Vashington sudi o‘zbekistonlik tadbirkor, Xalqaro boks assotsiatsiyasining sobiq prezidenti G‘ofur Rahimovning AQShning uyushgan jinoyatchilik uchun kiritiladigan sanksiyalari ro‘yxatidan chiqarish haqidagi arznomasini rad etdi. Bu haqda AQSh sud tizimining elektron ma’lumotlar bazasida e’lon qilingan rasmiy hujjatlarga tayanib, “TASS” xabar berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: AIBA

AQSh Moliya vazirligining sanksiyalar qo‘llanishining qonuniyligi uchun javob beruvchi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) 2012-yilda Rahimovni Sobiq Ittifoq fuqarolari tashkil etgan “Birodarlik halqasi” xalqaro jinoiy tarmog‘i faoliyatiga aloqadorlikda gumon qilib, unga nisbatan sanksiyalar kiritgan. 2017-yilda AQSh Moliya vazirligi G‘ofur Rahimovga qarshi kiritilgan sanksiyalarni o‘zgartirib, uni jinoiy avtoritetlar tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. O‘z navbatida Rahimov ushbu qarorni noqonuniy deb atab, o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarning nimaga asoslangani unga ma’lum qilinmaganini aytgan.

“Sud arzchining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgani asosli bo‘lgani va joriy tartibda u bo‘yicha bahslashish samarasiz ekanligi haqidagi qarorga keldi. Moliya vazirligining maxfiy ma’lumotlari Rahimovning (ehtimoliy) jinoyatlari va ‘qonundagi o‘g‘rilar’ning jinoyatlari o‘rtasida bog‘liqlik borligini tasdiqlaydi. U sudga ushbu qarorni rad etuvchi birorta ma’lumot taqdim qilmagan va faqatgina bu ma’lumotlar yetarlicha asoslanmaganligini aytish bilan kifoyalangan”, — deyilgan federal sudya Jeyms Bosberg qarorida.

“Agar arzchi o‘zining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilishi haqidagi arznomasi bo‘yicha Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasining qarorini noto‘g‘ri yoki yetarlicha asoslanmagan deb hisoblasa, u chiqarilayotgan qaror bo‘yicha sudda bahslashishi mumkin”, — deb aytgan sudya.

Eslatib o‘tamiz, AIBA sobiq prezidenti G‘ofur Rahimov 2019-yilning iyulida tashkilot rahbarligi lavozimini butunlay tark etgandi. Shu yilning sentabrida esa AQSh Moliya vazirligi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi ustidan sudga arz qilgan edi.

От qwert.uz