Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartib-taomillari turlari qisqartirilganligi hamda soddalashtirilganligi munosabati bilan “O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi, deya xabar bermoqda Norma — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Ma’lum qilinishicha, “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga 21-moddaning “Auditorlik tashkilotlarining professional jamoat birlashmalari” yangi tahriri taklif qilinmoqda. Unda a’zolik tartibi, rahbarlarning vazifalari, ularga talablar belgilanadi. 25-moddaga (Auditor malaka sertifikatini bekor qilish) o‘zgartirishlar kiritiladi. Ular sertifikatni bekor qilish asoslari va tartibini tartibga soladi.
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda 16-modda tibbiyot buyumlarni ishlab chiqarish va ulgurji realizatsiya qilish bo‘yicha, shuningdek, oftalmologiya tibbiy buyumlarining chakana realizatsiyasi bo‘yicha faoliyatni litsenziyalashni bekor qilishga taalluqli 3 va 4-qismlar bilan to‘ldirilmoqda. Bundan tashqari, 21-1-moddani (“Optika” oftalmologiya tibbiy buyumlarini realizatsiya qilish punkti) kiritish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda 3 va 4-moddalarga malaka sertifikatini olish hamda professional jamoat birlashmalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Ushbu qonunni 5-1-modda (Rieltor faoliyati sohasidagi professional jamoat birlashmalari) bilan to‘ldirish taklif qilinmoqda.
Shu bilan birga, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi , “Markaziy bank to‘g‘risida”gi, “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarga, Soliq kodeksiga va boshqalarga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.