“RO‘MOL”

Bu voqea go‘daklik paytlarimda ro‘y bergan edi. O‘shanda chamasi 3 yoshlarda bo‘lsam kerak, ya’ni 1967 yillar atrofi…

         U vaqtlarda xovlimiz atrofi qiy-dala bo‘lib, axoli juda siyrak edi. Xullas, uydan ko‘chaga chiqib, o‘n qadam yurishim bilanoq dala xududi boshlanardi. Paxtazor, keng va katta ariqlar, bog‘-rog‘lar…

         Bir kuni uyimizdan ko‘chaga chiqib, boshim oqqan tomonga qarab yo‘lga tushibman. Ro‘paramda kattakon ariq keladi. Ariqning kengligi men kabi go‘dak bolani xatlab o‘tishiga imkon bermasdi. Shu payt qayerdandir ot mingan notanish amaki paydo bo‘ladi. U meni ko‘rib, ariqdan o‘tishga chog‘lanib turganimni  faxmlaydi va meni baquvvat qo‘llari bilan dast ko‘tarib, otiga o‘ngaradi. Keyin mendan so‘ragan bo‘ladi:

  • Bolakay, qayerga ketyapsan, isming nima, ota-onang qayerda?

Lekin 3 yoshli boladan nimani xam bilib bo‘lardi. Otliq amaki, biroz ikkilangan bo‘lsa kerak, biroq men imo-ishora bilan dala tomonni ko‘rsatganimga e’tibor berib, otni yetaklab yo‘lga tushadi. Biz turgan yerdan, chamasi biror chaqirim joyda bir mo‘ysafidning bog‘i va kichkinagina uyi bo‘lardi. U vaqtlarda dalalarda xam onda-sonda kichikroq uyi bilan bog‘-rog‘lar ro‘para kelardi.

     Otliq amaki meni xuddi o‘sha dala o‘rtasidagi bog‘ egasiga  topshirib, o‘zi yo‘lida davom etadi. Mo‘ysafid, bog‘ egasi oldimga  qurut, jiyda, o‘rik kabi mevalarni qo‘yib, meni mexmon qiladi. Men esa bu narsalarni elas-elas eslay olaman xolos…

     Men mo‘ysafidning bog‘ida kichik mexmon sifatida o‘tirgan chog‘imda, ota-onam meni qidirishni boshlashgan. Qidira-qidira, xaligi men o‘tgan ariq yoniga kelishib, meni jajji oyoqlarimni izi ariq yoqasigacha kelganligi va ariqning u betida izlarim yo‘qligini ko‘rib, xavotirga tushishadi. Chunki, ariq suvi u vaqtlarda anchagina katta bo‘lib, yosh bolani oqizib ketishga kuchi yetarli edi.  Shundan keyin, “suvga tushib ketgan” deb gumon qilishib, meni qidirishga butun boshli maxalla axli bosh qo‘shadi. Xammalari qo‘llariga tayoqlarni olib, ariqni ichiga suqib, meni qidira boshlashgan. Topisha olmagach, biroz bo‘lsada, umidsizlikka xam tusha boshlaganlar.

     Bu orada kimningdir xayoliga yaqin atrofdagi kapalardan, bog‘lardan xam qidirib ko‘rish fikri kelib qolgan. Xullas, shundan keyingina meni topishga muvaffaq bo‘lishgan. Bungacha esa, onam mendan umidini uzib, bir qancha ko‘z yoshi to‘kkan ekan.

     Meni topgan inson esa, maxallamizdagi qo‘shni ayollardan biri edi.

     Shunda, u mendan topib bergani evaziga nima berishimni so‘raydi. Men xam nima uchundir, avvaldan tayyorgarlik ko‘rganday, xech ikkilanmay, “Ro‘mol olib beraman” degan ekanman…

***

     Oradan yillar o‘tdi. Maktabni bitirdim, oliygoxni xam tugatdim. Xarbiy xizmatga xam bordim. Uylandim, farzandli bo‘ldim. Ular xam birin-ketin voyaga yetishyapti.

     O‘sha go‘daklik chog‘imdagi bog‘lar buzilib, o‘rni uy-joyga aylandi. Ariqlar kichrayib, deyarli yo‘q xisobda bo‘lib qoldi. Axoli xam ariqlarning qadriga yetmay qo‘yishdi. Salgina yomg‘irdan keyin xam, yomg‘ir suvi ko‘chalarga sig‘may oqadigan bo‘lib qolgan.

 Onam xam keksayib qolgandilar. Xaligi meni topib olgan maxallamizdagi ayolni esa, ancha keksayib, to‘shakka mixlanib qolgan deb eshitdim. Shunda, go‘daklik paytimdagi va’damni esladim. Nima bo‘lganda xam, aytilgan narsani bajarish, va’da qilingan narsani  berish lozim. Bugun bor inson, ertaga yo‘q. Shularni o‘ylab, ataylabdan magazinga chopib bordimda, ro‘mol sotib oldim. So‘ngra, kelib onam ikkalamiz xaligi qo‘shni ayolning uyiga yo‘l oldik.

     Ayolning yoshi 100 ga yaqinlashgan bo‘lib, deyarli birovning yordamisiz mustaqil xarakatlana olmaydigan xolda edi. U bilan salomlashib, xol-axvol so‘ragach, muddaoga ko‘chdik. Ayol, bizni eshitgach, kulib qo‘ydida:

  • “Nima qilardinglar, ovora bo‘lib” – deya oldi xolos. Chunki, ko‘proq so‘zlarni gapirish uchun xam ayolning xoli yo‘q edi…

Biz, onaxonning duosini olib, uyga qaytdik. Shu tariqa, o‘zimni qandaydir yukdan xalos bo‘lganday sezdim.

     Shu asnoda,  o‘sha go‘daklik chog‘larimda o‘zim xatlab o‘tolmagan ariqni qidirib topmoqchi bo‘ldim. Oyoqlarim xam beixtiyor yo‘l boshladi. Lekin ariq o‘rni yo‘qolib, deyarli tekislanib ketgan bo‘lib, o‘sha paytlardagi ariq bo‘yidagi tollar xam kesilib, allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan edi. Qidirib-qidirib, aynan o‘sha yerni topa olmadim…

Ammo o‘sha ot mingan amaki, uning meni yerdan ko‘tarib olgan baquvvat qo‘llari va keksa qo‘shni ayolning titragan jonsiz qo‘llaridagi ro‘mol xamon ko‘z o‘ngimda gavdalanardi…

Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - depositphotos_208419780-stock-illustration-portrait-elderly-woman-scarf-hand.jpg

MUALLIF