O‘zbekistonda 2021-yil 1-yanvardan boshlab biometrik pasport o‘rniga ID-karta berilishi, fuqarolarning biometrik pasportini ID-kartaga almashtirish 2030-yilgacha 2 bosqichda amalga oshirilishi haqida xabar berilgan edi. Sirdaryo viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi ushbu ID-karta haqida batafsil ma’lumot berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
ID-kartaning old tomoni.
Foto: IIV matbuot xizmati
Qancha muddatda beriladi?
ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan fuqarolarga quyidagi muddatlarga beriladi:
- yangi tug‘ilgan bolaga bir yoshgacha – ikki yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);
- bir yoshdan 16 yoshgacha – 5 yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);
- 16 yoshdan – 10 yil muddatga.
Qat’iy hisobga olinadigan hujjat hisoblanuvchi ID-karta belgilangan namuna bo‘yicha lotin alifbosidagi o‘zbek tilida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun esa ID-karta olish uchun murojaat qilgan fuqaroning xohishiga ko‘ra, lotin alifbosidagi qoraqalpoq yoki o‘zbek tillarida personallashtiriladi.
ID-karta blankasiga qanday ma’lumotlar kiritiladi?
a) hujjatning nomi;
b) ID-karta raqami;
v) ID-karta egasining:
- familiyasi, ismi, otasining ismi;
- tug‘ilgan sanasi;
- fuqaroligi;
- tug‘ilgan joyi;
- jinsi;
- jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
g) ID-kartaning:
- berilgan sanasi;
- kim tomonidan berilgani;
- amal qilish muddati tugaydigan sana;
d) ID-karta egasining raqamli surati.
ID-kartada uning egasining imzosi bo‘lishi shart (16 yoshga yetganidan keyin).
Vazirlik va idoralarning avtomatlashtirilgan tizimlari orqali ID-karta egasining roziligi bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ID-kartaga kiritilgan ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat etiladi.
ID-kartaning orqa tomoni.
Foto: IIV matbuot xizmati
Millat ko‘rsatilmaydi
ID-karta blankasida fuqaro millati haqidagi yozuv bo‘lmaydi.
Amaldagi biometrik pasportdan farqli ravishda 2021-yil 1-sentabrdan joriy etiladigan ID-kartalarning yuza qismida fuqaroning millati ko‘rsatilmaydi. Bu xalqaro talabga ko‘ra, millatchilikka qarshi qo‘llangan yondashuv hisoblanadi.Ushbu ma’lumot ID-karta chipida saqlanadi. Mazkur ID-karta xalqaro talablarga moslab ishlab chiqildi.
Chipga ID-karta egasining quyidagi ma’lumotlari kiritiladi:
- biografik ma’lumotlari;
- millati;
- raqamli surati;
- qo‘l barmoqlarining izlari – 16 yoshga yetganidan keyin;
- elektron raqamli imzo kalitining sertifikati – 16 yoshga yetganidan keyin.
Qonun hujjatlariga muvofiq chipga boshqa ma’lumotlar ham kiritilishi mumkin. Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati ID-kartaning amal qilish muddati davomida haqiqiy hisoblanadi.
ID-kartani qachon olish mumkin?
ID-kartani rasmiylashtirish va berish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
- ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra – bola tug‘ilgandan boshlab 16 yoshga to‘lguniga qadar;
- fuqaro 16 yoshga to‘lganda;
- O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganda yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida tan olinganda;
- ID-kartaning amal qilish muddati tugaganda;
- fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi, jinsi o‘zgarganda;
- ID-kartaga yoki chipga kiritilgan ma’lumotlarda noaniqliklar, xatolar va texnik nuqsonlar mavjudligi aniqlanganda;
- ID-karta yoki chip yaroqsiz holga kelganda;
- ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida;
- ID-karta yo‘qotib qo‘yilganda.
ID-karta egasining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, jinsi o‘zgarganligi yoki ID-kartaga kiritilgan ma’lumotlarda noaniqliklar mavjudligi aniqlanganligi munosabati bilan almashtirilayotganda fuqaro tomonidan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi va ariza kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunida ko‘rib chiqiladi.
ID-karta yo‘qolsa-chi?
Fuqaro ID-kartani yo‘qotgan taqdirda yangi ID-karta belgilangan tartibda ID-karta yo‘qolganligi haqida ariza kelib tushgan kundan boshlab besh ish kunida beriladi.
ID-kartasi bo‘lmagan fuqaro 16 yoshga to‘lganda bir oydan kechikmasdan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga ID-kartani olish uchun murojaat etishi shart. Fuqaro ID-karta olish uchun ma’lumotlarni yig‘ish punktiga quyidagilarni taqdim etadi:
- belgilangan shakldagi ariza-anketa;
- ilgari berilgan pasport yoki ID-karta;
- tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (ID-karta birinchi marotaba rasmiylashtirilayotganda);
- vakolatli organning qarori (ID-karta ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida);
- davlat bojini to‘langanligi haqida kvitansiya (elektron to‘lov tizimlari orqali to‘langanda kvitansiya majburiy emas).
ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan hujjatlar to‘liq qabul qilib olingandan so‘ng bir ish kuni mobaynida beriladi.
Nogironlarga qanday imtiyozlar bor?
O‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar ID-karta olish uchun ma’lumotlarni yig‘ish punktiga shaxsan o‘zlari yoki qonuniy vakillari orqali (og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda) murojaat etganda ID-karta ma’lumotlarni yig‘ish punktining mas’ul xodimi tomonidan o‘n besh kun muddatda ushbu shaxslarni yashash manziliga borgan holda rasmiylashtiriladi va beriladi. Bunda ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, ID-karta 2021-yil 1-yanvardan 2022-yil 31-dekabrgacha ixtiyoriylik asosida (16 yoshga to‘lganda yoki qonunchilikda ko‘rsatilgan boshqa sabablarga ko‘ra) beriladi.
Ikkinchi bosqich – 2023-yil 1-yanvardan 2029-yil 31-dekabrgacha majburiy tartibda almashtiriladi. 2011-yilgi namunadagi biometrik pasportlar 2030-yil 1-yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
ID-kartani rasmiylashtirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizi, ya’ni 198 ming 470 so‘m miqdorida davlat boji undiriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati 2020-yil 6-mart kuni “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qilgandi.