kerakligi haqida ma’lumot va maslahat beradigan muhandislar va professionallar tashrif buyurardi. Aynan o‘sha kurslardan birida Stiv ilk bor shaxsiy kompyuter bilan yaqindan tanishgan va o‘sha paytlardayoq unda o‘zgacha taassurot uyg‘ongan.

To‘garakda bolalar shaxsiy loyihalar ustida ishlagan vaqtda Stiv davriy signallarning chastotasini o‘lchashga imkon beradigan chastotometrni yig‘ishga hamda loyihasi haqida kompaniya rahbarining shaxsan o‘zi bilan gaplashishga muvaffaq bo‘lgan. Bill Hyulett 13 yoshlik bolakayga ish taklif qiladi va Jobs gazeta tarqatish bilan birga, elektronikalar sotiladigan do‘kon omborida ishlashni boshlaydi. 15 yoshida esa yosh Jobs o‘zining birinchi avtomashinasiga ega bo‘ladi va ota-onasining moliyaviy ko‘magi yordamida unga yangi dvigatel o‘rnatadi.

Odamlarga qulaylik, cho‘ntakka esa daromad kerak

Foto: Google Images

Maktab yillarida Stiv kompyuter bo‘yicha daho Stiven Voznyak bilan tanishadi va keyinchalik bu tanishuv qadrdon do‘stlikka aylanadi. 1971-yilda Voznyak dunyo bo‘yicha bepul telefonda gaplashish yo‘llarini o‘rganadi va Stiv ikkovi maxsus chastota ohangining ovozli simulyatsiyasi yordamida buni amalga oshiradi. Avvaliga Blue box deb nomlangan qurilma yordamida shunchaki dunyoning boshqa nuqtalariga qo‘ng‘iroqni amalga oshirgan sheriklar keyinchalik ushbu ishning daromad olib kelishi mumkinligini tushunib yetadi. Ular biznes hazilakam faoliyat emasligini, noqonuniy xatti-harakatning oxiri voy bo‘lishi mumkin ekanini yaxshi anglagan holda faoliyat boshlashga qaror qiladi. Alal oqibat esa 100 ga yaqin asli 40 dollarlik Blue box’lar 150 dollardan sotiladi. Tushgan daromad esa o‘rtada teng bo‘lingan. Shunday qilib yosh biznesmenlar odamlarga foydasi tegishi mumkin bo‘lgan quticha ortidan o‘zlari ham yaxshigina daromad qila boshlaydi.

12 soat emas, aql bila ishlash kerak.

Stiv Jobs

Majburiyatlardan qochib fikriy erkinlikga intilgan Stiv Jobs

Foto: Google Images

1972-yilda Stiv uyini tark etib, Rid kollejiga o‘qishga kiradi. Biroq kollej AQShdagi eng qimmat kollejlardan edi. O‘sha yillari Stiv ruhiy kamolotga erishishga harakat qiladi: vegaterian bo‘ladi, buddizmga qiziqadi va hatto ochlikni ham eksperiment qilib ko‘radi.

Jobs yarim yil o‘tgach kollejni tashlaydi, dasturlarning majburiyligi uning joniga tegadi. 1975-yilda Stiv, Voznyak va boshqa ishtirokchilar Stivning mashhur garajida qo‘lbola kompyuterlar yasash klubida yig‘iladi hamda qanday qilib murakkab tuyilgan texnologiyalarni odamlar hayotiga oson qilib olib kirish haqida bosh qotiradi. Klub ishtirokchilarining g‘oyalaridan ilhomlangan Voznyak keyinchalik Apple deb nomlangan mashina ustida ishlashni boshlaydi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, kutilgandan-da a’loroq natija kuzatiladi: klaviaturalarda terilgan simvollar ekranda aks etadi. 20 yashar iqtidor egalari bora-bora to‘liq kompyuterlarni yig‘ishga kirishadi. Oradan bir yil o‘tib, o‘zlariga chizmakash Ronald Ueynni ko‘makchi qilib oladi. Ko‘makchilikdan tashqari Ronald ikki sherik tortishib qolsa, uchinchi bir fikrni aytish vazifasini bajargan. Shunday qilib, uchovlon tomonidan 1976-yilning 1-aprelida Apple Computer firmasiga asos solinadi. Boshlang‘ich kapital uchun Stiv mikroavtobusini sotib, velosiped haydashga, Voznyak bo‘lsa dasturlashtiriladigan kalkulyatori bilan xayrlashishiga to‘g‘ri kelgan. Ish boshlashlari bilanoq, mahalliy elektronika do‘konidan 50 ta kompyuter uchun buyurtma kelib tushgan. Buncha kompyuter uchun kerakli detallarni sotib olishga yetarli puli bo‘lmagan biznesmenlar kredit olishga majbur bo‘lgan. Shunga qaramay 10 kun ichida buyurtmalar tayyor bo‘lib, do‘kon peshtaxtasidan o‘rin olgan.

