Olmaliq shahri hokimi Usmon Rahimovning o‘g‘li Dilshod Ismoilov Toshkentda soatiga 150 kilometr tezlikda mashina haydagani va buning uchun jarimaga tortilgani, u ikki yilda 16 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgani haqida xabar berilgandi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Bloger Nikita Makarenkoning ma’lum qilishicha, Dilshod Ismoilov bezorilik bilan bog‘liq jinoiy ishga ham aralashgan.
Bloger o‘z kanalida bir guruh yoshlar ko‘chada ikki kishini urayotgani aks etgan videoni e’lon qildi. Makarenkoning yozishicha, video va surat unga kanali o‘quvchisi tomonidan jo‘natilgan. O‘quvchining ma’lum qilishicha, hokimning o‘g‘li va uning to‘rt nafar o‘rtog’i mazkur fuqaroga va uning 56 yoshli otasiga hujum qilgan va ularni kaltaklagan. Ular beysbol tayog‘i bilan 56 yoshli erkakning qo‘lini sindirgan.
Videoda Dilshod Ismoilovni yo‘l-yo‘l chiziqli futbolkada ko‘rish mumkin. Rasmda esa uning qo‘lida qurol borligi ko‘rinadi.
Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Toshkent shahar IIBB bu jinoiy ish haqida 2020-yilning 11-iyunida xabar bergan.
Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, voqea 8-iyun kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida yuz bergan. Yashnobod tumanida yashovchi 20 yoshli Mirbosit M., 19 yoshli Elmurod D., 20 yoshli Humoyun A. va Yashnobod tumanida yashovchi 20 yoshli Dilshod I. bezorilik qilib, 56 yoshli Shavkat M va 30 yoshli Laziz M.ga tan jarohatlari yetkazgan.
“Men bu postni adolat qaror topishi va jamiyat uchun xavfli bo‘lgan hokimvachcha uzoq vaqtga jim bo‘lishi, Olmaliq hokimi Usmon Rahimov o‘z o‘g‘li haqida yana yangilik bilishi uchun yozyapman. Ko‘rinishidan, u o‘g‘li haqidagi yangiliklardan faqat OAV orqali xabar topadi”, — deb yozgan Nikita Makarenko.