Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga tashrif buyurdi va shu yerda kino san’ati faxriylari, rejissorlar, soha mutasaddilari bilan suhbatlashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Kino juda murakkab, xalqimiz, jamiyatimiz uchun muhim soha. Ilgari ‘O‘zbekfilm’ studiyasi xaroba holga kelib qolgandi. Ko‘p joylari, binolari ijaraga berib yuborilgandi. Mana, hammasi o‘z egasiga — kinochilarga qaytarildi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Yetarli e’tibor bo‘lmagani sababli mamlakat kino san’atida turg‘unlik paydo bo‘lgan edi. Faqat yengil-yelpi, tijorat kartinalari yaratilib, soha rivoji dunyodan ortda qolib ketdi”, — deyiladi Prezident matbuot xizmati axborotida.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, keyingi paytlarda e’tibor va rag‘bat berilgani bois kinoasarlar mazmuni o‘zgardi. Xususan, “Imom Termiziy”, “Islomxo‘ja”, “Elparvar”, “Qo‘qon shamoli”, “101”, “Ibrat” kabi tarixiy filmlar ishlandi.

“Oxirgi yillarda yaratilgan kinolarimizning soni kam bo‘lsa ham, ma’nosi bor. O‘zbek tomoshabini faqat chet el teleseriallari ta’siriga tushib qolmasligi kerak, aksincha, tariximiz, san’atimiz, adabiyotimiz, qadriyatlarimizni yaxshi bilishi, shu ruhda tarbiya topishi kerak”, — dedi davlat rahbari.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Kino — tarbiyaning zamini. Bu ijodning maktabini ochishimiz kerak. Hozir mukammal filmlar yaratishga havasimiz bor, lekin sifatlisi kam. Yurtimiz tarixi haqida albatta film bo‘lishi kerak. Bunga vaqt keldi”, — dedi Prezident.

От qwert.uz