1908-yil 28-dekabrda Italiyaning janubiy qismida joylashgan Sitsiliya va Kalabriyada sodir bo‘lgan Messina zilzilasi shu paytgacha Yevropa tarixida yuz bergan eng kuchli zilzilalardan biri edi. 7,1 balli ushbu zilzila natijasida Messina va Regjio Kalabriya shaharlari deyarli butunlay vayrona holatiga kelib qoldi. “Daryo” 75 mingdan 82 minggacha odamning umriga zomin bo‘lgan ushbu zilzila haqida hikoya qiladi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Zilzila qanday sodir bo‘ldi?

1908-yil 28-dekabr taxminan soat 05:20 da magnituda shkalasi bo‘yicha 7,1 ball bo‘lgan dahshatli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzilaning episentri Messina port shahri va Regjio Kalabriyani ajratib turadigan Messina bo‘g‘ozi edi (Geophysical Research Letters Vol. 35, Issue 6, March 2008. “On the cause of the 1908 Messina sunami, southern Italy”).

Foto: Google Photos

Zilzila Messinani deyarli tekislikka aylantirdi. Shahardagi, taxminan, 91 foiz inshoot vayrona holiga kelib qoldi yoki tuzatib bo‘lmaydigan darajada shikastlanishga yuz tutdi. Zilzila ro‘y bergan hudud va unga yondosh shaharlarda 75 mingga yaqin odam halok bo‘ldi. Regjio Kalabriya va Kalabriyaning boshqa hududlari ham katta zarar ko‘rdi, 25 mingga yaqin odam hayotdan ko‘z yumdi. Regjioning uzoq yillik tarixga ega markazi deyarli butunlay yo‘q bo‘lib ketdi.

Zilzila natijasida yer taxminan 30 soniya davomida to‘xtovsiz silkinib turdi, vayronagarchilik 4 300 kilometr kvadrat maydonni egalladi. Tabiiy ofatdan qutulib qolgan yosh shifokor keyinchalik voqealarni shunday eslaydi: “Chuqur sukunatni minglab bomba portlatilganday g‘ayrioddiy shovqin buzdi, so‘ng shiddatli yomg‘ir yog‘ib yubordi. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, keyin u “dahshatli hushtak ovozini” eshitdi va bu tovushni “suvda vishillayotgan minglab qizigan dazmollar” ovoziga o‘xshatdi.

Boshqa omon qolganlar 30–40 soniya davom etgan hodisa davomida uchta har xil harakatlar sodir bo‘lganini xabar qildi: orqaga va oldinga chayqalish, shiddat bilan yuqoriga silkinish, aylanma harakat bilan qimirlash. Qurbonlar sonining ko‘pligi zilzila sodir bo‘lgan vaqt bilan bog‘liq edi. Bu paytda ko‘pchilik uxlab yotgandi va ular o‘z-o‘zidan vayronalar ostida qolib qurbon bo‘ldi.

Zilziladan so‘ng

Tabiiy ofat natijasida shahar aholisi deyarli yarmiga qisqardi. Messina qirg‘oq chizig‘i o‘nglanmas darajada o‘zgardi, chunki uning katta qismi dengizga cho‘kib ketgan edi.

Uylar, cherkovlar, saroylar va tarixiy yodgorliklar, harbiy kazarmalar, savdo, shahar va jamoat binolari butunlay qulab tushdi yoki jiddiy zarar ko‘rdi. O‘g‘il bolalar maktab-internati qulab tushishi natijasida yuzlab o‘quvchilar qurbon bo‘ldi. Ikkita temiryo‘l stansiyasining qulashi natijasida jami 348 xodim halok bo‘ldi.

Foto: Google Photos

Amerika elchixonasi vayronalar uyumiga aylandi. Buyuk Britaniya elchixonasining faqat bayroq osilgan tashqi tomonigina omon qoldi – binoning ichki qismi butunlay vayron bo‘ldi. Amerikalik elchi Artur Cheni va uning rafiqasi Lauralar halok bo‘ldi. Fransuz elchisi va uning farzandlari ham fojia qurbonlariga aylandi.

