Qaytalangan koronavirus vahimalari bilan o‘tgan iyul oyining uchinchi haftasini ham tugatdik. Har doimgidek, haftalik dayjestimizni boshladik.

Kavkazdagi tugamas g‘avg‘o

Hafta Ozarbayjon hamda Armaniston chegarasida yuz bergan qurolli to‘qnashuvlar bilan boshlandi. Ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasidagi to‘qnashuv Ozarbayjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida 12-iyulda sodir bo‘ldi. Bu to‘qnashuv bir necha kun davom etdi va hafta davomida ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “RIA Novosti”

Bokuning ma’lum qilishicha, Yerevan o‘t ochish rejimini buzgan ozarbayjonlik harbiylarning pozitsiyalarini artilleriyadan o‘qqa tutgan. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmati qurolli to‘qnashuv oqibatida uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini e’lon qildi. Dastlab hujumni qaytargan chavush (serjant) va askar halok bo‘lgani ma’lum qilingan. Keyinroq esa yana bir askar olgan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan.

Armaniston Mudofaa vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, bir guruh ozarbayjonlik askarlar yuk mashinasida davlat chegarasini buzib o‘tishga uringan. Ogohlantirishdan keyin Ozarbayjon askarlari avtomobilni tashlab qochgan va berkingan, biroq bir soatdan so‘ng artilleriyadan o‘t ocha boshlashgan. Armaniston qurolli kuchlari bunga javoban o‘t ochgan va hujumni qaytargan. Yerevanning ta’kidlashicha, ular tomondan hech kimga jarohat yetmagan.

Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyan o‘zining Facebook’dagi sahifasiga Ozarbayjon qurolli kuchlari arman harbiylarining pozitsiyasini yana o‘qqa tutishni boshlagani haqida izoh yozib qoldirdi. “Ikki-uch soatlik uzilishlardan so‘ng dushman taraf provakatsion harakatlarni qayta boshlab, arman pozitsiyasiga qarata o‘t ochdi”, deb yozadi Stepanyan.

15-iyul kuni Ozarbayjon mudofaa vaziri o‘rinbosari Kerim Valiyev otishma natijasida ikki nafar yuqori lavozimli harbiy halok bo‘lganini ma’lum qilgan. “Bugun tongda general-mayor Po‘lat Gashimov, polkovnik Ilgar Mirzayev qahramonlarcha halok bo‘ldi”, degan Veliyev. “Afsuski janglar yo‘qotishlarsiz bo‘lmaydi. Mudofaa vazirligi rahbariyati nomidan harbiylarning vafoti munosabati bilan ularning oila a’zolariga chuqur hamdardlik izhor etaman. Ishontirib aytamanki, bizning shahid ketgan o‘g‘lonlarimiz va yaralangan askarlar uchun, albatta, qasos olinadi”, deya ta’kidlagan vazir o‘rinbosari.

Ushbu voqealar fonida Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida mamlakat qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida noqonuniy miting o‘tkazilgan. Miting ishtirokchilari “Shahidlar o‘lmaydi, Vatan bo‘linmaydi”, “Qorabog‘” va “Qorabog‘ga ozodlik” shiorlari ostida chiqish qildi. Shuningdek, yig‘ilganlar harbiy harakatlarni qayta boshlashga chaqirib, “o‘zlariga qurol berilishini” talab qilib baqirgan.

Foto: “RIA Novosti”

Report nashrning yozishicha, minglab yoshlar mamlakat bayrog‘ini ko‘tarib olib, “Shahidlar alleyasi”dan yurib o‘tgan. Shu turdagi mitinglar Ozarbayjonning boshqa shaharlarida ham o‘tkazilgan. Mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatining Armaniston chegarasida harbiy harakatlarni boshlashga intilmaganini ma’lum qildi.

Voqeaga BMT bosh kotibi Antoni Guterrish ham munosabat bildirgan. Guterrish ikki mamlakat chegarasi bo‘ylab otishmalar, jumladan, og‘ir qurollar qo‘llanilishi haqidagi xabarlardan xavotirda ekanini aytdi. Bosh kotib Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Minsk guruhining Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilish borasidagi harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi (YeI) ilgari Ozarbayjon va Armaniston chegarasida qurolli to‘qnashuvni to‘xtatishga chaqirgandi. Yevropa Ittifoqi YeXHT kuzatuvchilari yordamida monitoringni qayta boshlashni taklif qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bundan keyin nizoni kuchayishiga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qildi va vaziyatni barqarorlashtirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekiston tomoni ham hodisaga o‘z munosabatini bildirdi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon—Armaniston chegarasida yuz bergan qurolli  mojaroni siyosiy-diplomatik muzokaralar asosida hal qilishga chaqirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi. “O‘zbekiston Respublikasi Ozarbayjon—Armaniston chegarasida insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan vaziyatdan jiddiy tashvishda ekanini bildiradi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

