Sentabr oyining so‘nggi haftasi ham bir qator e’tiborga molik hodisalar bilan yodimizda qoldi. Bugungi dayjestimiz jahon siyosiy maydonida yuz berayotgan yangiliklar haqida — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Tog‘li Qorabog‘dagi nizoga nega befarq bo‘lmaslik haqida

26 yil mobaynida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi kelishuv 27-sentabr yakshanba kuni yana buzildi va ikki qo‘shni mamlakat chegaraviy ixtilof sababli yana bir-birlari bilan qonli to‘qnashuvga kirdi, deb yozadi Moskvada joylashgan Karnegi tahlil markazi. Urushning boshlanishiga ikki muhim tarixiy jihat sabab bo‘ldi.

Foto: Google Photos

Birinchidan, bu ikki davlat 26 yil mobaynida bir-biriga nisbatan qasd olish uchun sabab bo‘ladigan adovatni dilida tugib kelgani bo‘lsa, ikkinchidan, ayni paytda ikki mamlakat uchun ham ochiq nizoga kirish uchun “buyuk tarixiy on” kelgani bilan izohlash mumkin. Ozarbayjon va Armaniston jangga kirgan bir vaziyatda Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi Numan Kurtulmush barcha turkiy davlatlarni Ozarbayjonning tarafini olishga chaqirishga ham ulgurdi.

Tog‘li Qorabog‘dagi hududiy nizo postsovet makonidagi eng og‘riqli va xavotirlanishga asos bo‘lib keldi. Gorbachyovning qayta qurish siyosati amalda bo‘lgan 1988-yilda Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat etno-siyosiy muammoga aylanib ulgurgandi. Rasmiy Kreml esa mazkur vaziyatda nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishda katta muammoga duch keldi. Bir so‘z bilan aytganda, siyosiy mojaroni hal qila olmadi. Natijada mazkur muammo keyinroq Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida qonli urushga sabab bo‘ldi.

1991-yilda mustaqil Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida boshlanib ketgan urush 1994-yilda Rossiyaning taraflarni kelishuvga chaqirishi natijasida o‘z nihoyasiga yetdi. Armaniston jangda g‘olib taraf sifatida e’tirof etildi, Ozarbayjon esa aholisining aksari armanlar bo‘lgan Qorabog‘ hududidan mahrum bo‘ldi. Mojaroning tub ildizi esa hal qilinmay qoldi. Qorabog‘dagi yetti hudud esa armanlar nazoratiga o‘tgan edi.

1994-yildan keyin Ozarbayjon va Armaniston hukumatlari Tog‘li Qorabog‘ borasida bir-birlariga nisbatan keskin so‘z jangi qilib kelgan bo‘lsa-da, mintaqada nisbatan tinchlik hukm surdi. Ozarbayjon ham, Armaniston ham oradagi tinchlik sukunatidan foydalangan holda o‘z harbiy kuchlarini zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan mustahkamlashga harakat qildi.

2016-yilning aprel oyida Ozarbayjon va Armaniston orasida yana ixtilof yuz berdi va bu safar ham Rossiyaning aralashuvi natijasida keng qamrovli ziddiyatning oldi olindi. Biroq ayni paytdagi nizoni oldini olish murakkab. Chunki ozarlar ham, armanlar ham o‘z hukumatlaridan keskin choralar ko‘rishni talab qilib chiqmoqda. Hukumat rahbarlari esa o‘z xalqining agressiv kayfiyati bilan murosa qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Harbiy nizo esa kuchaygandan kuchayib borishi ehtimoli nihoyatda katta.

Foto: Reuters

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida yuzaga kelgan hozirgi vaziyatni ikkita jihat yanada keskinlashtirishi mumkin. Birinchidan, Turkiya hukumati Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Deyarli 30 yil mobaynida rasmiy Anqara Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Qorabog‘ masalasidagi Minsk kelishuvi tarkibida bo‘lib keldi va har safar Ozarbayjonni qurolli nizoga kirmaslikka chaqirdi va rasmiy Bokuni qo‘llab-quvvatladi. Bugun esa vaziyat ancha murakkab va mintaqadagi geosiyosiy vaziyat ham 30 yil avvalgidek emas.

