Buxoro viloyati Shofirkon tumanining “Alisher Navoiy” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Muqimovlar oilasida uch egizak farzand tug‘ildi. Bu haqda Shofirkon tumani hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Shofirkon tumani hokimligi matbuot xizmati
Shofirkon hokimligi matbuot xizmati rahbari Zavqiddin Zoyirovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, bundan bir yarim yil ilgari oila qurgan Og‘abek Muqimov hamda Munavvar Zaripovalar ota-ona bo‘lish baxtiga erishdi. Egizaklar oilaning dastlabki farzandlari bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, egizaklar — ikki o‘g‘il va bir qiz 2020-yilning 5-sentabrida dunyoga kelgan.
Foto: Shofirkon tumani hokimligi matbuot xizmati
“Viloyat perinatal markazining akusher-ginekologlari muddatidan avval tug‘ilgan uch egizakning salomatligini tiklash, ularni oilasi bag‘riga qaytarishda amaliy sa’y-harakatlar olib bordi”, — deyiladi tuman hokimligi xabarida.
Foto: Shofirkon tumani hokimligi matbuot xizmati
Egizaklarning to‘ng‘ichi — Mirziyo 1 kilogramm 100 gramm, o‘rtanchasi — Miromon 1 kilogramm 15 gramm, kenjasi — Saida 1 kilogramm 300 gramm vazn bilan tug‘ilgan. “Bizni quvontirgani, uch egizni dunyoga keltirgan Munavvarda tug‘ruq jarayoni og‘ir kechmadi. Bolalari sog‘lom va har birining og‘irlik vazni ham yashab ketishi uchun yetarli darajada”, — dedi viloyat perinatal markazi tajribali shifokori Nasiba Bahromova. Hozirda ularning vazni ortib, ahvoli kundan kunga yaxshilanmoqda. Ayolning ham salomatligi me’yoriy holatda.
Foto: Shofirkon tumani hokimligi matbuot xizmati
Oila kattalarining bildirishicha, uch egizak — Fatullayev(a)lar tez kunlarda sog‘-salomat oilasi bag‘riga qaytadi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 25-mart kuni Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi Sherzod O‘rinov va Mahliyo Azimovaning oilasida 25-mart kuni uch egizak tug‘ilgandi. Ularga Prezident Shavkat Mirziyoyev sharafiga Shavkat, Miromon va Mirziyo ismlari berilgandi. Keyinroq egizaklarning otasiga Prezident nomidan Cobalt sovg‘a qilingandi.
Shuningdek, 2019-yilning oktabr oyida Buxoro shahrida yashovchi Mirali Ramazonov hamda Hafiza Davronovaning oilasida uch egizak tug‘ilgandi. Chaqaloqlarga Shavkat, Mirziyo va Saida ismlari qo‘yilgandi.