Yoz fasli edi. Kun issiq. Shaxar ko‘chalaridan birida, yo‘nalishli taksidamiz. Avtomashinalarni ko‘pligidan biz xam sekin xarakatlanayotgan edik. Bu orada mashinalar umuman o‘rnidan siljimay qoldi. Demak yo‘lda nimadir sodir bo‘lgan!…

Qarama-qarshi tomondan biz tomonga piyodalar yo‘lakchasidan yayov kelayotgan bir yigitcha, sal nariroqda bir nechta mashinaning to‘qnashuvi sodir bo‘lgani, ular DAN xodimi kelishini kutayotganini aytib, o‘tib ketdi.

Mashina salonidagi yo‘lovchilarga razm soldim. Xuddi kitobda aytilganidek, yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan yo‘lovchilar, ya’ni ular ko‘p bo‘lmasa xam, xilma-xil yoshda. Bir payt xaydovchi chuqur bir «uff» tortib yubordi. Yo‘lovchilardan yoshi kattarog‘i, «Uff tortmang, bolam, sabr qiling. Biz xam sizni shoshirmayapmizku» dedi. Xaydovchi esa:

— E, otaxon, men bunga «uff» tortmadim, aksincha, tanishlarim bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan to‘y mojarosini o‘ylab, siqilib ketdim…

Otaxon xech narsa demadi-yu, lekin «xammasi tushunarli» deganday boshini qimirlatib qo‘ydi. Shundan keyin, xaydovchi xammamizga bir-bir qarab oldi-da, «sexrli ertak»ni boshlaganday xikoyasini boshladi:

— Meni bir do‘stim o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘lib yurgan edi. Umr savdosi xam o‘ziga yarasha murakkab narsa emasmi, u qizni tavsiya qilishdi, bu qizni tavsiya qilishdi. Oxiri, bir joyda bularga xulq-atvori-yu, o‘zini tutishigacha, xullas ularni to‘la qanoatlantiradigan darajadagi qizni topishdi. Lekin, afsuski ayrim noto‘g‘ri urf-odatlarimiz xam yo‘q emas. Bir nechta ayol «qaysidir taomil»ga ko‘ra o‘sha qizning uyiga borib, ularning darvozasini ko‘rmoqchi bo‘lishdi. Borib, ko‘rishdi xam. Borib, ko‘rishsaki, darvoza «xulvirab» ketgan, eski, ko‘rimsiz bir xolatda. Darrov xulosani chiqarishibdi: «bo‘lmaydi, bizga to‘g‘ri kelmaydi» deb. Men albattasiga bu xolatga chidab turolmadim. Og‘aynimga tushuntirishga xarakat qildim. «Darvoza nimaniyam xal qilardi. Senga ularni darvozasi emas, qizi kerakmi o‘zi» dedim. Og‘aynim xam «razvedka» ga borgan ayollarning gapidan ta’sirlanib, menga deyarli quloq solishni istamadi. Xullas, o‘rtaga sovuqchilik tushdi. Chunki, o‘sha xonadonga «darvoza ko‘rish» dan oldin xam og‘aynimning yaqinlaridan bir necha kishi, bir necha marta borishga ulgurishgan edi. Lekin ular darvoza masalasini nimagadir ko‘tarishmagandi…

Oradan bir muncha vaqt o‘tib, taqdir taqozosini qarangki, boshqa bir og‘aynim xuddi o‘sha «darvozasi xulviragan» xonadonga sovchi bo‘lib bordi. Ular darvozani muxokama xam qilishmadi. Barcha rasm-rusumlar o‘tkazilib, to‘y kuni xam belgilandi. O‘tgan oy to‘y xam bo‘lib o‘tdi. To‘y marosimlarida o‘sha qizga avvalroq sovchi qo‘ygan og‘aynim xam ishtirok etdi. Chunki u xam, bu xam og‘aynimiz bo‘lganligi uchun barcha gina-kudratlarni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yishni ma’qulroq deb topgandik. Lekin eng qiziq xolatlar to‘y kunlari va to‘ydan keyingi kunlarda sodir bo‘ldi…