Ikkinchi jihat, AQSh mintaqadagi vaziyatga aralashmaslik siyosatini yuritmoqda. 1998-yilda Vashington Qorabog‘ masalasini ijobiy hal qilishga da’vat qilgan mamlakat sifatida siyosiy maydonga chiqqan edi. Hattoki 2001-yilda Florida shtatining  Ki Uest shahrida Ozarbayjon va Armaniston davlat rahbarlari AQSh vositachiligida uchrashuv o‘tkazdi. Muammo bartaraf qilinganday edi. Biroq 27-sentabrdagi voqeadan so‘ng AQSh hukumati Qorabog‘dagi vaziyat borasida fikr bildirgan eng keyingi mamlakatlardan biri bo‘ldi.

Bu esa AQShning mintaqadagi vaziyatga aralashmasligidan darak. Ustiga ustak Tog‘li Qorabog‘dagi siyosiy vaziyat bu Rossiya va Turkiyaning manfaatlari to‘qnash kelgan navbatdagi mintaqa ham bo‘lib turibdi. Avvalroq Suriya va Liviya borasida ham rus-turk munosabatlari ancha taranglashib qolgandi.

Yevropa Ittifoqi esa Qorabog‘dagi nizoda sezilarli qiziqish bildirmay kelgan edi. 1998-yilda Parij Qorabog‘ masalasida Minsk kelishuvining ishtirokchisi sifatida qatnasha boshlagan bo‘lsa-da, Qorabog‘dagi nizoga juda qiziquvchanlik bilan yondashmadi. Rossiya hukumati esa Qorabog‘dagi vaziyatda vositachi sifatida astoydil harakat qilayotgan bo‘lsa-da, Ozarbayjon ham, Armaniston ham rasmiy Kremlga ko‘p ham ishonqiramay keldi. Bunday vaziyatda esa Moskva mintaqadagi vaziyatni bir o‘zi ayni paytda hal qilishga ojiz.

Armaniston va Ozarbayjon hozircha bir-birlarini hujumni birinchi bo‘lib boshlaganlikda ayblab chiqmoqda. Qorabog‘dagi vaziyat yanada keskinlashib ketadigan bo‘lsa, AQSh ham, Yevropa Ittifoqi ham masalaga aralashishga va Rossiya bilan ixtiloflarini bir chetga surib, bir stol atrofiga yig‘ilishga majbur bo‘lishi mumkin.

Tog‘li Qorabog‘ borasidagi ayrim bilish kerak bo‘lgan jihatlar:

  • Tog‘li Qorabog‘ hududi 4 400 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladi;
  • Hududda xristian dinidagi armanlar va musulmonlar istiqomat qiladi;
  • Sovet Ittifoqi davrida hudud Ozarbayjon tarkibidagi muxtoriyat o‘lkasi sifatida tashkil topdi;
  • Mustaqillik e’lon qilgan hududni Armaniston va ko‘plab davlatlar tan olmay keladi;
  • 1988–1994-yillardagi urush natijasida bir millionga yaqin mahalliy aholi o‘z uylarini tashlab ketgan va 30 mingga yaqin inson halok bo‘lgan edi;
  • Mintaqadagi ayirmachi guruhlar Ozarbayjonga tegishli ayrim hududlarni nazorat qiladi;
  • Turkiya Ozarbayjonni ochiqdan ochiq dastaklab kelmoqda;
  • Armanistonda esa rus harbiy bazalari mavjud

Gonkong masalasi hal bo‘ldi, endi navbat Tayvanga keldimi?

Bundan uch oycha vaqt oldin Xitoy hukumati Gonkongga yangi milliy xavfsizlik haqidagi qonunni qabul qilish vazifasini yukladi va bu ishni a’lo darajada bajardi. Gonkong esa o‘z muxtoriyatining bir qismidan ham voz kechishga majbur bo‘ldi. Hozirda Xitoy o‘z nigohlarini Tayvanga qaratmoqda, deb yozadi The Guardian nashri.