Nima uchun aynan Apple?

Foto: Google Images

Kompaniyaning nomlanishi bilan bog‘liq, ko‘pchilikni qiziqtirgan ushbu savolga aniq javob berish mushkul, negaki brendga aylangan kompaniya nomlanishining sababi haqida turli taxminlar mavjud. Ulardan biriga qaraganda, kompaniya dizayneri Rob Yanov do‘kondan olma olib keladi va logo haqida bosh qotirib, olmalardan birini tishlab surat chizishga kirishadi va o‘sha payt kompyuter uchun tishlangan olmadan-da a’lo reklama bo‘lmasligini tushungan. Boshqalarning ta’kidlashicha, nom ustida ko‘p bosh qotirilmagan. Stiv boshqa nom topilmasa, kompyuterni Apple deb nomlashini aytgan, tamom vassalom. Faqat shunisi aniqki, avvaliga logoda fizik olim Isaak Nyuton boshiga daraxtdan olma tushayotgani aks etgan. Keyinchalik olmalar turli rangda bo‘lgan va 1998-yildan boshlab bir rangda bo‘lgan.

Foto: Google Images

Apple I oddiy modellardan faqatgina dinamik xotirasi bilan farq qilgani bois, yangi g‘oya va innovatsiyalarni Apple II da aks ettirishga harakat qilingan. Platforma 1976-yilda tayyor bo‘lgan va u rang-barangligi, ovozliligi hamda o‘yin kontrolleri funksiyalari bilan boshqalardan ajralib turgan. Apple II dunyoning turli burchaklarida 5 million nusxada sotilgan va buning ortidan 25 yoshlik Stiv Jobs millionerga aylangan. Ikkinchi modeldan keyin uchinchisi, so‘ng Lisa undan keyin bo‘lsa, Macintosh kompyuterlari taqdim qilingan va kompaniya daromadi kundan kunga ortib borgan.

1979-yilda yangi model ustida ishlanadi va u Stivning turmushidan avvalgi qizi Lisa nomi bilan ataladi. Orada Stiv kompaniyadagilar bilan kelisha olmay ishdan ketadi va yangi firma ochishga qaror qiladi. U yangi kompaniyani Next Inc. deb nomlaydi. Millioner kompyuter grafikasiga va 1979-yilda animatsiyalar yaratish maqsadida tashkil qilingan Pixar kompaniyasi faoliyatiga qiziqa boshlaydi. Oradan 7 yil o‘tib, Stiv Pixar’ni kompaniya asoschisi Jorj Lukasdan sotib oladi. Avvaliga Stiven Pixar’dan kompyuter reklamasi uchun animatsion filmlar yaratishda foydalanishni o‘ylagan, lekin 2006-yilda Pixar’ni 7,5 millionga Disney’ga sotishni va aksioner sifatida qolishni ma’qul deb bilgan. Keyinchalik kinostudiya tomonidan “Nemoni izlab”, “O‘yinchoqlar tarixi” singari mashhur multfilmlar taqdim qilinadi.

