Turkiya Ozarbayjonga Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroda bevosita harbiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Meduza’ning xabar berishicha, bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho‘g‘li ma’lum qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Anadolu
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Turkiya tashqi ishlar vazirligi ushbu bayonotiga munosabat bildirib, “olovga yog‘ quymaslikka” chaqirdi. “Biz barcha mamlakatlarni, ayniqsa, Turkiya kabi sherik davlatlarni urishayotgan tomonlarni o‘t ochishdan to‘xtatish va bu uzoq yillik mojaroni siyosiy va diplomatik vosita orqali tinch yo‘l bilan hal qilishga qaytish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga chaqiramiz” , — degan u.
Eslatib o‘tamiz, Tog‘li Qorabog‘da Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida to‘qnashuvlar 27-sentabrdan beri davom etmoqda. Har ikki mamlakatda ham harbiy holat e’lon qilindi va safarbarlik boshlandi. Ikkala tomon ham bir-birlarini tajovuzda ayblamoqda va o‘zlarining muvaffaqiyatli javob harakatlari haqida xabar berib bormoqda.
Urush boshlangandan so‘ng dastlabki bir necha soat ichida Turkiya Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan, ammo oldinroq to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida rasmiy bayonot berilmagan edi.
Erdo‘g‘on 27-sentabr kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, Turkiya har doimgidek bugun ham Ozarbayjonning yonida ekanini aytgan, shuningdek, “Ozarbayjonga hujum qilgan” Armanistonni qoralab, uni bosib olingan hududlarni tark etishga chaqirgan.
Armaniston 28-sentabr kuni Turkiya Ozarbayjonga janglarda qatnashish uchun mintaqaga o‘z qo‘shinlari, texnika va mutaxassislarini jalb qilganligi haqida ma’lumot bergan. Mamlakatning Rossiyadagi elchisi Vardan Tog‘anyanning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Suriyadan harbiylarni mintaqaga yubormoqda. Armaniston bosh vaziri jahon hamjamiyatidan Turkiyaning Qorabog‘ ishiga aralashuviga yo‘l qo‘ymaslikni so‘radi.
O‘zbekiston Ozarbayjon va Armanistonni harbiy harakatlarni tezda to‘xtatishga hamda mojaroni suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillariga rioya qilgan holda, tinch yo‘l bilan bartaraf etishga chaqirgan.