Foto: CIA World Factbook

Ayrim mutaxassislar nazarida, rasmiy Pekin Gonkongdagi vaziyatdan Tayvanga nisbatan siyosatni yuritishda namuna sifatida foydalanishi ham mumkin. Hozircha Tayvan 1949-yilda Xitoyda amalga oshirilgan fuqarolar urushidan so‘ng qo‘lga kiritgan mustaqilligini saqlab kelmoqda. Xitoy esa Tayvanni o‘z nazoratiga olish uchun orolda harbiy amaliyot olib borishiga to‘g‘ri keldi.

XX asrning 90-yillarida oyoqqa turishga urinib yotgan Xitoy uchun Tayvanga qarshi biror-bir harbiy amaliyot o‘tkazishi ehtimolining kamligi, avvalo, Xitoyning zaif iqtisodiyoti bilan izohlanar va Xitoy kommunistik partiyasi rahbariyati dohiy Den Syaopinning tajovuzkorlik siyosatidan tiyilish haqidagi ko‘rsatmalariga amal qilardi. Ammo hozirda Xitoydagi vaziyat o‘zgardi. Xitoy bugunda dunyoning ikkinchi raqamli iqtisodiyoti sifatida tashqi siyosatda tobora tajovuzkor siyosat yuritmoqda, milliy boyligini raqamli texnologiyalardan tortib harbiy qurol yarog‘larni rivojlantirishga qaratmoqda. Qisqacha qilib aytganda, bugungi Xitoy avvalgi zaif Xitoy emas.

Xitoy Ozodlik armiyasining rasmiylari vaqti-vaqti bilan Tayvanni bosib olish haqida iddaolar qilib kelmoqda. Biroq rasmiy Pekin hukumati rahbariyati xalqaro siyosatda Xitoy hukumati har qanday nizolardan tiyilishini, mamlakat endigina maotsizmning qora ko‘lankalaridan qutulib kelayotganini ta’kidlamoqda. Ammo amalda Xitoy hukumati Hindiston bilan chegaraviy nizolar ustida tortishib kelmoqda.

Bundan tashqari, ayni paytda Yaponiya bilan Senkakku orollari, Indoneziya, Filippin, Malayziya bilan ham Tinch okeani mintaqasida chegara borasidagi o‘z iddaolarini e’lon qildi. Jons Hopkins universitetining siyosiy iqtisod professori Xo Fang Xang nazarida, rasmiy Pekin Tayvanni bosib olish haqida hozircha harakat qilmayotgan bo‘lsa-da, Gonkong misolida Xitoyning siyosiy rejalari ancha uzoqni ko‘ra bilgan holda ish qilayotganidan darak.

Foto: EPA

1949-yilda Xitoydagi fuqarolar urushida Maodan mag‘lub bo‘lgan Chan Kay Shi Tayvanga kelib oldi-yu, uzoq vaqt orolda diktatorlik qildi. 1987-yildan boshlangan Tayvan bahori natijasida orol davlatda liberal islohotlar jonlana boshlandi va hozirda Tayvan Osiyodagi kam sonli demokratik davlatlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Tayvan hattoki demokratik islohotlar ortidan bir jinslilar nikohini ham qonuniylashtirdi.

2020-yilda esa Tayvan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda bir qator e’tirofga sazovor bo‘lgan siyosatni amalga oshirdi. Time jurnali bu yil hattoki Tayvan rahbari Say Invenni dunyoning eng ta’sirli yuz siyosatchilaridan biri sifatida e’tirof etdi. Rasmiy Pekin esa so‘nggi paytlarda Xitoy uchun eng muhim maqsad Tayvanni Xitoy bilan yana birlashtirish haqida gapirmoqda.

Natijada Xitoy siyosatchilarining Tayvan borasidagi mulohazalari rasmiy Vashington va Pekin o‘rtasida bir qator nizolarni ham yuzaga chiqardi. Xitoy tarafi esa Tayvanga nisbatan provakatsion siyosat ham yuritmoqda. Tayvan hukumati esa Xitoy rasmiylarini provakatsion siyosatdan voz kechishga va Tayvanning daxlsizligini hurmat qilishga chaqirmoqda.

Xitoy Tayvanni o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun harakat boshlaydigan bo‘lsa, bu Tayvan va Xitoy, bir tarafda AQSh va Xitoy o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

От qwert.uz