Otasi aliment to‘lamagani sababli Rossiyada chiqindi yig‘ib yurgan 11 yoshli qashqadaryolik bolaning onasiga aliment pullari undirib berildi

Qashqadaryoda otasi aliment to‘lamagani sababli Rossiyada chiqindi yig‘ib yurgan 11 yoshli bolaning onasiga aliment pullari undirilib, uning qonuniy huquqlari tiklandi. Bu haqda “Kun.uz” xabar bermoqda — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Kun.uz”

Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2019-yil 28-dekabrdagi sud buyrug‘iga asosan, qarzdor B.S.dan undiruvchi Sh.J.ning foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati MIBning Qarshi tuman bo‘limiga shu kuni kelib tushgan.

Qarzdorning mol-mulklarini aniqlash maqsadida tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilib, javob xatlari olinganda qarzdorning undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulklari aniqlanmagan.

Ijro harakatlari davomida 2020-yil 13-mart kuni qarzdordan 340 ming so‘m undirilgan. Ijro ishidagi hujjatlarga ko‘ra, qarzdor alimentni o‘z vaqtida to‘lashi haqida, to‘lamagan taqdirda tegishli javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilib kelingan.

Biroq qarzdor aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamay kelganligi sababli davlat ijrochisi tomonidan 2020-yil 15-iyunda aliment qarzini hisoblash to‘g‘risida qaror chiqarilgan va qarzdorlik 2019-yil 29-dekabrdan 15-iyungacha 5 270 808 so‘m hisoblangan.

Ma’lumot uchun, 11 yashar Islombek onasi va opasini boqish uchun Moskvadagi chiqindixonalarda ishlab yurgani aks etgan video iyun oyining o‘rtlarida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Uning onasi turmushdan ajrashganidan so‘ng aliment pulini undira olmagan, uy-joydan qiynalgani uchun Rossiyaga kelishga majbur bo‘lganini bildirgan. Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, ko‘plab odamlar bu oilaga yordam qo‘lini cho‘zgan va ular O‘zbekistonga qaytib kelgan.