Britaniyalik vitse-konsulning rafiqasi Etel Ogston turmush o‘rtog‘i ikkalasi qochishga urinayotgan paytda qulab tushayotgan balkon ostida qolib halok bo‘ldi. AQShning sobiq vitse-konsuli va Associated Press agentligining Messinadagi muxbiri Jozef Pirs va uning oilasi zilzila yuzaga keltirgan sunamining qurbonlariga aylandi. Halok bo‘lganlar orasida bir qator taniqli italiyaliklar ham bor edi, ular orasida siyosatchilar, jumladan, Messina bosh prokurori Kressenzo Grill bor edi.

Omon qolganlar jasadlar va jarohat olgan odamlarning yordam so‘rab qichqirayotganlarini ko‘rganlarini tasvirlab berdi. Ko‘chalarda avliyolarning rasmlarini ko‘tarib yurgan yalang‘och tirik qolganlarning iltijoli yurishlari paydo bo‘ldi. Voqea joyidagi qutqaruvchilar arqonlardan foydalangan holda yuqori qavatlar derazalari va balkonlarga yopishib olib, omon qolgan ba’zi odamlarni qutqarishga muvaffaq bo‘ldi.

Xuddi shunday halokatli sahnalar Regjio Kalabriyada ham takrorlandi. Uning tarixiy markazi butunlay vayronaga aylandi va 1783-yildagi zilziladan omon qolgan kam sonli binolardan biri bo‘lgan Aragonis qal’asi katta zarar ko‘rdi. Regjioda atigi 50 ga yaqin uy “omon qoldi”.

Messinadagi fuqarolik kasalxonalari va harbiy kasalxonalar, Regjio Kalabriyadagi barcha fuqarolik shifoxonalari vayronaga aylandi, deyarli barcha shifokorlar va hamshiralar halok bo‘ldi. Tashqi yordam yetib kelgunga va shifoxona chodirlari o‘rnatilgunga qadar ikki shaharda jarohat olganlar uchun tibbiy yordam ham, dori-darmon ham mavjud emas edi. Telegraf liniyalarining uzilishi tashqi dunyo bilan aloqa qilish imkoniyatini kamaytirib yubordi.

Messinaning ko‘pgina amaldorlari, shuningdek, deyarli barcha harbiy qism va garnizon askarlari o‘z kazarmalarining qulab tushishi natijasida halok bo‘ldi. Qamoqxona qulab tushganda omon qolgan mahbuslar shuningsiz ham katta talafot ko‘rgan aholi mol-mulkini va hattoki jasadlarning zargarlik buyumlarini talon-toroj qila boshladi. Regjioda, taxminan, 1 800 mahkum qamoqxona qulab tushishi natijasida halok bo‘ldi.

Foto: Google Photos

Qutqaruvchilar bir necha hafta davomida xarobalardan omon qolganlarni qidirib topdi. Shahardagi binolar zilzilaga chidamli qilib qurilmagan, mayda toshlardan barpo qilingan inshootlar yumshoq tuproqli zaif poydevorlarga tiklangandi. Ko‘plab binolar to‘rt yoki besh qavatli edi.

Zilziladan so‘ng Messina va Kalabriyadagi ko‘plab uysizlar Sitsiliyaning turli qismlariga va Italiyaning materik qismiga ko‘chib ketdi.  Boshqalar, shu qatorda, Messinaning qashshoqlikka uchragan Avinone kvartalida omon qolganlarning aksariyati Amerikaga ko‘chib ketishga majbur bo‘ldi.

“Xotiralarsiz shahar”

1908-yildagi halokatli zilzila va 1943-yilgi Ikkinchi jahon urushi paytida ittifoqchilar tomonidan uyushtirilgan bombardimon sabab tarixiy binolarining kamayib ketgani uchun Messina “xotirasiz shahar” degan nom oldi.

Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.

От qwert.uz