O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB tizim idoralari tomonidan “Sardoba” suv ombori toshqinida yo‘qotilgan hujjatlar tiklab berilgan — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Qayd etilishicha, “Sardoba” suv ombori toshqini oqibatida talafot ko‘rgan Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida yashovchi fuqarolarga tegishli jami 276 ta, shundan 238 ta haydovchilik va 38 ta avtomototransport vositalarini qayd etish guvohnomalari yo‘qolgan. Mazkur holatlar bo‘yicha olib borilgan surishtiruv davomida, 276 ta guvohnomadan 61 tasi YHXB RIB tomonidan berilmaganligi va 15 tasi topilganligi ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari fuqarolarning murojaati bo‘yicha viloyat IIB YHXB RIB tomonidan olib borilgan surishtiruvlar davomida qo‘shimcha 568 ta guvohnoma, shundan 509 ta haydovchilik va 59 ta transport vositasini qayd etish guvohnomasi yo‘qolganligi aniqlangan.

Shu kunga qadar, Sirdaryo viloyati IIB YHXB RIB tomonidan beg‘araz yordam ko‘rsatish maqsadida, jami 767 ta guvohnoma, shundan 702 ta haydovchilik va 65 ta transport vositalarini qayd etish guvohnomalari tiklab berilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB tizim idoralari tomonidan Sirdaryoning texnogen ofatlarni bartaraf etishda transport vositalari va yo‘l harakatini tartibga solish maqsadida 122 xodim hamda 79 ta yo‘l-patrul avtomobili xizmatga jalb etilgan. Ularning ish faoliyati 2 bosqichda 12 soatdan tashkil etilgan.

Talafot ko‘rgan hududlarda tozalash va qurilish ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash maqsadida DYHXX xodimlari o‘zlari biriktirilgan yo‘nalish va hududlarda Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiylari bilan hamkorlikda 12 soatlik ish tartibida xizmatni olib bormoqda.

Qurilish mahsulotlarini tashish va inshootlarni chiqindilardan tozalash ishlarida 79 ta YPX avtomobilida jami 3 664 marta kuzatuv ishlari amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, M-34 “Toshkent-Dushanbe” avtomobil yo‘lini 71-152 va A-376 “Qo‘qon—Jizzax” avtomobil yo‘llarida haydovchilarni ogohlantirish maqsadida M-34 yo‘lining 103, 119 va 144-kilometrlarida vaqtinchalik harakatlanish yo‘nalishini bildiruvchi axborot pannolari o‘rnatildi va YPX xodimlarining doimiy xizmat olib borishlari yo‘lga qo‘yildi.

Respublikaning boshqa hududlarida yordamga kelgan 11 100 hasharchini DYHX xizmati sa’y-harakati bilan beg‘araz yordam ko‘rsatish uchun 50ta avtobusda 37 marotaba, 74 ta YPX patrul avtomobili kuzatuvi ostida belgilangan manzillarga yetkazilgan.

От qwert.uz