O‘zbekiston TIV tomonidan qayd etilishicha, mazkur hududdagi holatning yanada keskinlashishi tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishiga olib kelishi, MDH hududidagi muhim iqtisodiy aloqalar va kommunikatsiyalarni buzishi, mintaqaviy xavfsizlikka zarar yetkazishi mumkin. Shu sababli O‘zbekiston tomonlarning o‘ta sabr-toqatli bo‘lishi tarafdori va holatni barqarorlashtirish hamda mazkur vaziyatdan chiqish uchun siyosiy-diplomatik muzokaralarga chaqirdi. Shuningdek, vazirlik mojaro oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirgan.

Vaziyat 15-iyulga kelib sokinlashgan. So‘nggi 30 yildan buyon Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar Tog‘li Qorabog‘ hududi sabab yomonlashgan. Mintaqa Ozarbayjon hududida joylashgan bo‘lsa-da, 1991-yilda uning tarkibidan chiqqan. Tan olinmagan ushbu respublika hududida asosan armanlar istiqomat qilib keladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegarada muntazam qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turadi.

Yevropada siyosiy jarayonlar

Pandemiya biroz yumshagan Yevropada siyosiy jarayonlar yana o‘z iziga qaytmoqda. Jumladan, Fransiyada yangi hukumat shakllangan bo‘lsa, Polshada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi bo‘lib o‘tdi. Saylovlarda Polshaning amaldagi prezidenti Anjey Duda prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida 51,21 foiz ovoz to‘pladi va mamlakat prezidentligiga qaytadan saylandi. Prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida ovoz beruvchilarning 68,12 foizi ishtirok etgan. Bu 1989-yildan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Dudaning raqibi — Varshava meri Rafal Tshaskovskiy esa 48,79 foiz ovoz to‘plagan.

Foto: “Gazeta.ru”

Polshada prezidentlik saylovlarining birinchi turi 28-iyun kuni bo‘lib o‘tgan edi. Unda Dudani saylovchilarning 43,5 foizi qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Tshaskovskiyda ushbu ko‘rsatkich 30 foizdan biroz oshgan. Eslatib o‘tamiz, Polshada prezidentlik saylovlari 10-may kuni o‘tkazilishi kerak edi, biroq saylovlar “muxolifot tomonidan bu yilgi prezidentlik saylovlarini konstitutsiyada belgilangan muddatda o‘tkazish imkonini beruvchi barcha konstruktiv takliflarni qabul qilishdan bosh tortgani” munosabati bilan qoldirilgan edi. Amaldagi prezident Anjey Duda 2015-yilgi saylovlarda 51,55 foiz ovoz to‘plab g‘olib chiqqan edi.

Liviyadagi mojarolar

O‘tgan hafta Liviya parlamenti — mamlakat sharqidagi Tobruk shahrida joylashgan Vakillar palatasi Misr qurolli kuchlariga Liviya mojarosiga aralashishga ruxsat berdi.

Liviyada uzoq vaqtdan beri ikkita ijro hukumati parallel ravishda faoliyat ko‘rsatmoqda: BMT tomonidan tan olingan va Tripolida joylashgan milliy kelishuv hukumati hamda Xalifa Haftarning Liviya milliy armiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi mamlakat sharqida joylashgan Abdulla Abdurahmon at-Tanining vaqtinchalik mahkamasi. Ular o‘rtasidagi qarama-qarshilik 2011-yildan beri davom etib kelmoqda.

Vakillar palatasi esa Xalifa Haftar hukumati nazorati ostida faoliyat olib boradi. “Biz ikki qardosh xalqlar, Liviya va Misrni bosqinchilar ustidan g‘alaba qozonish va mamlakatimiz va mintaqamizda umumiy xavfsizlik va barqarorlikni saqlash uchun birgalikda harakat qilishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda. Vakillar palatasi, Misr tomoni “ikki mamlakat xavfsizligiga tahdid solayotganini” ko‘rsa, mojaroga aralashishi lozim, deb hisoblaydi. Avvalroq, Misr prezidenti Sisi mamlakat qurolli kuchlariga Liviya hududiga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rish haqida buyruq bergan edi.

