Toshkentdagi “Zarafshon” savdo-ko‘ngilochar markazi yonida sodir bo‘lgan janjal bo‘yicha IIBB munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Zarafshon” savdo-ko‘ngilochar markazi yonida bir guruh yoshlar ishtirokida yuz bergan kelishmovchilik tasvirlangan video tarqaldi. Ushbu videodagi holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB munosabat bildirdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Videodan skrinshot

Ma’lum qilinishicha, holat 2020-yil 26-sentabr kuni soat 15:30 larda Yunusobod tumanidagi “Zarafshon” savdo-ko‘ngilochar markazi yonida sodir bo‘lgan.

Yaqin o‘rtada xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari janjalni ko‘rib, zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan, biroq janjal ishtirokchilari ichki ishlar organlari xodimlarini ko‘rib qochib ketishgan.

“Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, janjal ishtirokchilarining shaxsiga aniqlik kiritilmoqda”, – deyiladi IIBB xabarida.

Ta’kidlanishicha, mazkur holat Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan nazoratga olindi. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan.

Iyun oyida Toshkentdagi kichik halqa yo‘lining Shayxontohur tumanidan o‘tgan, xalq orasida “Archa-ko‘cha” nomi bilan tanilgan qismida bir guruh yoshlar o‘rtasida janjal va pichoqbozlik yuz berishi oqibatida bir yigit vafot etgan va pichoqbozlikka aloqador bir necha shaxs qo‘lga olingandi. Keyinchalik mojaro dorixonadan tushadigan pulni deb kelib chiqqani aytilgandi.