Qirg‘iziston hukumatining qaroriga ko‘ra, xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga so‘nggi 72 soat ichida o‘tkazilgan koronavirus infeksiyasi yo‘qligini ko‘rsatuvchi PZR testi natijalari taqdim etilgandan so‘ng Qirg‘izistonga uchadigan samolyot bortiga chiqishga ruxsat etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Vazirlik tomonidan ma’lum qilinishicha, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Qirg‘iziston chegarasini avtomashinalarni o‘tkazish punktlari orqali kesib o‘tishda so‘nggi 120 soat ichida o‘tkazilgan COVID-19 uchun PZR testining salbiy natijalarini taqdim etishi shart.

Tegishli test natijasining talab qilingan muddati obyektiv sabablarga ko‘ra tugagan taqdirda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar borgan joyida PZR testidan o‘tishi kerak bo‘ladi. PZR test natijalari bo‘lmagan taqdirda yoki koronavirusning klinik alomatlar mavjud bo‘lganda Qirg‘iziston hududiga kirish taqiqlanadi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘izistonga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarga Qirg‘iziston tomonining ushbu qarorini inobatga olishni tavsiya qilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 1-oktabrdan boshlab barcha xalqaro avia, temiryo‘l va avtoyo‘l qatnovlarini tiklaydi. Shu sanadan Uzbekistan Airways Toshkent va Bishkek o‘rtasidagi parvozlar sonini ko‘paytiradi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston fuqarolarining Qirg‘iziston hududiga kirishiga 1-sentabrdan boshlab ruxsat berilgan.

От qwert.uz