Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati Jarqo‘rg‘onda sud xodimi va uning haydovchisiga militsiya xodimlari tomonidan jarohat yetkazilgani borasidagi holatga o‘z munosabatini bildirdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudining raisi Ya.B. hamda haydovchi R.R. 10-iyul kuni  xizmat mashinasida tuman sud binosi tomon harakatlanib ketayotganida tuman markaziga kiraverishda blokpostda ular to‘xtatilgan va postdan o‘tkazilmagan. Shu vaqtda postda bo‘lgan tuman hokimi Z.Davlatov boshchiligidagi ishchi guruh Vazirlar Mahkamasining maxsus komissiyasi qaroriga zid ravishda, tuman sudi xizmat mashinalarini postdan o‘tkazmagan. Shuningdek, ishchi guruh xodimlari yuzaga kelgan tirbandlikda navbat kutib turgan fuqarolar oldida sudya va sud xodimlarini obro‘sizlantirishga uringan.

Yo‘l-patrul xizmati xodimi tuman sudi haydovchisining bilagidan tortgan, IIB boshlig‘i va o‘rinbosari avtomashina kalitini olib qo‘ygan. Uni o‘tirgan joyidan kuch ishlatib tortib, ko‘ylagini yirtib yuborgan. Sud xodimi IIB binosiga olib kelib, IIB boshlig‘i o‘rinbosari uni haqoratlagan, bo‘ynidan bo‘g‘gan, so‘ngra vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga qamab qo‘ygan.

Viloyat IIB versiyasiga ko‘ra, Jarqo‘rg‘on tumani “Yangiobod” mahallasi hududida tashkil etilgan blokpostda 10-iyul kuni soat 09:50 larda tuman hokimi Z.Davlatov, tuman prokurori B.Haydarov va tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik B.Xidirov tomonidan ichki ishlar organlari va xizmatga jalb etilgan boshqa xodimlarning faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilgan.

Shu vaqt ushbu blokpostga Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga qarashli Nexia 3 rusumli xizmat avtomashinasi qarama-qarshi yo‘nalish bo‘ylab haydab kelingan. Tuman hokimi va postda xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlari mazkur avtotransportni yo‘lning qatnov qismidan chetga olishni talab qilganlarida, haydovchi xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmay avtomashinani yo‘ldan olmagan. 20-25 daqiqa davomida avtomashina to‘xtatib qo‘yilishi oqibatida postda sun’iy tirbandlik yuzaga kelgan.

Shundan so‘ng, holatga oydinlik kiritish maqsadida haydovchi R.R. soat 10:30 larda tuman IIBga olib borilib, soat 11:00 larda tuman IIBdan chiqarib yuborilgan.

Shu kuni haydovchi R.R. o‘ziga tan jarohati yetkazilganligi vaji bilan tuman shifoxonasiga murojaat qilgan. Shifoxonaning bu haqdagi xabarnomasi tuman IIBga yuborilib, o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, xabarnoma tegishliligi bo‘yicha tuman prokuraturasiga yuborilgan.

Hozirgi vaqtda yuzaga kelgan holat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilmoqda, ishtirokchilarning harakatlariga huquqiy baho beriladi.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining 8-iyuldagi qarori bilan O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustga qadar karantin cheklovlari qaytadan kuchaytirilgan. Shuningdek, avtotransport harakati ham cheklangan. Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati tasdiqlangan.

От qwert.uz