“Atalanta” A Seriyaning 32-turidan o‘rin olgan uchrashuvda “Yuventus” maydoniga safar qilib, 2:2 hisobida durang o‘ynadi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Twitter

Uchrashuvning 16-daqiqasida “Atalanta” hujumchi Duvan Sapata “Yuventus” darvozasini aniq nishonga oldi. Sapata uchun bu Italiya chempionatining joriy mavsumidagi 15-gol bo‘ldi.

Shu tariqa “Atalanta”ning bir yo‘la uch o‘yinchisi A Seriyaning bir mavsumida 15 va undan ko‘proq gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Sapatadan tashqari, yarim himoyachi Yosip Ilichich (15 ta gol) va hujumchi Luis Muriyel (17) 15 talik dovonga yetgan.

Bergamoliklar 1951/52-yilgi mavsumda “Yuventus” hujumchilari – Jampyero Boniperti, Ermes Muchchinelli va Jon Hansen tomonidan qayd etilgan natijani takrorladi. Football Italia xabariga ko‘ra, o‘tgan mavsumda xuddi shunday statistikani PSJ hujumchilari — Edinson Kavani, Neymar va Kilian Mbappe ham qayd etgan.

32-turdan keyin “Atalanta” 67 ochko bilan musobaqa jadvalida 3-o‘rinni egallab turibdi, jamoa 2-pog‘onadagi “Latsio”dan 1 ochkoga ortda qolmoqda. “Yuventus” esa 76 ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi.

От qwert.uz