Xaydovchi shularni aytarkan, bizga bir rovi qarab qo‘ydi. Uning bu qarashi, xuddi «xikoyamni davomini aytishim mumkin, agar siz buni istasangiz» deganday edi. Yoshligimda «1001 kecha» ertaklarini o‘qigan edim. O‘sha ertaklarda ertakning eng qiziq joyiga kelganda, tong otib, ertak tugab qolardi. Xaydovchining xikoya qilish uslubi xam shunga bir oz o‘xshab ketdi. Xaqiqatan xam bu paytda, avtomashinalar qatnovi tiklangan, bizning avtomashina esa yo‘lning chetrog‘ida joylashganligi uchun qolgan transport vositalari bizni sal chetlab, bizga e’tibor xam bermay o‘z manzili tomon oshiqardi. So‘ngra xaydovchi bizni «roziligimiz»ni xam kutmasdan xikoyasini, aniqrog‘i xikoyasining xotima qismini davom etdirdi:

— Boya aytganimdek, to‘y kunlari, to‘ydan keyin ko‘p narsa biz uchun oydinlashdi. Bu narsalarni eshitib, xatto, bir oz xayratlandik xam. Ma’lum bo‘lishicha, qiz tarafning, ya’ni qizning ota-onasini chet elda oilaviy bizneslari bor bo‘lib, ular chet mamlakatda qo‘shma korxona egasi ekanlar. Ularning asosiy vaqtlari chet mamlakatlarda bo‘lganligi sabab, darvoza u yoqda tursin, xatto xovli-joylari borligi xam axyon-axyonda yodlariga tushgan xolos. Xattoki ularda mablag‘, imkoniyat yetarli bo‘lsada, asosiy e’tibor biznesga qaratilgan ekan. Bundan tashqari ularni chet elda xam aloxida uy-joy, avtomashina, villa kabi ko‘chmas mulklari borligi xam ularning iqtisodiy xolatini qay darajada ekanligini bizga yaxshigina anglatib turardi. Qiz esa ularning yakka-yu yagona farzandlari bo‘lib xisoblanishi xam biz uchun yangilik bo‘ldi. Aslida. to‘g‘ri, bunaqa vaziyatda xashamat, boylik xaqida so‘z yuritish xam bir oz noqulay bo‘lsa kerak. Lekin, baribir, nima bo‘lganda xam inson umr bo‘yi xarakat qiladi, kurashadi. Nima uchun? Bularning bari farovon, to‘la-to‘kis yashash ilinjida emasmi? Og‘aynimning o‘g‘li o‘zi mexnatsevar yigit, oliygoxni tugallagan. Biroq, ular serfarzand oila bo‘lganligidan, ayrim narsalarda qo‘llari qisqalik qilayotgandi. Menimcha, endi ulardagi ichki-tashqi imkoniyatlarni o‘zaro birlashtirilsa, filmlarda ta’riflanganidek, «qoyilmaqom juftlik» ga aylanishsa ajab emas. Ko‘p o‘tmay to‘ydan keyinoq kuyovning roziligiga ko‘ra kelin-kuyov ikkovlarini xam o‘zlari bilan chet mamlakatga olib ketishdi. Qarabsizki, «asal oyi» xam, risoladagidek chet elda bo‘ldi. Xozir kuyov bola xam ular bilan birga, ishlab faoliyat olib bormoqda. Tinch-totuv baxtli xayot kechirishmoqda. o‘zlari chetda bo‘lishsa xam, yaqinda shu yerdan eng zamonaviy uslubda qurilgan kottejlardan birini sotib olishdi xam. Chunki, baribir qachondir vatanlariga qaytib kelib yashashadiku, axir. Ammo shu yerda aytib o‘tmasam bo‘lmaydi, qudachilikdan voz kechgan og‘aynim , ayniqsa, to‘y kunlari umuman g‘alati xolatga tushib qoldi. Lekin, nima xam deymiz, «bir kam dunyo»! Mana sizga darvoza, mana sizga …

Xaydovchi shularni aytib, o‘z xikoyasini tugatar ekan, ichimizdagi yoshroq yigitga ko‘z qiri bilan qarab, imo-ishora qilgandek bo‘ldi. U bu bilan go‘yo «Sen xam yigitcha, qissadan xisa chiqargin, darvozani ko‘rib uylanishni orzu qilmagin» demoqchiday edi.

Xaydovchi mashinasini o‘t oldirib, bizni manzilimizga eltib qo‘yish uchun oshiqdi. Xech kim churq etmasdi. Chunki xaydovchining qiziqarli xikoyasi xammani o‘ylantirib qo‘ygan edi…

Nazarimda bu paytda xar bir yo‘lovchi xikoya qaxramonlariga aylangan, kimdir kuyov, kimdir kelin va yana kimdir qaynota-qaynona rolini xayolan bajarib, xayot uchun kurashmoqda edilar…

© MUALLIF

От qwert.uz