Foto: AP Photo

Liviyadagi mojaroga bugungi kunda Turkiya, Rossiya, BAA, Misr, Fransiya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlar ham aralashmoqda. Jumladan, Turkiya yanvar oyidan buyon Liviya hududida rasmiy tan olingan Milliy kelishuv hukumatini qo‘llab-quvvatlab  Xalifa Haftar qo‘shinlariga qarshi harbiy amaliyotlar olib borayotgan bo‘lsa, Fransiya, BAA, Misr, Saudiya Arabistoni, Rossiya kabi davlatlar Xalifa Haftarni qo‘llamoqda. Liviyada siyosiy inqiroz 2011-yilgi davlat to‘natirishidan buyon davom etib kelmoqda va buning natijasida minglab odamlar o‘z boshpasanidan ayrilib, urush bo‘layotgan hududlardan qochib yurishga majbur bo‘lmoqda.

AQShdagi o‘lim jazosi

O‘tgan hafta boshida, 13-iyul kuni AQShda 2003-yildan buyon ilk bor federal darajadagi o‘lim jazosi ijro etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1996-yilda uch kishidan iborat oilasini o‘ldirgan 47 yoshli Daniel Lyuis Li qatl etildi. U 2003-yildan buyon birinchi bor AQShda federal darajada o‘lim jazosi ijro etiladigan to‘rtta jinoyatchidan biri hisoblanardi. Ularning barchasi bolalarni o‘ldirishda aybdor deb topilgan va belgilangan jazo iyul-avgust oylari amalga oshiriladi.

Jinoyatchi o‘limi oldidan aybdor emasligini ta’kidlagan. AP’ning qayd etishicha, Li ultrao‘nglar guruhi a’zosi bo‘lgan. Qatl qilinishi oldidan: “Men bu ishni qilmaganman. Siz begunoh odamni o‘ldirayapsiz”, degan. Federal darajadagi jinoyatlar uchun (jumladan, giyohvand moddalar, qurol savdosi, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va ularni o‘g‘irlash) o‘lim jazosi tayinlanishi haqida AQSh adliya vazirligi 2020-yil iyun o‘rtalarida ma’lum qilgandi. Iyul va avgust oylarida yana uch jinoyatchiga nisbatan o‘lim jazosi ijro qilinadi.

2003-yildan beri AQShda o‘limga sabab bo‘ladigan inyeksiyalar qoidalarida kelishilmagan jihatlar borligi sababli jinoyatchini qatl qilish jazosi amalga oshirilmay kelayotgandi. Federal darajadagi o‘lim jazolari hukmi chiqarilishi esa davom etayotgandi.

Foto: Reuters

AQShning ayrim shtatlarida ham shtat darajasidagi jinoyatlar uchun o‘lim jazosi tayinlanadi va ijro qilinadi. Death Penalty Information Center ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yilda o‘lim jazosi Alabama, Jorjiya, Tennessi, Florida, Missuri, Janubiy Dakota shtatlarida ijro etilgan. Deyarli barcha mahkumlar (22 nafar) tanaga ineksiya yuborish yo‘li bilan o‘ldirilgan. 2019-yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda 2 600 dan ortiq mahbus o‘lim jazosiga hukm qilingan. Federal doirada esa 62 kishiga shunday jazo turi tayinlangan.

Isyonkor ishchilar

O‘tgan haftada Rossiyaning Amur viloyatida gazni qayta ishlash zavodi qurilishini amalga oshirayotgan “Renessans Xevi Indastris” kompaniyasi ishchilari uch oy davomida maosh olmagani sababli isyon ko‘tardi. Holat aks etgan videoni Baza taqdim etdi. “Renessans Xevi Indastris” kompaniyasi “Gazprom”ning pudratchisi sifatida Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishtirok etmoqda.

Videoda bir guruh ishchilar “Renessans Xevi Indastris” kompaniyasi ofisi eshiklarini tepib, texnikalarni sindirayotgani aks etgan. Shuningdek, videoda “Ur, sindir” degan so‘zlar eshitilgan. Ishchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular uch oydan buyon ish haqini olmayotgani sababli mazkur ishga qo‘l urgan.

Norozilik bildirayotgan ishchilarni tinchlantirish uchun maxsus topshiriqlar bo‘yicha militsiya otryadi jalb etildi. Viloyat prokuraturasi tomonidan ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan xorijlik ishchilarning mehnat huquqining buzilishi bo‘yicha tekshiruv boshlangan. Shu bilan birga, tartibsizlikni yuzaga keltirgan ishchilarga nisbatan “Bezorilik” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi 13-iyul kuni Amur viloyatidagi vaqtinchalik vaxta shaharchasida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida yuz bergan hodisani nazoratga olgan. “Bo‘lib o‘tgan hodisa tafsilotlarini aniqlash hamda O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlari himoyasini ta‘minlash maqsadida voqea joyiga elchixona bosh konsuli yetib bordi”, deyiladi xabarda.

