Axmad buva bozordan qaytmoqda edi. Bozordan xarid qilgan narsalari juda ko‘p bo‘lmasada, baribir yo‘lda o‘zida charchoq paydo bo‘lganini xis qildi. «Xa, qarilik qursin, bekorga aytishmaganda, «Barcha kasallikni da’vosi bor, lekin qarilikning da’vosi yo‘q» deb. U shu tariqa o‘y-xayollari bilan band bo‘lgancha, katta ariqni bo‘yiga xam yetib kelganini payqamay qoldi. Ariqdagi suv mavjlanib oqar, ariq chetidagi suvga tegib o‘sgan o‘t-o‘lanlarni xar-xar zamonda tortqilab qo‘yardi. Axmad buva yuklarini ariq chetidagi yakkam-dukkam o‘sgan ko‘m-ko‘k ajriqlar ustiga qo‘ydi. Ro‘molchasini olib terlarini artdi. Picha o‘tirib dam olish uchun supami yoki shunga o‘xshash narsani atrofga ko‘z tashlab qidirib ko‘rdi. Qiziq, ilgari ko‘pchilik xonadonlar oldida bir necha kishilik supalar bo‘lardi. Xozir esa odamlar bunaqa supalarga deyarli e’tibor qilmay qo‘yishgan.

Shu payt ro‘paradagi eshik ochilib, u yerdan er-xotin oldinma-ketin chiqib kelishdi. Axmad buvani ko‘riboq, ular u bilan salomlashishdi-yu, shu zaxoti gap nimadaligini tushunib, yugurib uylaridan eskiroq, lekin baquvvat kursini olib chiqib berishdi. Buva «Raxmat bolalarim, baraka topinglar» degancha kursiga o‘tirdi.

— Charchadingizmi buva? — so‘radi yigit kulimsirab.

— Xa endi, bolam, qarichilik, shu yerga kelganda qarasam, dam olmasam bo‘lmaydiganga o‘xshab qoldi…

Er-xotin ariq bo‘yiga yaqinroq borib, cho‘nqayib o‘tirishdi. So‘ngra, qo‘llarini yuvishga tutinishdi. Axmad buva, ular qo‘llarini shunchaki yuvayapti deb o‘ylagandi. U yanglishgandi. Er-xotin sovunni qo‘llarida obdon ko‘pirtirib, qo‘llarini bir-biriga ishqalab, ariqqa sovun ko‘piklarini oqizgancha «maroq» bilan qo‘l yuvishni davom etdirardilar.

Axmad buva chuqur bir xursinib qo‘ydi. U bir. o‘zi o‘tirgan kursiga, bir, ariqdagi suv betida qalqiyotgan sovun ko‘piklariga qarardi. U g‘alati noqulay xolat ichida qolgandi. Ularga ariq suvini ifloslantirmaslik xaqida nasixat qilay desa…

Ular qanday qabul qilisharkin. «Yaxshisi indamaganim bo‘lsin» dedi buva ichida. Dedi-yu, baribir chidab turolmadi. Ichidagi fikrini yengilroq tarzda, sha’ma qilib gapirib qo‘yaqoldi:

— Shu desang, bolam, ilgarilari mana shu ariqning suvidan bemalol choy qaynatib ichar edik. Mazasi xam shunaqangi shirin bo‘lardiki, ichganing sari, yana ichging kelaverardi.

Buvaning gapi og‘zida qolib, yigit gapni ilib ketdi:

— Siz aytgan teraklar kesilib ketgan, boboy! Bu suvdan ichish u yoqda tursin, qo‘lni yuvish uchun xam extiyot bo‘lish kerak. Odamlar uyida kirini yuvib, so‘ngra tog‘oradagi mag‘zavasini ariqqa ag‘darib yuborishmoqda, xech kimda insof qolmadi-da o‘zi…

Yigit shu gaplarni aytarkan, go‘yo, qo‘lini ariq suvida sovunlab yuvishi, buni oldida arzimas narsa ekanligini ta’kidlaganday bo‘ldi.

Shundan keyin, o‘rtaga bir oz jimlik cho‘kdi. Axmad buva kursidan turib, bozor-ucharini oldiga bordi.

— Xa otaxon, choylashsak bo‘lardi! — dedi yigit kulimsirab.

Buva boshini qimirlatib, «yo‘q, raxmat» deganday ishora qildi. So‘ngra, ular bilan qisqagina xayr-ma’zur qildi-da, yo‘lida da’vom etdi.

Axmad buva ariq yoqalab ketar ekan, o‘y-xayollari chalkashib bormoqda edi. Chunki boyagi er-xotindan nafratlanay desa, kursi olib chiqib «mexribonlik» ko‘rsatganlari uchun ichidagilarini ro‘yi-rost to‘kib sololmadi. Lekin, baribir kayfiyati bir oz buzildi. «Ex odamlar, naxotki shu oddiy qoidalarga rioya qilishni bilmasanglar? Tabiat in’om qilayotgan narsalarni asrab-avaylash kerakligini unutib yuborgan bo‘lishsa-ya. Ex, attang!».

Axmad buva ariq yoqalab borarkan, ariq suvlari xam undan ortda qolmaslik uchunmi, yoki boyagi sovun ko‘piklarini butkul yo‘qotib yubormoqchi bo‘libmi, go‘yoki shu bilan buvaga tasalli bermoqchi bo‘lganday, ariqning gox u qirg‘og‘iga, gox bu qirg‘og‘iga urilib — urilib oqib borardi. Lekin buva bu narsalarga e’tibor bermas, aksincha uning xayoli bu paytda boshqa yoqlarda, uzoq o‘tmish xotiralari bilan band edi….

© MUALLIF

От qwert.uz