Bu voqea ancha yoshlik paytlarimda bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda chamasi 4 — 5 yoshlarda bo‘lsam kerak. O‘zim tengi bolalar bilan dala shiyponi yonida o‘ynab yurgan edim. Shunda, mendan 5-6 yosh kattaroq bo‘lgan qo‘shnimizning o‘g‘li meni chaqirib qoldi. Men istar-istamas uning oldiga bordim. Chunki, o‘zim tengi bolalar bilan birga o‘ynash, o‘sha paytda men uchun boshqa barcha narsalardan ustunroq edi.

Xaligi qo‘shni bola, meni qulog‘imga yaqinroq kelib, zngashib, «Qovun yegani boramiz, shirin qovun, mazza qilamiz» dedi shivirlab. Bola emasmanmi, darrov og‘zimni suvi keldi. Sekingina sheriklarim tomonga qaradim. Ular bizga qarash u yoqda tursin, xatto bizni unutib xam qo‘yishgan edi, go‘yo. Shovqin solib, o‘yinni davom etdirishmoqda edi.

Qo‘shni bola esa menga qarab, boshini sarak-sarak qilib qo‘ydi. Tushunishimcha, bu uning «Yo‘q, ularni chaqira ko‘rma» degani edi. So‘ngra biz ikkovlon yo‘lga tushdik. Bir oz yurgach, paxtazor maydoni oldiga yetib keldik. Paxtazor chetrog‘ida qovun polizi yastanib yotardi. Men poliz tomonga qarab bir necha qadam tashladim. Qo‘shni bola meni shu zaxoti yelkamdan qattiq ushlab, «To‘xta» degan ishorani qildi. Keyin u menga tushuntira ketdi.Men shunda uning gaplaridan tushundimki, qovunlarni shunchaki to‘g‘ridan-to‘g‘ri borib emas, yashirincha egasiga sezdirmay polizga kirib, yeyish mumkin ekan. Ya’ni, xaligiday o‘g‘irlab…

To‘g‘risi, g‘alati bo‘lib ketdim. O‘sha paytlarda yoshgina bo‘lsam xam, uydagilar xar doim o‘g‘irlik nima, to‘g‘rilik nima kabi mavzularda menga pandu-nasixatu va shu kabi tushuntirishlarni doim olib borishgani sababmi, bilmadim, yoshimga nisbatan ancha ulg‘ayib qolgandim. Shu tushuntirishlardan keyin xar safar birovni narsasini so‘roqsiz olish naqadar gunoxli ish ekanligini anglab borardim. Lekin bola emasmanmi, qo‘shni bolaning «urinishlari» zoye ketmadi. Meni axiri bir amallab ko‘ndirdi…

Paxtazor ichidagi «o‘q ariq» ichidan emaklab borishni rejalashtirdik. Xullas, emaklab borib, bir amallab poliz ichiga yetib xam kirdik. Boshimizni yerdan sira ko‘tarmasdik. Bir nechta qovunni uzib, ularni olib, emaklab, yana paxtazorning o‘q arig‘iga qaytdik. G‘o‘za ko‘chatlarini bo‘yi balandroq bo‘lganidan, endi o‘tirib oldik. «Qo‘shni bola» yonidan «ochilib-yopiladigan» pichog‘ini oldi, qovunlarni birin-ketin so‘ya boshladi. Biz qovunlarni shoshilib yeya boshladik. Shunchalik shoshilib yer edikki, xuddi birov tepamizda turib olib, tezroq, chala-chulpa yeyishga majbur qilayotgandek…

Nima uchundir bu menga yoqmadi. Chunki, qovunlarni xadiksirab yeganimizdanmi, bilmadim, nima yeganimni xam, uning maza — matrasasini xam sezmadim…

O‘q ariqdan yana emaklab, bir amallab katta yo‘lga chiqib oldik. Ariqdagi suvda qo‘llarimizni shirasini yuvdik. «Qo‘shni bola» menga qarab, bir tirjaydida, qo‘l silkib, qayoqqadir jo‘nab ketdi. Men yana tengqurlarimga qo‘shilib, o‘ynay boshladim. Bir payt meni birov qattiq ovozda chaqirib qoldi. O‘girilib qarasam….

Chaqirgan kishi boyagi qovun polizi egasi edi. Ming bir xavotir bilan uning oldiga asta yurib bordim. Lekin yurib emas, sudralib borayotganga o‘xshardim. U menga kulib qarab, «Yur men bilan» degan ishorani qildi. Men xam uning ortidan xuddi asirga tushgandek ketaberdim. To‘g‘ri qovun poliziga kirdik. Dastlab biz boyagina «qo‘shni bola» bilan qovunxo‘rlik qilgan yerimizga bordik. Lekin otaxon menga lom-mim demadi, faqat bir marta men tomonga ma’noli qarab, jilmayib qo‘ydi. Men uning qattiqroq tanbex berishini kutgandim. Lekin unaqa bo‘lmadi…

Qovunchi otaxon polizdan kattagina qovunni uzib, meni kapaga boshladi. Kapada qovunni so‘yib, gajlab, meni oldimga surib qo‘ydi:

-«Ol bolam, bu qovunlar ayni pishib yetilgan payti, mazasi tilni yoradi!».