Kadr: Telegram

Rossiyaning Amur viloyati gurbernatori Vasiliy Orlov Renaissance Heavy Industries pudratchi kompaniyasi vakillari hamda Amur gazni qayta ishlash zavodi quruvchilari o‘rtasidagi to‘qnashuvdan keyin ishchilarga turli shakldagi yordamlar taklif qilinganini bildirdi. Orlov 13-iyul kuni zavodga borgan va ishchilar bilan uchrashgan, zavod hududida kompaniya rahbarlari, quruvchilar yetakchilari, huquq tartibot va nazorat organlari xodimlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazilgan.

“Ishchilarga iqtisodiy tomondan ko‘mak taklif qilindi. Ushbu mablag‘ ichiga karantin davridagi kompensatsiya puli va vaxtada olti oy va undan ko‘proq bo‘lganlarga bir martalik maosh miqdoridagi to‘lov ham kiritildi. Renaissance Heavy Industries kompaniyasi ushbu choralar ko‘rilishiga kafil bo‘ldi. Pandemiya davrida ishchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi o‘tkir muammo va quruvchilarda charchoq mavjud. Biz mazkur muammoga yaqin orada barham berilishiga umid qilamiz”, deya Orlov so‘zlarini keltirgan “RIA Novosti”.

Qayd etilishicha, qurilish maydonchasidagi asosiy ishlar tegishli tartibda davom etmoqda va loyihaga, taxminan, 29 ming nafar ishchi jalb qilingan. “Qurilish maydonlarida huquq-tartibot idoralarining xodimlari ham ish faoliyatini davom ettirmoqda”, deyiladi viloyat ma’muriyatining bayonotida. Rossiyadagi maosh bilan bog‘liq xuddi shunday yana bir holat Peterburg shahrida ham yuz berdi. Unda ham o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari o‘z ish haqini talab qilin namoyish o‘tkazgan.

Sankt-Peterburgdagi “Laxta sentr” quruvchilari maoshlarini so‘rab norozilik namoyishi o‘tkazdi, deb yozadi 47News. Ma’lumotlarga ko‘ra, mitingda 500 ga yaqin ishchi ishtirok etgan. Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, norozilik namoyishi ishtirokchilarining aksariyati xorijlik ishchilar bo‘lib, rahbariyatdan o‘zlarining tilida bir qator narsalarni talab qilgan. Jurnalistlarning savollariga esa “maosh”, “aprel”, “may” degan so‘zlar bilan javob qaytarishgan. Mitingga politsiyachilar ham yetib kelgan, biroq ular hech kimni qo‘lga olmagan.

“Barcha ishchilar mehnat qonunchiligiga muvofiq maosh olmoqda. Ishchilarning talablari muhokama qilinyapti, xususan, O‘zbekiston konsuli bilan birgalikda”, deb xabar beradi “Laxta sentr” bosh pudratchisi hisoblanuvchi “Renessans Konstrakshn” kompaniyasi. Bundan tashqari, shu turdagi norozilik aksiyasi 17-iyul kuni Sheremetyevo aeroportining birinchi uchish-qo‘nish yo‘lagidagi qurilish maydonchasida ham bo‘lib o‘tgan. Telegram’dagi Baza kanalining yozishicha, u yerga yuzdan ortiq ishchilar to‘planib, va’da qilingan maoshlarini talab qilgan.

Koronainfo

O‘tgan yilning dekabr oyidan buyon dunyoni titratib kelayotgan COVID-19 pandemiyasi hamon davom etmoqda. Kasallik holatlari juda tezlik bilan o‘sib bormoqda. O‘tgan hafta davomida kasallikka chalinish holatlari bir milliondan ko‘pni tashkil qildi. Xususan, hafta boshida dunyoda kasallikni yuqtirganlar soni 13 milliondan oshgan bo‘lsa, 18-iyulga kelib kasallanganlar soni 14 milliondan oshdi.

Foto: AP Photo

Hafta davomida Braziliyada kasallanganlar soni yana oshib, ikki milliondan ko‘paydi, Hindiston esa kasallikka chalinganlar soni bir milliondan oshgan uchinchi mamlakat bo‘ldi. Kasallik eng ko‘p aniqlangan davlat AQSh bo‘lib turibdi. Mamlakatda mazkur kasallikni yuqtirib olganlar soni 3,5 milliondan ortiqni tashkil qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda Braziliya va Hindiston bormoqda.

Butun dunyoda kasallik qurbonlari soni 605 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda. Bu kasallikka chalinganlarning 4 foizi demakdir. Kasallikdan davolanganlar soni esa 8,6 million, ya’ni 60 foizni tashkil qiladi. Bugungi kunda kasallikdan davolanayotganlar soni 5,2 millionni tashkil qilmoqda.

Jahongir Ostonov tayyorladi.

От qwert.uz