2020/2021-o‘quv yilida bakalavriat ta’lim shaklida 1-kurs talabalari o‘qishni 12-oktabrdan boshlashadi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Abduvali Xoliqov 29-avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida xabar berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Abduvali Xoliqov

Foto: UzReport

“Oliy ta’limda 2020/2021-o‘quv yilini masofaviy tarzda boshladik. Birinchi kurs o‘quvchilari uchun ham o‘quv yili masofaviy tarzda boshlanadi. Birinchi kursga tavsiya etilgan talabalarning hujjatlari to‘liq rasmiylashtirilib bo‘linganidan keyin, 12-oktabrdan boshlab oliy ta’lim muassasalarida 3 kundan 2 haftagacha tanishuv darslari tashkil qilinadi. Bu tanishuv darslari karantin qoidalariga to‘la amal qilingan holatda auditoriyaga 50 foizdan oshmagan talabalarni kiritib, karantin talablari asosida tashkil etiladi”, – dedi Abduvali Xoliqov.

Ma’lum qilinishicha, talabalar turar joylariga talabalar joylashtirilmaydi. Uzoq hududlardan Toshkentdagi OTMlarga o‘qishga kirgan talabalar uchun o‘sha hududdagi OTMning moddiy texnik-bazasidan foydalangan holda hududdagi yoshlarni yig‘ib, tanishuv darslari tashkil etiladi. Bunda uzoq hududlarga Toshkent shahridagi OTMlar professor-o‘qituvchilari borib, tanishuv darslarini tashkil qiladi. Tanishuv darslari kuniga 2 juftlikdan ortiq bo‘lmagan holda, juftliklar orasida 10 daqiqalik tanaffus bo‘ladi.

“Bu darslarda yangi qabul qilingan talaba oliy ta’lim muassasasi va undagi o‘qituvchilar va dars jadvallari bilan tanishtiriladi. Bu yerda 1-kursga qabul qilingan talabalarning masofaviy ta’lim olish ko‘nikmasini shakllantiramiz”, – dedi Abduvali Xoliqov.

От qwert.uz