O‘zbekistonda “propiska”ni onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi

Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tishni onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. Ushbu xizmat Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga (pasport idorasiga) bormasdan propiska olish imkoniyatini beradi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Daryo”

Buning uchun fuqarolar Yagona portaldagi (my.gov.uz) “Fuqarolik” turkumiga o‘tishi lozim. Xizmat orqali ko‘chmas mulk obyektiga egalik huquqi bir shaxsga tegishli bo‘lgan obyektlarga doimiy ro‘yxatga turish mumkin.

Xizmatdan quyidagi toifalardagi fuqarolar foydalanishi mumkin:

  1.  Qonun hujjatlariga muvofiq olingan uy-joyga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari — xususiy mulk qilib olingan uy-joyga.
  2. Toshkent shahrida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar — ular Toshkent shahri va Toshkent viloyatida boshqa manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish masalasi yuzasidan murojaat etgan taqdirda.
  3. Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqarolar — ular Toshkent viloyatida boshqa manzilga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish masalasi yuzasidan murojaat etgan taqdirda.

Xizmat avtomatlashtirilgan va 1 ish kunida taqdim etiladi. Xizmat narxi BHMning 2 foizi miqdorida bo‘lib, u Yagona portal orqali xizmat ko‘rsatilganda dastlabki narxdan 10 foiz arzon.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 21-aprelda Prezident Toshkent shahri va viloyatiga doimiy propiska qilishni soddalashtirish haqidagi farmonni imzolagan. 29-aprelda esa Qonunchilik palatasi deputatlari propiska tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagan, 12-may kuni senatorlar propiska tizimiga kiritiladigan o‘zgarishlarni ma’qullagan. Shavkat Mirziyoyev mazkur qonunni 13-may kuni imzoladi.