Andijonda bug‘doydan bo‘shagan ekin maydoniga o‘t qo‘yildi

Andijon viloyati Izboskan tumanida bug‘doydan bo‘shagan maydonda yong‘in kelib chiqqani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Qayd etilishicha, Izboskan tumani “Botirobod” MFYdagi yaqinda bug‘doyi o‘rilgan maydonga o‘t qo‘yib yuborilgan. Videoda maydon yoqasida aholi yashash uylari borligini ko‘rish mumkin  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Video muallifi tegishli tashkilotlardan jiddiy munosabat kutishini, ularning “tasodifan bu hodisa ro‘y bergan” degan gaplarga ishonmasligini aytib o‘tgan.

Shuningdek, video joylangan Telegram kanalida avval yuz bergan ayni shunday holat yuzasidan Andijon viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi shu murojaatga munosabat bildirgani haqida xabar e’lon qilingan. Boshqarma munosabatida oddiy fuqaro ehtiyotsizlik tufayli ekin maydoniga o‘t qo‘yib yuborgani va ma’muriy jazoga tortilgani aytib o‘tilgan.