Prezident 10-mart, seshanba kuni, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Qonunga muvofiq, bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan qator qonunlar va kodekslarga o‘zgartirishlar kiritildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Jumladan, Oila kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, oilada bolaning manfaatiga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola o‘z fikrini ifoda qilishga, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida so‘zlashga haqli.

Bunda qaror qabul qiluvchi organ va mansabdor shaxs bola manfaatiga taalluqli masalani hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qilishi kerak.

Shuningdek, ota-ona va bola alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek, 14 yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli.

Bundan tashqari, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun yangi modda bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga mustaqil ravishda murojaat berishga haqli.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

От qwert.uz