Yaponiyalik 26 yoshli boks murabbiyi Jessi Katayama Perudagi qadimiy Machu-Pikchu shahriga borishni va uni tomosha qilishni orzu qilgan. Yigit 2020-yilning 14-martida Machu-Pikchuning yaqinida joylashgan Aguas-Kalyentes shahriga yetib kelgan. Katayama qadimiy shaharni tomosha qilish uchun 16-mart sanasiga chipta sotib olgan, biroq keyinroq Peru hukumati koronavirus pandemiyasi sababli yodgorlikni yopganini bilgan, deb yozmoqda Meduza  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Instagram / jessekatayama

Chegaralar yopilgani sababli yigit Yaponiyaga qaytib keta olmagan. Katayama Peruda bir necha kun qolishini reja qilib, Aguas-Kalyentesda kichik xonani ijaraga olgan. Yigit bu xonada yetti oy yashadi.

Har kuni Katayama yugurishga chiqqan va Machu-Pikchuni uzoqdan tomosha qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyatdan u xafa bo‘lmagan. Katayama Peru bo‘ylab sayohat qilgan, Putukusi tog‘iga borgan, sharsharalarni tomosha qilgan. Bundan tashqari, Katayama Aguas-Kalyentesda yashovchilar bilan do‘stlashgan, mahalliy bolalar uchun boks darslarini ham o‘tgan.

Foto: Instagram / jessekatayama

Yaponiyalikning puli deyarli tugaganda u uyga qaytishi kerakligini tushungan. Biroq Katayama Machu-Pikchuga kirish umidini so‘ndirmagan. Shundan keyin u sayyohlik kompaniyasiga murojaat qilgan va o‘z tarixini aytib bergan.

O‘z navbatida, sayyohlik firmasi Peru Madaniyat vazirligining yordamini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Shu tufayli Katayamaga yopilgan Machu-Pikchuni tomosha qilish uchun maxsus ruxsatnoma berilgan. Katayama bilan birga qadimiy shaharni aylanish uchun arxeologik kompleks direktori va ikki nafar fotograf yo‘lga chiqqan. Shu tariqa, yaponiyalik sayyoh yetti oy ichida Machu-Pikchuga tashrif buyurgan birinchi sayyoh va shaharni odamlarsiz tomosha qilgan kam sonli kishilardan biri bo‘ldi.

Foto: Instagram / jessekatayama

Katayamaning ma’lum qilishicha, u 16-oktabr kuni Yaponiyaga qaytishni rejalashtirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy aholi bilan xayrlashish og‘ir bo‘ladi. Ba’zi bolalar esa Katayama bilan xayrlashish oldidan uning suratini chizgan va u uchun o‘yinchoqlar yasagan.

Peru hukumati yaqin vaqt ichida Machu-Pikchuni sayyohlar uchun ochishni rejalashtirmoqda, biroq tashrif buyuruvchilar soni odatdagi miqdorning 30 foizini tashkil qiladi. Qadimiy shahar ochilishining sanasi hozircha noma’lum.

От qwert.uz