Bu voqeani otam bolalik kunlarimizda, uzoq qish kunlarining birida so‘zlab bergan edilar…

…O‘sha paytlarda chamasi,  men yangi tug‘ilgan chaqaloqlik vaqtlarim ekan. Otam bir kuni qoq yarim kechasi  uzoq qarindoshimiznikidan to‘ydan uyimizga qaytadi.

            Bu chamasi taxminan 60-yillar  edi. Oy oydin bo‘lib, atrofni o‘zining nurlari bilan chulg‘ab olishga urinayotgan bir palla ekan. Lekin osmonda oz-moz bulut bo‘lganligi bois, atrofni xar zamonda qisman zulmat qoplar, kech kuz bo‘lganligi sababli, oyoq ostida daraxtlarning xazin yaproqlari birin-ketin ezilib, sinib, o‘ziga yarasha qandaydir sirli ovoz chiqarardi. Uzoqlarda chiyabo‘rilarning yosh bolani yig‘isiga o‘xshash chinqiriqlari xar zamonda quloqqa chalinar, yana qayerlardadir boyo‘g‘li, ukki kabi tungi qushlarning vaximali sayrashlari tungi sukunatni buzar edi. (Bu va yuqoridagi barcha tafsilotlar otamning xissiy kechinmalarini bayon qilishi orqali yozib olingan).

O‘sha davrlarda xovlimizning atrofi qariyb dala bo‘lgan ekan.

Otam xovlimizga 10-15 qadam qolganda ko‘zi bir baxaybat narsaga tushadi…

Ne ko‘z bilan ko‘rsinkim, eshigimizdan 3-4 qadam narida qandaydir xaybatli  narsa  otamga qarab turar edi. Uning (baxaybat narsaning) ko‘zlari xar zamonda yalt-yalt etib yonar edi. Bu xam yetmagandek, xuddi o‘ljasini sabrsizlik bilan kutayotgandek butun gavdasini  u yoqdan bu yoqqa  tebratar edi.

https://qwert.uz/wp-content/uploads/2019/01/%D0%A8%D1%9E%D1%80%D0%B0.jpg

            Otam turgan joyida toshday qotib qoladi. Og‘zi  kalimaga kelishi u yoqda tursin, nazarida nafas kirib-chiqishi xam to‘xtagan edi. Ustiga-ustak tungi qushlar xayqirig‘i, chiyabo‘rilarning uvillashi “o‘lganni ustiga tepgan”day  bo‘lib, vaziyatga jiddiy tus berar edi.

Otam shu tariqa qancha vaqt turib qolganligini bilmaydi. Bir vaqt o‘ziga kelsa,  tippa-tik xolda o‘sha avvalgi joyida xaykaldek turganini payqaydi. “Yo tavba” deydi otam o‘ziga-o‘zi, “Naxotki alvasti-yu ajinalarni…”….

Shunda otamda qayerdandir shunday xissiyot paydo bo‘ladiki,  bu xissiyot otamni o‘zini qo‘lga olishiga yordam beradi.  Quyidagi xikmatli naql otamning yodiga tushadi: “Daxshatli narsani uzoq vaqt kutish, daxshatli narsa  ro‘y bergan paytidagidan ko‘ra daxshatliroqdir!”. Otam o‘ziga-o‘zi gapirib:    “ Bu narsa meni bugun xam, ertaga xam, indinga xam ta’qib qilishi mumkin. Undan ko‘ra,  xar kuni o‘lgandan ko‘ra, bir kunda o‘lgan afzal”  deya,  xaligi “maxluq”ni tepasiga bostirib bora boshlaydi. Yerda yotgan  ketmon dastaday tol novdasini qo‘liga olib, “maxluq”ni jon-jaxdi bilan bir tushiradi. Lekin “maxluq” pinagini buzmaydi, joyidan qimirlab xam qo‘ymaydi…

…Keyin ma’lum bo‘ladiki, kattakon sersavlat bu “maxluq”  baland  bo‘yli bir tup sho‘ra bo‘lib, azbaroyi kattaligidan salgina shabadada xam salobat bilan “vaximali” tebranar ekan. Yonib-o‘chayotgan ko‘zlari esa, sho‘raga in qurgan kattakon o‘rgimchak iniga o‘lja sifatida  ilinib qolgan yaltiroq tilla qo‘ng‘izlarning oy nurida yaltirab, jilolangani, nur qaytargani ekan…

            Otam ertasigayoq, erta azonda turiboq, nonushta xam qilmasdan, kattakon ketmonni qo‘lga olib, xovli atrofidagi barcha begona o‘tlarni bitta qo‘ymay chopib tashlabdi…

            Oradan yillar o‘tdi. Xovlimiz atrofida xam birin-ketin uylar qurildi. Avvalgi dala o‘rnida ko‘chalari asfaltlangan maxallalar paydo bo‘ldi.

 Lekin shundan beri, balki shu voqea sabablimi, xovlimizda va uning atrofida, tomorqamizda  xech qachon begona yovvoyi o‘tlarni avj olib ketishiga yo‘l qo‘yilmay kelinadi.

            Aziz o‘quvchi! Qissadan xissa chiqarib, to‘g‘ri xulosaga kelasiz degan umiddamiz.

Saranjom – sarishta bo‘lishga ne yetsin!..

                                               Muallif

От qwert.uz