Yiliga bir dollar maosh olgan milliarder

Foto: Google Images

Oradan 11 yil o‘tgach Stiv Apple’ga qaytadi va keyinroq kompaniyaning general direktori bo‘ladi. Kompaniya, dizayni bilan ko‘pchilik e’tiborini o‘ziga jalb qilgan va Apple tarixida eng ko‘p sotilgan iMac kompyuterini taqdim qiladi. 2001-yilda Amerikaning ikki shahrida Apple Store ochiladi. Kompaniya asoschisining shaxsan o‘zi ochilish joyini tanlaydi va har bir detal dizayniga alohida e’tibor bergani ijobiy natija beradi: do‘konga haftasiga 5,6 ming kishi tashrif buyurgan. Ko‘p o‘tmay Jobs MP3-pleyer yaratishga kirishadi va 2001-yilda birinchi iPod sotuvga chiqariladi. Mayda detallarigacha mukammal o‘ylangan interfeys, o‘ziga xos dizayn va qulay boshqaruv Apple’ning yana bir yutug‘i bo‘ladi. Stiv bu bilan to‘xtab qolmaydi, kelasi yilda yangi xit taqdim etadi. U kompyuter, mobil telefon va MP3-pleyer vazifasini bajaradigan, sensor orqali boshqariladigan ilk gadjetni yaratadi. Bu, albatta, iPhone edi. 2010-yilda esa San-Fransiskoda birinchi planshet taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

Foto: Google Images

Yuqorida takidlanganidek, Stiven 25 yoshidayoq 256 million dollar egasi bo‘lgan bo‘lsa, bora-bora milliarderga aylangan. Apple’ning 5,5 millionlik, Disney’ning 138 millionlik aksiyalari egasi, general direktorlik lavozimi uchun yiliga bir dollar maosh olgan. Stiv o‘zidan 8 yosh kichik bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Laura bilan 1989-yilda Standford biznes maktabidagi ma’ruzasi davomida tanishgan. Juftlik 1991-yilda turmush quradi va ular uch farzandning ota-onasi bo‘ladi.

Hayot qonunlarini o‘zgartirolmagan milliardlar 

Foto: Google Images

2003-yildan Jobsda oshqozonosti bezi saratoni aniqlangan. Stiv texnologiyada qanchalik ilgarilab ketgan bo‘lsa, undagi kasallik ham shu darajada rivojlanib ketgan. Tinimsiz muolajalar, operatsiyalar, hatto milliarderning moliyaviy ahvoli ham bu borada yordam bera olmagan. 2011-yilning iyunida 56 yoshlik daho so‘nggi marta iOs 5 operatsion tizim va iCloud servisi taqdimotini o‘tkazgan. 2011-yilning 5-oktabrida soat 03:00 da Stiv Jobs vafot etadi. Uning o‘limiga sakkiz yil davomida kurashib kelgan o‘simta sabab bo‘lgandi. Multimilliarder o‘limidan avval xat yozib qoldirgan bo‘lib, unda quyidagi so‘zlar bitilgandi:

Men biznesda muvaffaqiyat cho‘qqisiga erishdim. Ko‘pchilik uchun mening hayotim muvaffaqiyat timsoli. Biroq hayotda ishdan bo‘lak meni quvontira oladigan narsalar unchalik ko‘p bo‘lmagan. Boylik — men ko‘nikkan hayot tarzining bir qismi bo‘lgan, xolos. Ayni damda kasalxona yotog‘ida butun hayotim ko‘z o‘ngimdan o‘tar ekan, men faxrlangan boylik va shon-shuhrat o‘lim oldida ahamiyatsiz ekanini tushunmoqdaman . Umrim davomida orttirilgan boylikni o‘zim bilan olib keta olmayman. Men bilan ketadigani — muhabbat bilan bog‘liq xotiralar. Mana shu ortingizda qolishi kerak bo‘lgan, hamrohlik qiladigan, oldinga qadam bosishga undaydigan haqiqiy boylik. Necha yoshda ekanligingiz va nimalarga erishganingizning ahamiyati yo‘q. Hamma uchun ham parda tushiriladigan kun keladi… Oilangiz, sevimli insoningiz, yaqinlaringiz, do‘stlaringizga bo‘lgan muhabbat haqiqiy boylikdir. O‘zingizni asrang, o‘zgalar haqida g‘amxo‘rlik qiling.

2010-yilda Forbes tomonidan tuzilgan dunyoning eng nufuzli kishilari ro‘yxatida Stiv Jobs 17-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, Financial Times uni yil odami deb nomlagan. 2011-yilda esa Budapeshtda unga atab bronzadan haykal o‘rnatilgan.

От qwert.uz