Men xam indamasdan qovunni tushira ketdim. Xaqiqatan xam bu qovun boyagi biz «so‘ramasdan» olib yegan qovunimizga nisbatan juda xam mazali edi. Qovunni xammasini yeb tugatolmadim. Oraga jimlik cho‘kdi. otaxon menga savol nazari bilan qarab, mendan nimadir deyishimni kutayotgandek edi. O‘shanda men:

-«Qovun shirin ekan!»-dedim xolos sekingina.

-«Xa bolam, qovunni yaxshi pishib yetilganini uzishni bilish kerakda, bilmay xomini uzilsa, xam uvol bo‘ladi, xam kishi qovun yeganday bo‘lmaydi» — dedi otaxon kiyimlarimga sinchkovlik bilan qarab. Shundagina kiyimlarim boya «o‘qariq»dan emaklaganimda loy bo‘lganini, bu narsaga bolaligimga borib e’tibor xam bermaganligimni, otaxonning bizni qovun o‘g‘irlaganimizni ko‘rib turib xam xech narsa demaganligini payqadim. Baribir, men uchun bu rosa g‘alati edi. Biz unga zarar keltirsagu, u bizni, ya’ni meni adabimni berish o‘rniga, qovun bilan siylab, mexmon qilsa!… Otaxon meni o‘ng‘aysizlanganimni sezib, boshimni mexr bilan silab, dedi:

-«Yomon bolalarga qo‘shilma o‘g‘lim, qachon qovun yeging kelsa, to‘ppa-to‘g‘ri oldimga kelaver, xech tortinma!»….

***

Oradan yillar o‘tdi. O‘sib-ulg‘ayib, xarbiy xizmatni xam, oliygoxni xam tugatdim. Uylandim, farzandli, uyli-joyli bo‘ldim. Qancha suvlar oqib o‘tdi. Bu vaqtlar ichida xaligi otaxon xam vaqti soati yetib, bu yorug‘ olamni tark etdi…

Bir kuni zamonning zayli bilan, maxallamizdagi to‘yda, xaligi «qo‘shni bola» (xozirgi kunda u maxallaning xurmatli oqsoqoli) bilan birga bir dasturxonda o‘tirib qoldik. Gapdan-gap chiqib, o‘sha qovun voqeasi esimga tushib, beixtiyor unga bolalik paytlarimizni eslatmoqchi bo‘ldim. U esa, buni darrov inkor qilib, «Nimalar deyapsan, uka, men umrimda sira unaqa ishlarni qilgan emasman» deb, gapni boshqa yoqqa burib yubordi. Men xam shu bilan bu mavzuni qayta ko‘tarmay qo‘ya qoldim. Baribir, suxbatimiz bir oz bo‘lsada, davom etganday bo‘ldi. Ularning suxbatidan shuni angladimki, o‘sha «qo‘shni bola» muborak xaj safariga borish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan ekan. «Mayli — dedim ichimda o‘zimga-o‘zim, barchasi xayrli bo‘lsin, axir yoshlikda nimalar bo‘lmaydi deysiz!»….

…Endilikda o‘sha paxtazor va qovun polizi o‘rnida ko‘pdan-ko‘p uylar qad rostlab, maxallar bunyodga kelgan. Goxida yo‘lim tushib, o‘sha yerlardan o‘tib qolaman. Goxida esa, atayin, bir oz bo‘lsada vaqt ajratib, o‘sha yerga otlanaman. Borishim bilan, ko‘z o‘ngimda nuroniy otaxon, paxtazor, qovun polizi gavdalanadi. Bolalikning shirin xotiralari yodimga tushadi.

…..Mana, xozir xam o‘sha yerda turibman. Otaxon qovun polizi o‘rtasidagi kapasi oldida menga qarab, qo‘lida qovun bilan jilmayib qarab turibdi. Otaxonning qo‘lida esa, kattagina yetilib pishgan qovun. Xayratlanarlisi esa, bu narsalarni barchasi xayoliy bo‘lsada, men xar safar negadir o‘sha bolaligimdagi qovun ta’mini xis qilaman, bir necha soniyaga bolaligimga qaytaman.

Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - ковун-копия-копия.jpg

Lekin , baribir vaqtni, voqelikni, o‘sha insonlarni ortga qaytara olmaymiz…..

MUALLIF

От qwert.uz